Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” nomli monografiya chop etildi


O'zR FA Sharqshunoslik instituti, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi, “Buxoroyi sharif” jamoat fondi, Mir Arab oliy madrasasi huzuridagi Tasavvuf ilmiy maktabi bilan hamkorlikda FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Komiljon Rahimov muallifligida “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” nomli monografiya “O'zbekiston” nashriyotida o'n ming nusxada chop etildi.

Ushbu monografiya Fan, ta'lim va madaniyat masalalari bo'yicha Islom olami tashkiloti ISESCO tomonidan “2020-yil Buxoro – islom olami madaniyati poytaxti” deb e'lon qilinganligi hamda Xoja Abduxoliq G'ijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Xoja Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligiga bag'ishlangan. 

Ma'lumki, islom sivilizatsiyasining Hijoz, Iroq, Shom, Misr, Xuroson kabi yirik markazlari qatorida qadimiy Movarounnahr ham tasavvuf beshiklaridan biri sifatida mashhur. VIII – IX asrlarda Madina, Basra, Ko'fa va Xuroson zohidlik maktablari bilan bir vaqtda Markaziy Osiyo zohidlik maktabi, shuningdek, IX–XI asrlarda Nishopur, Misr, Damashq va Bag'dod so'fiylik maktablari bilan birga Markaziy Osiyo so'fiylik maktabi ham faoliyat ko'rsatdi. XII asrdan boshlab islom dunyosining turli burchaklarida vujudga kelgan ellikdan ortiq so'fiylik tariqatidan to'rttasi – yassaviya, xojagon-naqshbandiya, kubraviya va ishqiya tariqatlari esa aynan Markaziy Osiyoda vujudga keldi. Mazkur so'fiylik maktablari, oqimlari va tariqatlari orasida xojagon-naqshbandiya tariqati alohida o'rin tutadi.

Yosh sharqshunos va manbashunos, falsafa doktori (PhD) Komiljon Rahimovning mazkur monografiyasida xojagon-naqshbandiya tariqati ildizlari, vujudga kelishi va keng tarqalishi tarixi, ta'limoti asoslari hamda yetti pir – ushbu tariqatning Abduxoliq G'ijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha bo'lgan ilk yetti rahbari hayoti, faoliyati va ta'limoti to'g'risida ilmiy asoslangan ma'lumotlar keltiriladi.

            Yurtimizda garchi xojagon-naqshbandiya tariqati tarixining alohida olingan ayrim davrlari, shuningdek, alohida olingan ayrim namoyandalari, masalan, tariqatning ilk yetti piri hayoti va faoliyati to'g'risida muayyan ishlar amalga oshirilgan bo'lsa-da, haligacha ushbu tariqat tarixi, ta'limoti va vakillari kompleks va tizimli tadqiqotlar ob'ektiga aylantirilmagan. Shu nuqtai nazardan yosh tasavvufshunos Komiljon Rahimovning qo'lingizdagi monografik tadqiqoti xalqimiz ma'naviyati va dunyoqarashining shakllanishida muhim o'rin tutgan xojagon-naqshbandiya tariqatini ilmiy asosda o'rganish ishiga muhim hissa bo'lib qo'shilishi shubhasiz.

Komiljon Rahimov o'zining ushbu tadqiqotida avvalambor xojagon-naqshbandiya tariqati asoschilari – Abduxoliq G'ijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha bo'lgan ilk yetti rahbari hayoti va faoliyatini chuqurroq yoritishni o'z oldiga maqsad qilib qo'yarkan, buning uchun xojagon-naqshbandiya tariqatining vujudga kelishi va yoyilishi tarixi, ushbu tariqat ta'limoti asoslarining, qisqacha va umumiy bo'lsa-da, ilmiy asoslangan aniq kartinasini chizib berishga, buning uchun esa oldin Markaziy Osiyo tasavvufining xojagon-naqshbandiya tariqati vujudga kelguniga qadar bo'lgan davri to'g'risida umumiy sharh berib o'tishga qaror qiladi. Natijada mazkur monografik tadqiqot quyidagi uch fasl ko'rinishida shakllanadi:

Birinchi fasl: Markaziy Osiyo tasavvufi xojagon-naqshbandiyaga qadar bo'lgan davrda.

Ikkinchi fasl: Xojagon-naqshbandiya tariqati.

Uchinchi fasl: Yetti pir.

Komiljon Rahimovning fikricha, xojagon-naqshbandiya tariqati quruq yerda paydo bo'lgan yoki, shu paytgacha tasavvur qilinganidek, to'laligicha boshqa o'lkalardan yurtimizga olib kelingan ta'limot bo'lmasdan, Markaziy Osiyoda uning vujudga kelishi uchun muayyan omillar va shart-sharoitlar mavjud bo'lgan. Tadqiqotchi o'zining ushbu nuqtai nazarini isbotlash maqsadida monografiyaning birinchi faslida Markaziy Osiyo tasavvufining VIII-XI asrlarda, ya'ni, tariqatlar, jumladan, xojagon-naqshbandiya tariqati vujudga kelguniga qadar bo'lgan davrda kechgan tarixi to'g'risida umumiy sharh berib o'tishga, shu orada xojagon-naqshbandiya ta'limotidagi tarkidunyochilik va go'shanishinlikka qarshi kurashish g'oyalarining Markaziy Osiyo tasavvufining oldingi davrlariga ham xos bo'lganligini ko'rsatib berishga uringan. Ushbu urinishning anchagina muvaffaqiyatli chiqqani yaqqol ko'zga tashlanib turibdi. Monografiyaning ikkinchi faslini ham o'zbek tasavvufshunosligidagi yana bir yangilik deb atashimiz mumkin. Bu faslda Komiljon Rahimov tegishli manbalar va tadqiqotlarni chuqur o'rganish asosida xojagon-naqshbandiya tariqati pirlarining irodat silsilalari, tariqatning vujudga kelishi va keng tarqalishi tarixi hamda xojagon-naqshbandiya ta'limoti asoslarining, qisqacha va umumiy bo'lsa-da, nisbatan aniqroq kartinasini chizib berishga muvaffaq bo'lgan. Yetti pir – xojagon-naqshbandiya tariqatining ilk yetti rahbari hayoti va ta'limotiga bag'ishlangan uchinchi fasl ham yetti pir hayoti to'g'risida turli manbalar va adabiyotlardan olingan ma'lumotlarning quruq va tartibsiz yig'indisidan emas, balki shunday ma'lumotlarning chuqur tahliliga asoslangan anchayin aniq ilmiy xulosalardan iborat bo'lgan holda shakllantirilgan. Muallif manbalarga tayangan holda birinchilardan bo'lib xojagon-naqshbandiya tariqatining Abduxoliq G'ijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha bo'lgan ilk yetti pirining tavallud va vafot sanalari, hayoti va faoliyati, ta'limoti va asosiy g'oyalari to'g'risida nisbatan aniq va tizimli ma'lumot bera olgan.

Abduxoliq G'ijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligiga armug'on sifatida amalga oshirilgan ushbu tadqiqot xojagon-naqshbandiya tariqati tarixi va ta'limotini o'rganish ishiga katta hissa bo'lib qo'shiladi, deb umid qilamiz.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!