Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil topganligining – 80 yilligi
2023-yilda Fanlar akademiyasi tashkil topganligiga 80 yil boʻldi. Fanlar akademiyasi Oʻzbekistondagi eng yirik va muhim davlat ilmiy tashkilotidir. Fanlar akademiyasi tegishli ilmiy yoʻnalishlarda keng koʻlamli fundamental va amaliy tadqiqotlar olib boradi. Shuningdek, Respublika uchun ustuvor boʻlgan ilmiy-texnikaviy va innovatsion dasturlarni ishlab chiqadi, oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlaydi, ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etilishini va mamlakatning iqtisodiy, intelektual va maʼnaviy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi yangi yuqori texnologiyalarni amalda qoʻllashni taʼminlaydi. Fanlar akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining doimiy hamda har tomonlama koʻmagi ostida amalga oshirilmoqda.
2017-yilga qadar Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlari soni yildan-yilga qisqarib borar edi. Ilmiy tashkilotlarning binolari taʼmirtalab, moddiy-texnik bazasi oʻta abgor va, bularning natijasi oʻlaroq, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning sifati dunyoning rivojlangan ilmiy markazlarininkidan anchayin tafovutli edi. Ilmiy kadrlar salohiyati sohasida ham jiddiy savollar vujudga kelgan edi. Kadrlar qoʻnimsizligi ham yuqori darajada edi.
2017-yil 17-fevralda “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2789-sonli tarixiy Prezident qarori eʼlon qilindi. Turli vazirlik va idoralar tasarrufiga oʻtkazilgan 10 dan ortiq ilmiy tashkilotlar Fanlar akademiyasi tasarrufiga qaytarildi.
Bulardan tashqari Fanlar akademiyasi tizimida Navoiy boʻlimi, Immunologiya va inson genomikasi instituti, Energetika muammolari instituti, Davlat va huquq institutilari tashkil qilindi.
2018-2022-yillarda Fanlar akademiyasi va boshqa vazirliklarga ularni zamonaviy ilmiy-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash, shuningdek, zarur materiallar va butlovchi qismlar bilan taʼminlash uchun 32,2 mln. dollardan ortiq mablagʻ ajratildi.
Soʻnggi yillarda akademiya faoliyatini takomillashtirish va qoʻllab-quvvatlash, yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash darajasi va sifatini oshirish orqali mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ilm-fanning rolini yanada mustahkamlash va oshirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining bir qator muhim qonunlari, Oʻzbekiston Prezidenti va hukumatining 40 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi. Fanlar akademiyasi faoliyatini tubdan modernizatsiya qilish va takomillashtirish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyevning ilm-fan namoyondalari bilan Prezident administratsiyasida, Oʻsimlik moddalari kimyosi institutida, Yadro fizikasi institutida, Oʻzbekiston Milliy universitetida hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasida boʻlgan uchrashuvlari ham yurtimiz ilm ahli, xususan Fanlar akademiyasi uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Mazkur uchrashuvlar natijasida Oʻsimlik moddalari kimyosi institutida birinchi marta “GMP (Good Management Practice) talablari boʻyicha dori vositalari substansiyalarini ishlab chiqarish texnologiyalarini sinash ilmiy-texnologik markazi” tashkil etildi.
Yadro fizikasi institutida va “Radiopreparat” davlat korxonasida GMP standartlari boʻyicha radiopreparatlar uchun nofaol qoʻshimchalar ishlab chiqarish markazi ishga tushirildi, asosiysi, ularni ishlab chiqarishda GMP talablarini taʼminlandi.
Foton korxonasining yadro reaktori toʻliq demontaj qilindi. Yuqori boyitilgan yoqilgʻi chiqarib tashlandi, gamma nurlantirish qurilmasi yoʻq qilindi. Toʻliq dezaktivatsiya amalga oshirildi va hudud yashil maydonga aylantirildi. Mazkur loyiha Yadro fizikasi instituti tomonidan MAGATE, AQSH energiya departamenti hamda “Rosatom” davlat korxonasi koʻmagida amalga oshirildi.
2018-yil 28–30-oktyabrda Urganchda talabalar oʻrtasida Muxammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika olimpiadasi ilk bor oʻtkazildi. Mazkur olimpiadani oʻtkazish tashabbusini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil sentyabr oyida Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotining ilm-fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi Sammitida ilgari surgan edi. Mazkur xalqaro olimpiadada 58 ta universitetdan 334 ta, jumladan dunyoning 19 mamlakatidan 35 universitet vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida faoliyat yuritadigan Respublika fan va texnologiyalar kengashi tashkil etildi.
Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida Matematika institutning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi.
Botanika va Zoologiya institutlari faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy ilmiy laboratoriya va asbob-uskunalar bilan jihozlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Umumiy va noorganik kimyo institutida “Koʻmir kimyosi va texnologiyasi” yangi ilmiy yoʻnalishi faoliyatini yoʻlga qoʻyildi.
Botanika institutining noyob oʻsimliklar kolleksiyasiga “Oʻzbekiston milliy gerbariysi” maqomi berildi.
Taʼkidlash lozimki, soʻnggi 5 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim vazirligi va iqtisodiyot sohasiga berib yuborilgan bir qator muassasalarni akademiya tizimiga qaytarish natijasida, shuningdek, bir qancha yangi ilmiy muassasalar tashkil etilishi (jami 12ta) munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy muassasalari soni qariyb 1,5 barobar oshdi (23tadan 35taga).
Buning natijasida Fanlar akademiyasining ilmiy salohiyati sezilarli darajada oshdi va olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar yangi sifat darajasiga koʻtarildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 366-sonli qarori asosida Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan tizimga oʻtdi.
Akademiya olimlarning ish haqi 3 marotabadan koʻproq miqdorda (masalan katta ilmiy xodimning oʻrtacha maoshi 2017-yilda 2 100 000 dan 2023-yilda 6 400 000 soʻmgacha), akademiklarning gonorari esa 2 marotabadan koʻproq miqdorda (2017-yilda 1 700 000 dan 2023-yilda 4 100 000 soʻmgacha). Respublikadagi ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlarning maoshlariga 30 (Fan nomzodi va PhD) va 60 (Fan doktorlari) foizgacha ustama haq toʻlash mexanizmi joriy qilindi.
Fanlar akademiyasi akademiklari bir nafar kuzatuvchi bilan birga bir yilda bir marta oʻzlari uchun maqbul boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalarida hamda Yalta va Kislovodsk shaharlaridagi “Oʻzbekiston” kurort-sogʻlomlashtirish aksiyadorlik jamiyatining sanatoriylarida sogʻlomlashtirish kursidan bepul foydalanish yoʻlga qoʻyildi.
Fanlar akademiyasi akademiklari va sobiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining haqiqiy aʼzolari uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 4,22 barobari miqdorida, sobiq Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining muxbir aʼzolari uchun esa — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori 2,81 barobari miqdorida oylik gonorar toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tadqiqotchilariga imtiyozli shartlar asosida 131 ta xonadonlar ajratildi. Jumladan, Xorazm Maʼmun akademiyasi xodimlari uchun Xivada qurilgan yangi uyda 24 ta xonadonlarni imtiyozli shartlar asosida ajratildi.
Natijada Fanlar akademiyasi tizimida ilmiy faoliyatga jalb etilgan ilmiy xodimlar soni sezilarli darajada koʻpaydi (1453 tadan 2831 tagacha).
Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalarining olimlari tomonidan 2017-2023-yillarda olib borilgan ilmiy - tadqiqotlar natijalari asosida ilmiy jurnallarda 10000 dan ortiq ilmiy maqolalar nashr etildi. Shulardan deyarli 30 foizi xalqaro nufuzli ilmiy jurnallarda nashr etildi.
Fanlar akademiyasi tomonidan 2017-2023-yillar davrida ilmiy mahsulotlar eksportining yillik hajmi 5.5-6.0 million AQSH dollarini tashkil etib, yillar kesimida rejalashtirilgan koʻrsatkichlardan 1.5-2.0 foizga oshib bordi.
Fanlar akademiyasida 2 ta noyob ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazi tashkil etildi, ilmiy tashkilotlarda “Tibbiy kimyo va nozik organik sintez”, “Polimerlanishni boshqarishning zamonaviy yondashuvlari”, “Interpolimer komplekslar, nanostrukturali polimer metallokomplekslarni olishning fundamental asoslari”, “Tabiiy biologik xilma-xillik obyektlarini toʻr tizimli xaritalash”, “Inson mikrobiomini tadqiq qilish”, “Kamyob, endem va iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan oʻsimlik va hayvonot olami turlarini genetik markirovkalash”, “Global iqlim oʻzgarishlari: biologik xilma-xillikning holati va uning prognoz modellashtirish” kabi yangi ilmiy yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyildi.
Biologik xilma-xillik haqidagi Konvensiyaning Kartaxena protokolida belgilangan “Milliy muvofiqlashtirish markazi” tashkil etildi.
Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida zamonaviy ilmiy qurilmalar bilan jihozlangan ilmiy-oʻquv Markazi tashkil etildi.
Botanika institutida “Plant Diversity of Central Asia” ingliz tilida chiqariladigan ilmiy jurnali taʼsis etildi.
Mikrobiologiya institutida “AllWellLab” MCHJ bilan xamkorlikda xususiy mablagʻlar, Islom tarakqiyet banki mablagʻlari jalb etgan holda (loyiha qiymati 100 ming AQSH dollari boʻlgan) biotexnologik tadqiqotlar natijasida yaratilgan biopreparatlar ishlab chiqarishga moʻljallangan biotexnologik tajriba laboratoriyasi tashkil etildi.
6 ta yangi biopreparat va 8 ta diagnostikumlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Koʻrilgan ishlar natijasida bir qator muhim ilmiy natijalarga erishildi, jumladan, ilk bor yuqori energiyadagi yadro va yadro toʻqlanishlari natijasida yangi rezonans zarracha hosil boʻlishi dunyoda birinchi marta kashf etildi.
5 jildli “Yadroviy texnologiyalar” kitobi chop etildi.
Respublikamiz sogʻliqni saqlash muassasalari tibbiy radionuklidlar bilan toʻliq taʼminlandi, Rossiya, Germaniya, AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Xitoy, Tailand, Hindiston, Eron, Ukraina kabi davlatlarga radionuklid mahsulotlarini oʻnlab milliard soʻm miqdorida eksport qilish yoʻlga qoʻyildi.
Saraton kasalligining ayrim turlarini davolashda qoʻllash uchun Lyutetsiy-177 radioizotopi asosida dori vositasi ishlab chiqildi.
Oʻzbekistonda COVID-19 maʼlumotlari asosida COVID-19 ning ogʻir shakllarini bashorat qilishning matematik modellari ishlab chiqildi.
150 mingdan ortiq binolarning elektron texnik pasportlari shakllantirildi.
Bentonit gillari kukuni bilan qobiqlab ekish, mazkur gil va mineral oʻgʻitdan tayyorlangan suspenziya bilan bargidan oziqlantirish orqali paxtaning suvsizlikka chidamlililigi va hosildorligi 20 foizgacha oshirildi.
Respublika sanoatini import oʻrnini bosadigan sifatli grafit bilan taʼminlash uchun mahalliy grafit rudalarini flotatsiya yoʻli bilan 90-95% gacha boyitish texnologiyasi yaratildi.
94 ta uzum navi va 32 ta bugʻdoyning navi uchun xalqaro standartlarga muvofiq genetik pasportlari yaratildi.
Markaziy Osiyoda ilk bor toʻr tizimli elektron xaritalash uslubi tadbiq etildi, Surxondaryo viloyatida 63 endemik tur tarqalishi koʻrsatildi.
Qoraqalpogʻiston Ustyurtining 6,7 mln. gektarida tarqalgan 7 ta yaylov tipiga mansub 42 ta yaylov xillarining davlat kadastri tuzildi, ilk bor Qoraqalpogʻiston yaylovlarining elektron-raqamli “Yaylovlar xaritasi”, “Yaylovlardan mavsumiy foydalanish xaritasi”, “Yaylovlar sigʻimi xaritasi” ishlab chiqildi.
50 ga yaqin arab, fors va turkiy tillardagi manbalar oʻzbek tiliga izohli tarjima va asl matn shaklida ilmiy istifodaga kiritildi. Abu Rayhon Beruniyning 1050-yilligi munosabati bilan nashr qilingan alloma “Tanlangan asarlar”ining 9 jildi, 2 ta asarining arab va fors tillaridagi asliyati shular jumlasidandir.
“Fargʻonaning qadimgi shaharlari va ularning Markaziy Osiyo tarixida tutgan oʻrni”, “Soʻx qadimda va oʻrta asrlarda” oʻquv qoʻllanmalari chop etildi.
“Oʻzbekiston sanʼati tarixi (qadimgi davr, oʻrta asrlar, hozirgi zamon)” kitobi oʻzbek, rus va ingliz tillarida chop etildi.
Husayn Voiz Koshifiyning fors tilidagi “Mavohibi Aliya” tafsirining avtograf nusxasi (XV asr) faksimilesi chop etildi.
“Konstitutsionnыe reformы: opыt stran mira” kitobining 3 ta jildi chop etildi.
“Oʻzbekiston ikkinchi jahon urushi davrida” uchinchi kitob-albom chop etildi.
Oʻzbek arxeologlari ham izlanishlarida muhim kashfiyotlar qilindi. Bilamizki, Fargʻona vodiysida oʻtroq dehqonchilik va koʻchmanchi chorvadorlik ilk bor bundan kamida 3 ming yil oldin yoʻlga qoʻyilgan. Bu madaniy mintaqa qadimgi xalqlarning koʻchishlari, bosqinlar, yer qimirlashlar, saltanatlarning tashkil topishi va sivilizatsiyalarning shakllanishi bosqichlarini oʻz boshidan kechirgan. Uzoq oʻtmish toʻgʻrisida yozma manbalardan tashqari negiz maʼlumot beradigan manbalar – arxeologik yodgorliklardir. Ularni asrash, tadqiq etish va keng targʻib etish orqali jamiyatimizni yetuk darajalarga koʻtarishda oʻrni tengsizdir. Bu jihatdan Fargʻona vodiysining eng yirik arxeologik esdaligi – Axsikent xarobalari muhim ahamiyatga egadir.
Qadim Fargʻona vodiysi madaniy-arxeologik merosining durdona namunasi boʻlgan Axsikent yodgorligida ochiq osmon ostida muzeyni tashkil qilish uchun avvalo YUNESKOning talablaridan kelib chiqib, ushbu esdalikning qoʻriqlash tegrasi aniqlandi. Tevaragi zamonaviy panjaralar bilan oʻrab olindi. Shundan keyin Axsikent yodgorligida avvalgi yillarda oʻzbek arxeologlari tomonidan oʻrganilgan obyektlardan 10 tasi tanlab olinib, ochiq osmon ostida muzeyga tayyorlandi. Ushbu 10 ta obyektda qadimgi Fargʻona kenti, yaʼni Axsikent shaharining 1,5 ming yillik tarixi, mahobatli qurilish qoldiqlari, oʻz zamonasining buyuk olimlari, muhandislari va qoʻli gul ustalari tomonidan qurilgan inshootlar hamda murakkab yerosti kommunikatsiyalari namoyish etilgan.
Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumani hududida Oʻtmishga sayohat majmuasi asosan Arxeologiya muzeyi, xalqaro festival oʻtkaziladigan amfiteatr va hunarmandlar rastalaridan iboratdir. Bu majmua Axsikent arxeologiya parkining qoʻriqlash tegrasida oʻrnashgan. Arxeologiya muzeyida qadimgi shaharlar, ularning qalʼalari, muxtasham binolari, ibodatxonalari, yerosti suv tizimarining maketlari, Axsikent va uning tevaragida topilgan osori-atiqalar namoyish etiladi. Shu bilan birga, muzeyga kirgan sayyoh qadimgi Fargʻonaliklarning kundalik hayoti, turmush tarzi va dunyoqarashi bilan bogʻliq maʼlumotlarga ega boʻladi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan davlat tili – oʻzbek tilining nufuzi va mavqeini yanada oshirish, yurtimizda shakllangan xolis til siyosatini yanada takomillashtirish borasidagi ishlarning koʻlami va salmogʻi kundan kunga oshib bormoqda. Bunda Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlarining jiddiy va muntazam saʼy-harakatlarining natijalari ham alohida oʻrin tutadi. Ular tomonidan oʻzbek tilining 80 mingdan ortiq soʻz va soʻz birikmalari, fan, texnika, sanʼat va madaniyat sohalariga oid terminlar, shevaga xos soʻzlar, ayrim tarixiy va eskirgan soʻzlarni oʻz ichiga olgan oʻzbek lotin yozuvidagi 6 jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” nashrga tayyorlanib, chop etildi va keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Oʻzbek tilining muhtasham soʻz boyligini namoyish etuvchi 2 jildli “Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati” nashrdan chiqdi. Oʻzbek tilining imlo qoidalari asosida oʻzbek tilining katta va oʻquv imlo lugʻatlari tayyorlandi va keng ommaga taqdim etildi. Oʻzbek tilining ifoda imkoniyatlarini koʻz-koʻz qiluvchi “Oʻzbek tilining frazeologik lugʻati” chop etildi. Xalqimizning turmush tarzi, urf-odatlari va qadriyatlarini yorqin ifodalaydigan, uning teran va oʻziga xos milliy-lisoniy idrokini aks ettiradigan soʻz va iboralar jamlangan “Oʻzbek xalq soʻzlari” lugʻati yaratildi.
Institutning adabiyotshunos olimlari tomonidan Alisher Navoiyning 10 jildli “Mukammal asarlari toʻplami” nashrga tayyorlandi va nashr etildi, 4 jildli “Navoiy qomusi” tayyorlanib, chop etilish arafasida turibdi. Hozirgi oʻzbek adabiyotshunosligining dolzarb masalalari yoritilgan 2 jildli “Globallashuv: badiiy talqin, zamon va qahramon” fundamental tadqiqoti yaratilib, nashr etildi. Institut folklorshunoslari tomonidan dostonlar, xalq qoʻshiqlari, ertaklar, terma, afsona, rivoyat, askiya, lof, latifa va xalq ogʻzaki poetik ijodining boshqa janrlarini oʻz ichiga olgan 100 jildli “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” nashrga tayyorlanmoqda, bu ulkan va qiyossiz boylikning30 jildi chop etilib, kitobxonlar qoʻliga yetib bordi.
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti asosiy fondi qoʻlyozmalarining 25000 dan ortiq asarlar tavsifini oʻz ichiga olgan elektron katalogi yaratildi va ishga tushirildi.
Soʻnggi yillarda Fanlar akademiyasining Rossiya Fanlar akademiyasi, Belarussiya va Qirgʻiziston Milliy Fanlar akademiyasi, Xitoy Fanlar akademiyasi, Moʻgʻuliston, Tojikiston, Isroil Fanlar akademiyasi kabi yirik ilmiy muassasalar bilan xalqaro ilmiy-texnik aloqalari sezilarli darajada mustahkamlandi. Fanlar akademiyasi “Bir belbogʻ, bir yoʻl” tashabbusi doirasida xalqaro ilmiy tashkilotlar alyansining taʼsischilaridan biriga aylandi.
“Kurchatov instituti” Milliy tadqiqot markazi bilan ilmiy hamkorlik shartnomasi asosida keng qamrovli tadqiqotlar amalga oshiririlmoqda.
Shuningdek, Fanlar akademiyasining xalqaro tadqiqot markazlari bilan ikki tomonlama aloqalari kengaydi, dori ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston-Xitoy markazi ochildi, qator institutlarda qoʻshma Oʻzbekiston-Xitoy ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda.
Fanlar akademiyasi YUNESKO, MAGATE, MAAN va TWAS xalqaro tashkilotlari, Rossiya, Ukraina, Belorussiya, MDH va boshqa mamlakatlar, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarning Fanlar akademiyalari bilan samarali ijodiy aloqalar oʻrnatgan. Fanlar Akademiyasi Ilmiy-tadqiqot institutlari xorijiy mamlakatlarning bir qator yetakchi ilmiy markazlari va tashkilotlari bilan ikki tomonlama aloqalarni oʻrnatgan.
Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarini toʻgʻridan-toʻgʻri davlat byudjetidan moliyalashtirishga oʻtkazilishi, stajyor-tadqiqotchilar instituti tashkil etilishi, olimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, uy-joy bilan taʼminlash borasidagi qoʻllab-quvvatlashlaringiz, yordamingiz uchun Akademiya tizimida faoliyat yuritayotgan har bir ilmiy xodim nomidan, har bir yosh olim nomidan shaxsan cheksiz minnatdorchilik va yuksak ehtiromimni bildiraman. Oʻylaymizki, bu eʼtiboringiz kelajakda mamlakatimiz ilm-fani, xalqimizning intellektual salohiyati rivojlanishiga xizmat qiladi.
Fanlar akademiyasi prezidenti
akademik, B.S.Yuldashev