Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi
282-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Ustav Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining (keyingi oʻrinlarda — Fanlar akademiyasi) maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari, Fanlar akademiyasi aʼzolarining huquqlari va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Fanlar akademiyasi mamlakatning ilm-fan, texnika, madaniyat va maʼrifat sohalarida fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni (keyingi oʻrinlarda — ilmiy tadqiqotlar) muvofiqlashtiruvchi va amalga oshiruvchi yetakchi davlat ilmiy tashkiloti hisoblanadi.
3. Fanlar akademiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, ushbu Ustavga amal qiladi.
4. Fanlar akademiyasining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari va ushbu Ustavga muvofiq oʻzini oʻzi boshqarish va takomillashtirish tamoyillari asosida amalga oshiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Fanlar akademiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi) oʻz vazifalarini amalga oshirish jarayonidagi dolzarb va ustuvor muammolarni hal etishda qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha belgilangan tartibda takliflar kiritish huquqiga ega.
6. Fanlar akademiyasi, uning Qoraqalpogʻiston mintaqaviy boʻlimi (keyingi oʻrinlarda — mintaqaviy boʻlim), viloyatlardagi hududiy boʻlimlari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlimlar), ilmiy tashkilotlari va tizimidagi tashkilotlar (keyingi oʻrinlarda — tizim tashkilotlari) oʻzining ustavida belgilangan maqsadlarga mos keladigan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
7. Fanlar akademiyasi oʻz tizim tashkilotlari mol-mulklariga, ular tomonidan yaratilgan intellektual mulk obyektlariga (ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari, “nou-xau”lar, ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, urugʻchilik, dasturiy mahsulotlar va shu kabilarga) belgilangan tartibda egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etish huquqiga ega.
Bunda mazkur faoliyat bilan bogʻliq maʼlumotlar Fanlar akademiyasi tomonidan doimiy ravishda yuritiladigan maʼlumotlar bazasida aks ettiriladi hamda undan tadqiqotlar oʻtkaziladigan ilmiy tashkilotlar foydalanish huquqiga ega boʻladilar.
8. Fanlar akademiyasi oʻz tizim tashkilotlariga yuklangan funksiyalar va vazifalarning samarali bajarilishi uchun masʼul hisoblanadi.
9. Fanlar akademiyasi oʻz faoliyati boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga har yili hisobot beradi.
10. Fanlar akademiyasi, uning tizim tashkilotlari yuridik shaxs hisoblanadi hamda oʻzining mustaqil balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan, tashkilot nomi yozilgan muhrga, boshqa zarur muhr va shtamplarga, bank hisobvaraqlariga, jumladan, valyuta hisobvaragʻiga ega boʻladi.
11. Fanlar akademiyasining joylashgan joyi (pochta manzili): Toshkent shahri, akademik Yahyo Gʻulomov koʻchasi, 70-uy, 100047.
12. Fanlar akademiyasining rasmiy nomi:
davlat tilida — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi;
rus tilida — Akademiya nauk Respubliki Uzbekistan;
ingliz tilida — Uzbekistan Academy of Sciences.
2-bob. Fanlar akademiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari
13. Fanlar akademiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
fizika-matematika, texnika, tabiiy, tibbiyot va biotexnologiya, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy-gumanitar ilm-fan sohalarida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish;
ilm-fanni taʼlim va ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish;
iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda, ilm-fan va texnologiya rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlari, davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
respublika iqtisodiyoti uchun jahon va mamlakat ilm-fan yutuqlaridan foydalanishga oid tavsiyalar ishlab chiqish;
xorijiy davlatlarning ilmiy tashkilotlari va jamgʻarmalari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, xalqaro grantlarni jalb qilish, xalqaro ilmiy forum va anjumanlarni tashkil etish va oʻtkazishda qatnashish;
mamlakatimiz ilm-fani, ilmiy salohiyati, fan-texnika sohasida erishilgan yutuqlarni targʻib qilish va ommalashtirish;
ilmiy tashkilotlarda faoliyat yuritish jozibadorligini oshirish orqali yosh kadrlar oqimini taʼminlash hamda yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlashda ishtirok etish.
14. Fanlar akademiyasi oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) fizika-matematika, texnika, tabiiy, tibbiyot va biotexnologiya, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy-gumanitar ilm-fan sohalarida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha:
ilm-fan, texnika va innovatsion rivojlanish sohasida ilmiy loyihalarni amalga oshirishni oʻz vakolati doirasida taʼminlaydi;
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi ilmiy loyihalarni ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etadi;
davlat va jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy-maʼrifiy va maʼnaviy-axloqiy rivojlantirishga yoʻnaltirilgan fizika-matematika, texnika, tabiiy, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi, ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini ishlab chiqadi;
ilmiy faoliyat subyektlari uchun ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlari, noyob ilmiy obyektlardan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tarzda foydalanish bilan bogʻliq zarur shart-sharoitlar yaratadi;
tadqiqotchilar va ilmiy tadqiqot oʻtkazayotgan jamoalarning ilmiy asarlarini tezkorlik bilan eʼlon qilish maqsadida noshirlik faoliyatini amalga oshiradi, Fanlar akademiyasining davriy nashrlarini tayyorlash va chop etish ishlarini taʼminlaydi. Fanlar akademiyasining davriy nashrlari tahririyati tarkibiga xorijiy olimlarni jalb etadi va ularning faoliyatini tashkil etadi;
Fanlar akademiyasi, uning tizim tashkilotlari, Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari, shuningdek, tizim tashkilotlarida ilmiy xodimlar va mutaxassislarning samarali faoliyatini taʼminlaydi, ilmiy tadqiqotlarni tashkil etadi va oʻtkazadi;
b) ilm-fanni taʼlim va ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish boʻyicha:
iqtisodiyotning jadal oʻsib borayotgan yoʻnalishlarida “oliy taʼlim tashkiloti — ilmiy tashkilot — korxona” oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlaydi va takomillashtiradi;
Fanlar akademiyasi, uning tizim tashkilotlari turdosh oliy taʼlim va tarmoq ilmiy tashkilotlari bilan olimlarning avlod almashinuvi uzviyligini, shuningdek, ilmiy tashkilotlar uchun yosh mutaxassislar tayyorlashda hamkorlikni taʼminlaydi;
Fanlar akademiyasining akademiklari va yetakchi olimlari tomonidan sohaviy oliy taʼlim tashkilotlarida maʼruza mashgʻulotlari oʻtkazilishini, fan doktori ilmiy darajasi (DSc) va falsafa doktori (PhD) talabgorlariga hamda magistrlarning ilmiy ishlariga rahbarlikni taʼminlaydi;
Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlari va oliy taʼlim tashkilotlarining fakultetlari bazasida fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazadigan idoralararo ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari va markazlarini tashkil etadi;
davlat muzeylari va koʻrgazmalar, innovatsion va (yoki) ilmiy-texnologik tuzilmalarni (texnoparklar, innovatsion markazlar, innovatsion klasterlar va boshqalar) tashkil etishda va ularning faoliyatini ilmiy-uslubiy qoʻllab-quvvatlashda ishtirok etadi;
ilm-fanning moddiy-texnik bazasi va ijtimoiy taʼminotini rivojlantirishga, ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga, integratsiya mexanizmlarini takomillashtirishga, ilm-fanning innovatsion salohiyatidan samarali foydalanishga doir takliflarni yuqori tashkilotlarga kiritishda tashabbus koʻrsatadi va ularni ishlab chiqishda bevosita ishtirok etadi;
v) respublika iqtisodiyoti uchun ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish uchun takliflar ishlab chiqish boʻyicha:
istiqbolli ilmiy tadqiqotlarning davlat va boshqa ilmiy-texnik dasturlarini;
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlarini (ilmiy-uslubiy ekspertiza va dasturlarni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini asoslash boʻyicha);
ilmiy tashkilotlarning ilmiy tadqiqotlari va innovatsion faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan va belgilangan tartibda jalb etilgan budjetdan tashqari manbalaridan moliyalashtirishning samarali mexanizmlarini;
Fanlar akademiyasi ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini, ular asosida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish istiqbollarini ishlab chiqadi hamda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi;
g) respublika iqtisodiyoti uchun jahon va mamlakat ilm-fan yutuqlaridan foydalanishga oid tavsiyalar ishlab chiqish boʻyicha:
jahon ilm-fani va texnologiya yutuqlarini umumlashtiradi, ulardan foydalanishni tavsiya etadi, ilmiy tashkilotlar faoliyatiga xorijiy hamda ichki investitsiyalar jalb etilishida ishtirok etadi, shuningdek, ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlaydi;
Fanlar akademiyasida yaratilgan ixtirolarni va boshqa intellektual mulk obyektlari oʻz vaqtida patentlanishida, shu jumladan, xalqaro patentlar olishda koʻmaklashadi, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ulardan oʻz faoliyatida foydalanadi va ularning himoya qilinishini taʼminlaydi. Tijorat sirini tashkil etuvchi “nou-xau” va boshqa intellektual mulk obyektlarini himoya qilish uchun tegishli choralarni koʻradi;
iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va ilmiy hajmdor mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga koʻmaklashadi;
mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, maʼnaviy-maʼrifiy intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan ilm-fan yutuqlarini va ilmiy hajmdor texnologiyalarni amaliyotga qoʻllashga doir samarali takliflarni ishlab chiqadi va tegishli tashkilotlarga kiritadi;
d) xorijiy davlatlarning ilmiy tashkilotlari va jamgʻarmalari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, xalqaro grantlarni jalb qilish, xalqaro ilmiy forum va anjumanlarni tashkil etish va oʻtkazishda qatnashish boʻyicha:
xorijiy mamlakatlar ilmiy tashkilotlari va taʼlim tashkilotlari bilan xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikning samarali shakllari hamda yoʻnalishlarini, jumladan, hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshiradi;
ilmiy kadrlarning, shu jumladan, Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari yosh olimlarining xorijdagi yetakchi ilmiy va taʼlim tashkilotlarida oʻqishini va malakasini oshirishni tashkil etishda koʻmaklashadi;
xorijiy ilmiy tashkilot va oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ilmiy tadqiqotlar uchun xorijiy tashkilotlar hamda jamgʻarmalarning xalqaro ilmiy grantlarini jalb etadi;
dolzarb ilmiy-texnik muammolar hamda buyuk mutafakkirlar, mashhur ilm-fan va adabiyot arboblari sharafiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy, ilmiy-texnik kongresslar, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlarni tashkil etish va oʻtkazishda, shuningdek, xalqaro ilmiy jurnallarning tahrir hayʼatlari ishlarida ishtirok etadi;
Fanlar akademiyasi oʻz faoliyatini amalga oshirish uchun turli vaqtincha yoki doimiy komissiyalar, jumladan, ilmiy faoliyat etikasi boʻyicha komissiya, arxiv komissiyasi va boshqalarni tashkil etadi;
e) mamlakatimiz ilm-fani, ilmiy salohiyati, fan-texnika sohasida erishilgan yutuqlarni targʻib qilish va ommalashtirish boʻyicha:
mamlakatimiz va jahonning ilmiy yutuqlari, shuningdek, mutafakkir ajdodlarimizning sivilizatsiyaga qoʻshgan boy ilmiy merosini ommalashtirish orqali ilmiy bilimlarni targʻib qiladi;
Fanlar akademiyasining taniqli olimlar sharafiga va ularning nomi bilan ataluvchi mukofotlarni taʼsis etish boʻyicha belgilangan tartibda yuqori tashkilotlarga takliflar kiritadi va bu mukofotlarni yuksak ilmiy va ilmiy-texnik yutuqlarga erishgan olimlar hamda ijodiy jamoalarga beradi;
ilmiy-tadqiqotlar ishlarining eng muhim yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy kengashlar, jamiyatlar va boshqa birlashmalarni tashkil etadi, ularning samarali ishlashini taʼminlaydi hamda ilm-fanni rivojlantirishda ularning imkoniyatlaridan keng foydalanadi;
Fanlar akademiyasi olimlarining ilmiy yutuqlarini ommaviy axborot vositalari orqali muntazam yoritib boradi;
j) ilmiy tashkilotlarda faoliyat yuritish jozibadorligini oshirish orqali yosh kadrlar oqimini taʼminlash hamda yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlashda ishtirok etish boʻyicha:
ilm-fan va taʼlimning jamiyat hayotidagi nufuzi hamda ahamiyatini oshirish, olimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ilmiy xodimlarning huquqlarini taʼminlashga doir tadbirlarni amalga oshiradi;
Fanlar akademiyasining ilmiy va moddiy-texnik bazasidan foydalangan holda, ilmiy-tadqiqotlar ishlarini tashkil etish va oʻtkazishga fan tarmoqlari boʻyicha yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlashda tarmoq ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlariga koʻmaklashadi;
Fanlar akademiyasi huzuridagi Yosh olimlar kengashi faoliyatini tubdan takomillashtiradi va ularning ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini ishlab chiqadi.
3-bob. Fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishi
15. Fanlar akademiyasining Umumiy yigʻilishi (keyingi oʻrinlarda — Umumiy yigʻilish) uning yuqori boshqaruv organi hisoblanib, Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolaridan hamda ilmiy tashkilotlar direktorlaridan iborat boʻladi.
16. Umumiy yigʻilish ilm-fan rivojlanishining eng muhim masalalari va Fanlar akademiyasi faoliyatini koʻrib chiqish uchun Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan yiliga kamida bir marta chaqiriladi.
Umumiy yigʻilish Fanlar akademiyasi Prezidiumi qarori yoki Umumiy yigʻilish aʼzolarining kamida uchdan bir qismining murojaati, shuningdek, fan yoʻnalishlari boʻlimlarining taklifiga koʻra ular tavsiya etgan masalalarni muhokama qilish uchun ham chaqirilishi mumkin.
17. Umumiy yigʻilish:
ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlarini muhokama qiladi hamda ular boʻyicha zarur tavsiyalar ishlab chiqadi va qabul qiladi;
ovoz berish orqali Fanlar akademiyasi prezidenti, Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib va vitse-prezidentlarni besh yil muddatga saylaydi, shuningdek, ushbu Ustavga muvofiq ularni lavozimidan ozod etish boʻyicha Fanlar akademiyasi Prezidiumiga takliflar beradi;
Fanlar akademiyasining ustavini tasdiqlash, unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
Fanlar akademiyasining xorijiy va faxriy aʼzolarini ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylaydi;
Fanlar akademiyasining yillik hisobotini muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
Fanlar akademiyasi prezidenti, Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib, vitse-prezidentlari va Fanlar akademiyasining mintaqaviy va viloyatlardagi hududiy boʻlimlari rahbarlari (raislari)ning yillik hisobotlarini muhokama qiladi va tasdiqlaydi;
ilm-fanning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yetakchi olimlarning maʼruzalarini eshitadi, muhokama qiladi, tegishli tavsiyalar beradi;
ilm-fan sohasidagi dolzarb ilmiy-tashkiliy masalalarni muhokama qiladi;
ilmiy tashkilotlarni tashkil qilish va ularning faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi;
zarurat boʻlganda, Fanlar akademiyasi faoliyatiga daxldor boshqa masalalarni ham koʻrib chiqadi.
18. Umumiy yigʻilish aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi majlisda qatnashganda va qaror qabul qilish uchun yigʻilishda qatnashganlarning uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda, Umumiy yigʻilish vakolatli boʻladi va uning qarorlari qabul qilingan hisoblanadi.
19. Umumiy yigʻilish qarorlarini bajarish Fanlar akademiyasi, uning tizim tashkilotlari, Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari va xodimlari uchun tavsiya etiladi.
4-bob. Fanlar akademiyasining tarkibi
20. Fanlar akademiyasi faoliyati ilmiy-tarmoq va hududiy tamoyillar boʻyicha tashkil etiladi.
21. Fanlar akademiyasi oʻz haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari, faxriy va xorijiy aʼzolari, shuningdek, tizim tashkilotlarida xizmat qiluvchi ilmiy xodimlari va mutaxassislarini birlashtiradi.
22. Fanlar akademiyasi tarkibiga quyidagilar kiradi:
boshqaruv apparati;
mintaqaviy va hududiy boʻlimlar;
ilmiy tashkilotlar;
Fanlar akademiyasining tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi boshqa tashkilotlar.
23. Fanlar akademiyasining tashkiliy tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Fanlar akademiyasi prezidenti zarurat boʻlganda, Fanlar akademiyasi boshqaruv apparatining tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
24. Fanlar akademiyasi Prezidiumi Fanlar akademiyasi faoliyatini tezkor boshqaruvchi kollegial organ hisoblanadi.
Fanlar akademiyasi Prezidiumi tarkibiga Fanlar akademiyasi prezidenti, Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib, vitse-prezidentlar, mintaqaviy va hududiy boʻlim rahbarlari (Namangan, Samarqand va Termiz shaharlaridagi hududiy boʻlimlar rahbarlari bundan mustasno), Fanlar akademiyasi boshqaruv apparatidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha boʻlimlar (keyingi oʻrinlarda — fan boʻlimlari) boshliqlari, shuningdek, ilm-fan yoʻnalishlaridan jamoatchilik asosida taklif etilgan akademiklar, muxbir aʼzolar kiradi.
Fanlar akademiyasi Prezidiumi tarkibi Umumiy yigʻilish tomonidan besh yil muddatga ochiq ovoz berish yoʻli bilan tasdiqlanadi.
Fanlar akademiyasi Prezidiumi fan boʻlimlari orqali ilmiy tashkilotlarni boshqaradi.
Fan boʻlimiga bevosita Fanlar akademiyasi Prezidiumi aʼzosi hisoblangan boʻlim boshligʻi rahbarlik qiladi. Boʻlim boshligʻi tegishli ilmiy yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari orasidan besh yil muddatga ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
Fan boʻlimlari oʻz tizimidagi ilmiy tashkilotlar faoliyatini koʻrib chiqadi va har tomonlama tahlil qiladi, ularning faoliyat yoʻnalishlari, ilmiy, innovatsion va tashkiliy faoliyati darajasi va samaradorligini muhokama va tahlil qiladi, yillik hisobotlarni tasdiqlaydi.
Fan boʻlimlari mazkur tahlillar asosida ilmiy tashkilotlarning samarali faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolarni aniqlaydi, yangi ilmiy tashkilotlarni tashkil qilish va ularning faoliyatini tugatish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqadi va Fanlar akademiyasi Prezidiumiga Umumiy yigʻilishda koʻrib chiqish uchun takliflar kiritadi.
Fanlar akademiyasi Prezidiumi oʻz qarori bilan fan boʻlimlari huzurida jamoatchilik asosida Hayʼat (keyingi oʻrinlarda — Hayʼat) tuzadi. Hayʼat har oyda bir martadan kam boʻlmagan yigʻilishlarni oʻtkazadi, uning ishiga koʻrilayotgan masalaga tegishli haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolar, soha va oliy taʼlim tashkilotlaridan yirik mutaxassislar taklif etiladi.
Hayʼat tegishli vitse-prezident bilan kelishilgan holda, mavjud boʻlgan ilmiy yoʻnalishlarning eng muhim ilmiy va ilmiy-tashkiliy muammolarini koʻrib chiqishi uchun majlislar tashkil etadi. Majlis yakunlari boʻyicha hisobot Fanlar akademiyasi Prezidiumiga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.
25. Fanlar akademiyasi operativ boshqarish ishlarini amalga oshiruvchi maslahat organi ̶ ilmiy tashkilotlari direktorlarining kengashini (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tashkil etadi. Kengash faoliyati Prezidium tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida belgilanadi.
Kengash raisi bir yil muddatga Kengash aʼzolari tomonidan ochiq ovoz berish yoʻli bilan saylanadi.
26. Fanlar akademiyasi Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib va vitse-prezidentlari huzurida Fanlar akademiyasining ekspertlari va yuqori malakali mutaxassislaridan iborat komissiyalar tuzishi mumkin.
5-bob. Fanlar akademiyasining mintaqaviy boʻlimi va hududiy boʻlimlari
27. Fanlar akademiyasining mintaqaviy boʻlimi va hududiy boʻlimlari hududlarda fan va ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish maqsadida tuziladi.
28. Mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlarga boʻlim rahbari (raisi), uning oʻrinbosari va ilmiy kotibi rahbarlik qiladi.
Mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlar rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari va ilmiy kotiblari Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan besh yil muddatga lavozimga tayinlanadi. Bunda Qoraqalpogʻiston mintaqaviy boʻlimi raisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi.
Mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlar rahbarlari (raislari) (Namangan, Samarqand va Termiz shaharlaridagi hududiy boʻlimlar bundan mustasno) maqomiga koʻra Fanlar akademiyasi vitse-prezidentiga tenglashtiriladi.
Mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlar rahbarlari (raislari) Umumiy yigʻilish qarorlari hamda Fanlar akademiyasi prezidentining buyruqlari bajarilishini taʼminlaydi.
Mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlar oʻz faoliyatini ushbu Ustav va Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tasdiqlangan Qoraqalpogʻiston mintaqaviy boʻlimi va viloyatlardagi hududiy boʻlimlar toʻgʻrisidagi nizomlarga muvofiq amalga oshiradi.
29. Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati uning ilmiy tashkilotlarida amalga oshiriladi.
6-bob. Fanlar akademiyasi aʼzoligiga nomzodlarni saylash tartibi
30. Fanlar akademiyasining muxbir aʼzoligiga 60 yoshgacha boʻlgan fan doktorlari orasidan fanni salmoqli ilmiy ishlari bilan boyitgan, mamlakat iqtisodiyoti va salohiyatini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan taniqli olimlar saylanadi.
31. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) jahon andozalari darajasidagi ilmiy ishlari bilan tanilgan, ilmiy jamoatchilik tan olgan ilmiy maktab yaratgan, ilmiy yutuqlari mamlakat intellektual va iqtisodiy salohiyatini oshirishga salmoqli hissa qoʻshgan va Oʻzbekistonda ilmiy faoliyat yuritadigan Fanlar akademiyasining muxbir aʼzolaridan saylanadi.
32. Ilmiy ixtisosliklar boʻyicha eʼlon qilinadigan oʻrinlar roʻyxati Fanlar akademiyasining tegishli fan boʻlimlarida ilmiy jamoatchilikning keng muhokamasi orqali shakllantiriladi va Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tasdiqlanadi.
Fanlar akademiyasi fan boʻlimlarida ilmiy seminarlar tashkil etiladi, unda muxbir aʼzoligiga va haqiqiy aʼzoligiga nomzodlar haqiqiy aʼzolar ishtirokida taqdimotlar oʻtkazadilar.
Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlar saralash bosqichi va ilmiy maʼruza baholari asosida fan yoʻnalishlari boʻyicha boʻlimlar tomonidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi va ular Umumiy yigʻilish muhokamasiga tavsiya etiladi. Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolarini saylashda muxbir aʼzolar ishtirok etmaydi.
33. Eʼlon qilingan ilmiy sohalar boʻyicha Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarni koʻrsatish huquqi Fanlar akademiyasining tizim tashkilotlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim va tarmoq ilmiy tashkilotlarining ilmiy yoki ilmiy-texnik kengashlariga beriladi.
34. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlar mintaqaviy boʻlim va hududiy boʻlimlar, Fanlar akademiyasi hamda oliy taʼlim va tarmoq ilmiy tashkilotlari ilmiy (ilmiy-texnik) kengash yigʻilishlarida har bir nomzod boʻyicha yashirin ovoz berish yoʻli bilan tavsiya etiladi. Saylovda kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi kerak. Ilmiy kengash yigʻilishida ishtirok etayotgan aʼzolarning koʻpchiligining ovozini olgan nomzod aʼzolikka koʻrsatilgan hisoblanadi.
Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarini taqdim etgan tashkilot belgilangan tartibda Fanlar akademiyasi ilmiy kadrlar boʻlimiga yoʻllanma xati va nomzod boʻyicha bayonnoma nusxasini, koʻrsatilgan nomzodning shaxsiy maʼlumotnomasi, (tarjimai holi) ilmiy va ilmiy-tashkiliy faoliyati aks etgan hujjatlarni taqdim etadi.
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga (akademikligiga) va muxbir aʼzoligiga nomzodlarni Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzolari ham tavsiya etishi mumkin.
Fanlar akademiyasining aʼzoligiga saylov tegishli fan boʻlimlarida oʻtkaziladi.
Boʻlim oʻz vakolatlari doirasida Fanlar akademiyasining aʼzolarini saylashni tashkil qilib, talabgorlarni tavsiflovchi qoʻshimcha hujjatlar bilan tanishadi hamda nomzodlarning ilmiy va tashkiliy faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi.
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklar) va muxbir aʼzolari yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Ovoz berishda haqiqiy aʼzolikka (akademiklikka) faqat haqiqiy aʼzolar (akademiklar) muxbir aʼzolikka esa haqiqiy aʼzolar (akademiklar) va muxbir aʼzolar ishtirok etadi.
Saylangan nomzodlar toʻgʻrisidagi boʻlim qarori Umumiy yigʻilishda aʼzolarning koʻpchiligi ochiq ovoz berishi bilan tasdiqlanadi.
Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzolari ilmiy yutuqlari jahon ilm-fan rivojiga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi ilm-fani, iqtisodiyoti va madaniyati rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan, xalqaro hamkorlik, tinchlik, barqarorlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga salmoqli hissa qoʻshgan xorijiy fuqarolar orasidan saylanadi.
Fanlar akademiyasining faxriy aʼzoligiga kasbiy faoliyati orqali mamlakatimiz ilm-fani, madaniyati, taʼlimi, madaniy qadriyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishiga faol koʻmaklashgan Oʻzbekiston Respublikasi hamda xorijiy fuqarolari saylanadi.
35. Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzolari va faxriy aʼzolari ochiq ovoz berish yoʻli bilan Umumiy yigʻilishda hozir boʻlgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan saylanadi va Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tasdiqlanadi.
36. Fanlar akademiyasining saylangan haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va matbuotda eʼlon qilinadi.
7-bob. Fanlar akademiyasi aʼzolarining huquqlari va majburiyatlari
37. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari quyidagi huquqlarga ega:
Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlarida va oliy taʼlim tashkilotlarida tanlovsiz ilmiy lavozimlarni egallash;
Umumiy yigʻilishda qatnashish, Umumiy yigʻilish va Fanlar akademiyasi Prezidiumida ilmiy va ilmiy-tashkiliy masalalar, Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari), muxbir, xorijiy, faxriy aʼzolarini saylash jarayonida nomzodlarni muhokama qilishda ishtirok etish;
Umumiy yigʻilish tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlar va ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha, shuningdek, fanning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha mamlakatda ilm-fanni rivojlantirish, Fanlar akademiyasining ilmiy kengashlarini tuzish boʻyicha taklif va tavsiyalar berish;
Fanlar akademiyasining ilmiy kengashlari faoliyatida ishtirok etish.
Oʻzbekistonda ishlaydigan Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari belgilangan tartibda gonorar oladilar hamda belgilangan boshqa huquq va imtiyozlardan foydalanadilar.
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari Oʻzbekiston fuqaroligini boshqa davlat fuqaroligiga oʻzgartirganda, belgilangan tartibda Fanlar akademiyasining xorijiy aʼzosi maqomiga ega boʻlishi mumkin.
Fanlar akademiyasining xorijiy va faxriy aʼzolari Umumiy yigʻilish va boshqa tadbirlarda maslahat ovozi bilan qatnashishlari mumkin.
Fanlar akademiyasining xorijiy va faxriy aʼzolari Fanlar akademiyasining rahbar organiga saylanish, Fanlar akademiyasi haqiqiy aʼzoligiga oʻtkaziladigan nomzodlar tanlovida ishtirok etish huquqlariga hamda gonorar va bepul dam olish imtiyozlarga ega boʻlmaydilar.
38. Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari zimmasiga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
ilmiy tadqiqotlarda, tadqiqotlarning ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlarini shakllantirishda ishtirok etish va oʻzi saylangan ilm-fan sohasini (ilmiy ixtisoslik)ning rivojlanishini taʼminlash;
yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash ishlarida, ilgʻor ilmiy maktablarni shakllantirish va rivojlantirishda, shuningdek, oliy va oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlariga, ishlab chiqarish korxonalariga ilmiy-metodik yordam koʻrsatishda bevosita ishtirok etish.
Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir aʼzolari zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
8-bob. Fanlar akademiyasi Prezidiumi aʼzolarini saylash tartibi va ularning lavozim majburiyatlari
39. Fanlar akademiyasi prezidenti akademiyaning haqiqiy aʼzolari orasidan besh yil muddatga saylanadi va Fanlar akademiyasining ilmiy-tashkiliy faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Ayni bir shaxs Fanlar akademiyasi prezidenti lavozimiga ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas.
Fanlar akademiyasi prezidentligiga nomzodlar fan boʻlimlari tomonidan ovoz berish yoʻli bilan tanlanadi. Tanlangan nomzodlar saylov muqobilligini taʼminlash uchun Umumiy yigʻilish byulleteniga yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylash uchun kiritiladi.
Byulletenga kiritilgan nomzodlar Umumiy yigʻilishda muhokama qilinadi va yashirin ovoz berish yoʻli bilan Fanlar akademiyasi prezidentligiga saylanadi. Bunda Umumiy yigʻilish aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi lozim. Umumiy yigʻilish ishtirokchilarining yarmidan koʻpi yoqlab ovoz bergan taqdirda, nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tasdiqlash uchun yuboriladi.
Fanlar akademiyasi prezidenti haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni matbuotda eʼlon qilinadi.
40. Fanlar akademiyasi prezidenti:
Fanlar akademiyasi faoliyatiga va unga yuklangan vazifalarning bajarilishiga umumiy rahbarlik qilib, dolzarb masalalarni hal etadi;
Fanlar akademiyasidagi ishlarning holati uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Umumiy yigʻilish oldida shaxsan javobgarlikni zimmasiga oladi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamda xalqaro maydonda Fanlar akademiyasi nomidan ish yuritadi va uning manfaatlarini himoya qiladi;
Fanlar akademiyasining Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib, vitse-prezidentlari, tizim tashkilotlari rahbarlari (raislari) hamda fan yoʻnalishlari boʻyicha boʻlimlar boshliqlari, Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining lavozim vazifalarini tasdiqlaydi va ushbu vazifalarning bajarilishini nazorat qiladi;
ilmiy tashkilotlar tomonidan ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazilishini, shuningdek, fan yutuqlari va yangi texnologiyalarning oʻz vaqtida amaliyotga tatbiq etilishini nazorat qiladi;
Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarining oliy va oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy ilmiy markazlar va oliy taʼlim tashkilotlari, ishlab chiqarish korxonalari va boshqa tashkilotlar bilan samarali hamkorligi muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi;
Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati, shuningdek, tizim tashkilotlari faoliyatini nazorat qiladi;
Fanlar akademiyasi tizimida ilmiy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlariga rahbarlik qiladi;
Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlarida xodimlarning faoliyati samarali boʻlishiga yordam beruvchi qulay sharoitlar yaratish maqsadida ilmiy jamoalarda ijodiy muhit tashkil etilishini va odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlaydi.
Birinchi vitse-prezident — bosh ilmiy kotib, vitse-prezidentlar, lavozimiga nomzodlar Fanlar akademiyasi prezidentining tavsiyasiga asosan fan boʻlimlarida muhokama qilinadi va Umumiy yigʻilishda ovoz berish yoʻli bilan haqiqiy aʼzolar (akademiklar), muxbir aʼzolar orasidan saylanadi va Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan belgilangan tartibga muvofiq besh yil muddatga lavozimga tasdiqlanadi. Ular lavozimdan Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan Fanlar akademiyasi Prezidiumining qarori bilan ozod etiladi.
Fanlar akademiyasining moliyaviy va xoʻjalik ishlariga Fanlar akademiyasi prezidentining moliyaviy va xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari rahbarlik qiladi.
Fanlar akademiyasi prezidentining moliyaviy va xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
41. Fanlar akademiyasining Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib:
Fanlar akademiyasi tizimida ish yuritishni tashkil qiladi va ijro intizomini mustahkamlashning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy-boshqaruv hujjatlari sifatli tayyorlanishi va ularning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Fanlar akademiyasida amalga oshirilgan ilmiy-tashkiliy faoliyat natijalari boʻyicha tegishli vitse-prezidentlar xizmati tomonidan taqdim etilgan hisobotlarni umumlashtirib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlaydi;
muhim ilmiy masalalarni, shuningdek, yirik iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan koʻp tarmoqli ilmiy, ilmiy-texnik va amaliy dasturlarni shakllantiradi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va yuqori tashkilotlarga taqdim etish, Umumiy yigʻilish hamda Fanlar akademiyasi Prezidiumi majlislarini oʻtkazishda Fanlar akademiyasi prezidentiga koʻmaklashadi.
42. Fanlar akademiyasi vitse-prezidentlari:
tegishli ilmiy yoʻnalishlar boʻyicha vazifalarning bajarilishini tashkil etish uchun shaxsan masʼul hamda tizimidagi ilmiy tashkilotlar holati uchun javobgar hisoblanadi;
oʻzlari rahbarlik qilayotgan fan yoʻnalishlarida boʻyicha davlat dasturlarini shakllantirish, ularning ekspertizasi va monitoringini oʻtkazishni nazorat qiladi, fundamental, amaliy va inovatsion tadqiqotlarning yuqori darajada boʻlishi uchun javob beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Hukumatining hujjatlari va topshiriqlarini hamda Fanlar akademiyasi Prezidiumi va rahbariyatining qaror va buyruqlari hamda topshiriqlari oʻz vaqtida sifatli bajarilishini taʼminlaydi.
43. Fanlar akademiyasi prezidenti boʻlmagan hollarda, uning vazifasi muayyan muddatga Birinchi vitse-prezident — bosh ilmiy kotibga yoki vitse-prezidentlarning biriga vaqtincha yuklanadi.
44. Fanlar akademiyasining Prezidiumi:
Fanlar akademiyasi faoliyatiga taalluqli barcha masalalarni hal etadi, Umumiy yigʻilishning hamda Fanlar akademiyasi prezidentining vakolatiga kiruvchi masalalar bundan mustasno;
Umumiy yigʻilish qarorlari ijrosini tashkil etadi, shuningdek, Fanlar akademiyasi prezidenti funksiyalarining oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishiga koʻmaklashadi;
Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan zaruratga koʻra oyda kamida bir marta chaqiriladi;
qarorlari uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Prezidium majlislarida Fanlar akademiyasi prezidenti boʻlmagan taqdirda, Fanlar akademiyasi Birinchi vitse-prezidenti — bosh ilmiy kotib yoki vitse-prezidentlaridan biri raislik qiladi;
majlisida qaror qabul qilishda ovozlar teng boʻlgan hollarda, Fanlar akademiyasi prezidentining (raislik qiluvchining) ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
9-bob. Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlari
45. Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ishlab chiqarish faoliyati uning ilmiy tashkilotlarida amalga oshiriladi.
Ilmiy tashkilot oʻzining ilmiy-tashkiliy faoliyatini tegishli fan boʻlimlari bilan birgalikda yuritadi.
Fanlar akademiyasi tizimida ilmiy va maʼmuriy lavozimlarni egallashning belgilangan tanlov tartibiga koʻra ilmiy tashkilot direktori lavozimiga Birinchi vitse-prezident — bosh ilmiy kotib hamda Fanlar akademiyasi fan boʻlimlari tavsiyasi bilan Fanlar akademiyasi prezidenti tomonidan 65 yoshdan oshmagan, muhim ilmiy muammolarni hal etish orqali fanni boyitgan yoki fanni rivojlantirishning yangi yoʻllarini belgilash va ilmiy maktab asoslarini yaratish imkonini bergan muhim ilmiy natijalarga erishgan yetakchi va tashkilotchi olimlar — fan doktorlari orasidan mehnat shartnomasi qonunchiligiga muvofiq 5 yil muddatga tayinlanadi hamda uning lavozimni ketma-ket 2-martadan ortiq egallashiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ilmiy tashkilot direktori oʻzi rahbarlik qilayotgan ilmiy tashkilotning faoliyati uchun shaxsan javobgar boʻladi.
Direktor tashkilotda oʻtkazilgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarning mamlakat ustuvor yoʻnalishlariga muvofiqligini taʼminlashga, ilmiy-tadqiqot ishlarining zamonaviy moddiy-texnik bazasini yaratishga, oʻz sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga, oliy taʼlim tashkilotlari va iqtisodiyot tarmoqlari hamda yetakchi xorijiy markazlar bilan hamkorlik ishlarini yoʻlga qoʻyishga masʼuldir.
Ilmiy tashkilot direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (fan doktori yoki fan nomzodi, falsafa doktori (PhD), ilmiy kotibi (fan doktori yoki nomzodi, falsafa doktori PhD) tegishli vitse-prezident hamda Birinchi vitse-prezident — bosh ilmiy kotib bilan kelishilgan holda ilmiy tashkilot direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Ilmiy tashkilotlar direktorlarining hisobotlari har yili tegishli fan boʻlimlarida haqiqiy aʼzolar (akademiklar) va muxbir aʼzolar hamda ilmiy jamoatchilik ishtirokida eshitiladi.
Ilmiy tashkilotning laboratoriya va boʻlim mudirlari, ilmiy tashkilot ilmiy kengashi qarori bilan fan doktorlari (DSc) yoki fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega yetakchi va tashkilotchi olimlar orasidan tanlov asosida direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Ilmiy tashkilotda ilmiy kengash tuziladi.
Ilmiy tashkilotlar ushbu Ustav va Fanlar akademiyasi Prezidiumi tomonidan tasdiqlangan ilmiy tashkilot nizomiga muvofiq ish yuritadilar.
10-bob. Fanlar akademiyasining mol-mulki va uning faoliyatini moliyalashtirish
46. Fanlar akademiyasining mol-mulkini unga operativ boshqarish huquqi asosida biriktirilgan asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar, shuningdek, faoliyati davomida sotib olingan mol-mulk tashkil etadi.
Fanlar akademiyasi mol-mulki boʻlinmasdir, uning taqsimlanishi mumkin emas. Fanlar akademiyasi ruxsatisiz yoki qonunchilik hujjatlariga zid hollarda Fanlar akademiyasining asosiy fondlari va boshqa mol-mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish mumkin emas.
Fanlar akademiyasining mol-mulkidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda foydalaniladi.
Fanlar akademiyasining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdan yoki undan olingan daromadlar hisobidan sotib olingan mol-mulklar alohida balansda hisobga olinadi va Fanlar akademiyasi tomonidan mustaqil tasarruf etiladi.
Fanlar akademiyasining faoliyati quyidagi shakllarda taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi:
ilmiy tashkilotlar xodimlari mehnatiga haq toʻlash, bino va inshootlarni saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarni moliyalashtirish;
davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan ilmiy loyihalar uchun tanlov grantlari;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq jalb qilingan budjetdan tashqari mablagʻlar (tashqi va ichki investitsiyalar, ishlab chiqarilgan mahsulotni va intellektual mulk obyektlarini realizatsiya qilishdan olingan daromadlar, hadya, xayr-ehson, homiylik mablagʻlari va boshqalar);
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
47. Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlariga ish haqi toʻlash, ularni mukofotlash, ularga moddiy yordam koʻrsatishda davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan shart-sharoitlar tatbiq etiladi.
48. Fanlar akademiyasining ilmiy tashkilotlari tomonidan budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlangan xarajatlar smetasi doirasida sarflanadi.
49. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan ilmiy-tadqiqot dasturlari loyihalarining natijalari boʻyicha hisobotlar Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan ilmiy tashkilotlarning intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilik hujjatlariga rioya qilgan holda, Fanlar akademiyasining tanlovlar va ekspertizalarni tashkil etish boʻlimiga (yoki fan yoʻnalishlari boʻyicha tegishli boʻlimlarga) topshiriladi.
Koʻrib chiqilgan hisobotlar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
50. Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarining ilmiy xodimlari va mutaxassislari ushbu tashkilotlarda yaratilgan intellektual mulk obyektlariga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq va belgilangan tartibda mualliflik huquqlariga ega subyektlar hisoblanadi.
51. Fanlar akademiyasi va uning tizimidagi ilmiy tashkilotlar, oʻzlarining budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan turli tashkiliy-huquqiy shakldagi masʼuliyati cheklangan, qoʻshma va innovatsion korxonalar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarini tashkil etish huquqiga ega va bunda korxonaga egalik huquqi qonunchilik hujjatlari doirasida amalga oshiriladi.
Har bir ilmiy tashkilot oʻzi yaratgan ishlanmani belgilangan tartibda tijoratlashtirish va ishlanmani litsenzion kelishuv asosida foydalanishga berish huquqiga ega.
52. Fanlar akademiyasi huzurida ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, yosh olimlarni jalb qilish va strategik ahamiyatga ega ilmiy yoʻnalishlarni barqaror moliyalashtirish hamda ilmiy xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maqsadida Fanlar akademiyasi jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlar, xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik koʻmak mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, xorijiy homiylik xayriyalari, jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Fanlar akademiyasi jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
53. Fanlar akademiyasi huzurida Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Kasaba uyushmasi tashkil etiladi. Kasaba uyushmasi toʻgʻrisidagi nizom Umumiy yigʻilish tomonidan tasdiqlanadi.
11-bob. Yakunlovchi qoida
54. Fanlar akademiyasi, uning tizimidagi ilmiy tashkilotlar va boshqa tashkilotlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq tugatiladi hamda qayta tashkil etiladi.