O始zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog始i 2021-yilning mart oyida, Xalqaro Fanlar akademiyasi assotsiatsiyasi Botanika bog始lari kengashiga a始zolikka kiritish uchun ma始lumotlar taqdim etgan edi.
Toshkent Botanika bog始i Xalqaro Botanika bog始larini himoya qilish (Botanic Gardens Conservation International) tashkilotiga a始zolikka qabul qilindi. Bu jahon botanika bog始lari bilan ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik, o始zaro tajriba almashinuv va salohiyatli ilmiy kadrlar yetishtirish doirasida qo始yilgan dastlabki katta qadam sifatida baholanadi.

Botanic Gardens Conservation International tashkiloti 1987-yilda jahon miqiyosida o始simliklarni himoya qilish maqsadida tashkil etilgan bo始lib, ayni paytda jahonning 100 dan ortiq mamlakatlari botanika bog始larini o始zida jamlagan. Mazkur tashkilot noyob va yo始qolib borayotgan o始simlik turlarini saqlash, introduktsiya qilish, ko始paytirish, biohilma-xillikni saqlashga jamoatchilik e始tiborini jalb qilish va botanika bog始larida ilmiy salohiyatni yanada oshirish bo始yicha faoliyat yuritadi.
Ma始lumot o’rnida, O始zR F袗 Botanika instituti huzuridagi akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bog始i” davlat ilmiy muassasasi sifatida 1950-yilda asos solingan bo始lib, undagi 3 ta ilmiy laboratoriyada 9 ta ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlar faoliyat yuritmoqda. O始tgan bir yil mobaynida 2 ta ilmiy loyihalar doirasida ilmiy xodimlar tomonidan 2 ta monografiya va 17 ta xalqaro jurnallarda maqolalar chop etilgan. Shuningdek, bog始da 2450 dan ortiq o始simlik turlari mavjud bo始lib, ulardan 100 dan ortiq turi O始zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan noyob va yo始qolib borayotgan hamda endemik turlardir.
Kelgusida xalqaro hamkorlik natijasida O始zbek-Xitoy piyozlar bog始ining (Global Allium Garden in Tashkent center) mantiqiy davomi sifatida yovvoyi lolalar va shirachlar bog始ini tashkil etish rejalashtirilgan.