Toshkent Botanika bogʼi xalqaro tashkilotga aʼzo boʼldi

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti huzuridagi akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bogʼi 2021-yilning mart oyida, Xalqaro Fanlar akademiyasi assotsiatsiyasi Botanika bogʼlari kengashiga aʼzolikka kiritish uchun maʼlumotlar taqdim etgan edi.

Toshkent Botanika bogʼi Xalqaro Botanika bogʼlarini himoya qilish (Botanic Gardens Conservation International) tashkilotiga aʼzolikka qabul qilindi. Bu jahon botanika bogʼlari bilan ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlik, oʼzaro tajriba almashinuv va salohiyatli ilmiy kadrlar yetishtirish doirasida qoʼyilgan dastlabki katta qadam sifatida baholanadi.

Botanic Gardens Conservation International tashkiloti 1987-yilda jahon miqiyosida oʼsimliklarni himoya qilish maqsadida tashkil etilgan boʼlib, ayni paytda jahonning 100 dan ortiq mamlakatlari botanika bogʼlarini oʼzida jamlagan. Mazkur tashkilot noyob va yoʼqolib borayotgan oʼsimlik turlarini saqlash, introduktsiya qilish, koʼpaytirish, biohilma-xillikni saqlashga jamoatchilik eʼtiborini jalb qilish va botanika bogʼlarida ilmiy salohiyatni yanada oshirish boʼyicha faoliyat yuritadi.

Maʼlumot o’rnida, OʼzR FА Botanika instituti huzuridagi akademik F.N. Rusanov nomidagi Toshkent Botanika bogʼi” davlat ilmiy muassasasi sifatida 1950-yilda asos solingan boʼlib, undagi 3 ta ilmiy laboratoriyada 9 ta ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlar faoliyat yuritmoqda. Oʼtgan bir yil mobaynida 2 ta ilmiy loyihalar doirasida ilmiy xodimlar tomonidan 2 ta monografiya va 17 ta xalqaro jurnallarda maqolalar chop etilgan. Shuningdek, bogʼda 2450 dan ortiq oʼsimlik turlari mavjud boʼlib, ulardan 100 dan ortiq turi Oʼzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan noyob va yoʼqolib borayotgan hamda endemik turlardir.

Kelgusida xalqaro hamkorlik natijasida Oʼzbek-Xitoy piyozlar bogʼining (Global Allium Garden in Tashkent center) mantiqiy davomi sifatida yovvoyi lolalar va shirachlar bogʼini tashkil etish rejalashtirilgan.