O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi (PhD) Oysara Madaliyeva Alisher Navoiy “Badoye’ ul-bidoya” devonining shoir hayotligi davrida ko‘chirilgan, tarkibi navoiyshunoslikka hozirga qadar noma’lum bo‘lib kelayotgan nusxasini aniqladi.
Alisher Navoiy tavalludning 580 yilligi arafasidan bugungi kunga qadar bo‘lgan davr navoiyshunoslik, xususan, Navoiy lirik merosini o‘rganish manbalar uchun g‘oyat samarali bo‘ldi.
Alisher Navoiy tomonidan tartib berilgan dastlabki devon “Badoye’ ul-bidoya”ning shoir tirikligi chog‘ida ko‘chirilgan bir necha qo‘lyozmalari fanga ma’lum bo‘lib borayotgani quvonarli holdir. Professor H.Sulaymonov ilmiy izlanishlari orqali “Badoye’ ul-bidoya” devonining muallif hayot vaqti kitobat qilingan to‘rtta nusxasi ma’lum edi. So‘nggi besh yillar ichida filolgiya fanlari doktori A.Erkinov, filolgiya fanlari nomzodi A.Turdialiyev va filolgiya fanlari nomzodi S.Boltaboyev kabi olimlar tomonidan ushbu devonning Navoiy vafotiga qadar ko‘chirilgan yana uch nusxasi navoiyshunoslikka olib kirildi.
Shu munosabat bilan hozirda dunyo fondlarida “Badoye’ ul-bidoya” devonining Navoiy ko‘zi ochiqligida ko‘chirilgan yettita qo‘lyozmasi saqlanayotgani aniqlanib, ular ustida turli tadqiqotlar amalga oshirilib kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Eron Islom Respublikasining Mashhad shahrida joylashgan Kitobxonai Ostoni Qudsi tashkiloti o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi. Buning natijasida Eron tomonidan O‘zbekistonga Navoiy devoni elektron nusxasi taqdim etildi.
Navoiyshunos olima Oysara Madaliyeva aniqlashicha, ayni qo‘lyozma “Badoye’ ul-bidoya” devonining 1491-yili kitobat etilgan nusxasi bo‘lib chiqdi. Qo‘lyozma Temuriylar davri mashhur xattoti Darvesh Muhammad Toqiy tomonidan Hirotda ko‘chirilgan ekan. Mazkur ma’lumot navoiyshunoslik uchun katta yangilik bo‘lib, bu qo‘lyozma Navoiy ko‘zi ochiqligida ko‘chirilgan “Badoye’ ul-bidoya” devonining yana bir – sakkizinchi nusxasi sifatida katta ilmiy ahamityaga molik. Muhim jihatlaridan yana biri uning 1491-yili Hirotda kitobat qilinganidir. Mana shu davrda Navoiy Hirotda bo‘lgan va “Badoye’ ul-bidoya” devonining mazkur nusxasini ko‘rgan bo‘lishi ehtimoli katta.
Alisher Navoiy “Badoye’ ul-bidoya” devonining shoir hayotligi davrida ko‘chirilgan sakkizinchi qo‘lyozmasining shu kunlarda aniqlanishi mustaqilligimizning 31 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Aftondil ERKINOV,
filologiya fanlari doktori.