Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi: koʼchmanchi va oʼtroq madaniyatlarning oʼzaro taʼsiri” mavzusidagi xalqaro anjuman


Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazida “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi: koʼchmanchi va oʼtroq madaniyatlarning oʼzaro taʼsiri” mavzusidagi xalqaro anjumani oʼtkazildi. Xalqaro anjuman oʼzbek arxeolog olimi Аbdulhamid Аnarbaevning 75 yillik yubileyi munosabati bilan tashkil etildi. Unda yetakchi soha mutaxassislari, olimning shogirdlari, yosh tadqiqotchilar, xorijlik olimlar oʼz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.

 

 

Аbdulhamid Аnarbaevning ilmiy tadqiqotchilik faoliyati koʼp qirrali boʼlib, tarix va arxeologiyaning turli davrlari va muammolarini yoritishga qaratilgan. Olimning ilmiy faoliyatida Fargʼona tarixi va arxeologiyasi jumladan, Аxsikent yodgorligi muhim oʼrin egallagan. Xususan, yodgorlikda olib borilgan bir necha oʼn yillik qazishmalar natijasida miloddan avvalgi II asr Xitoy manbalarida, milodiy eraning VII-VIII asrlar arab manbalarida tilga olingan qadimgi Fargʼona davlatining poytaxti “Fargʼona” (Yuan) shahri Eski Аxsi (Аxsikent) yodgorligi oʼrnida boʼlganligi, IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Fargʼona-Аxsikat, faqat XI asrning ikkinchi yarmidan boshlab Аxsikat – deb atala boshlaganligi arxeologik va numizmatik materiallar asosida isbotlab berildi.

Ilmiy yoʼnalishlarda katta tajriba va koʼnikmalarga ega ustoz pedagogik faoliyatida ham faol boʼlib, uning rahbarligida koʼplab magistrlar, 3 nafar fan nomzodi va 1 nafar fan doktori ilmiy darajasi himoya qilingan.

Uning ilmiy-pedagogik sohadagi ulkan xizmatlari va ulkan muvaffaqiyatlari, arxeologiya fanini rivojlantirishdagi koʼp yillik samarali va fidokorona mehnati, ilm-fanni ommalashtirish, yosh avlodni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek, jamiyat hayotidagi faolligi hukumat tomonidan eʼtirof etilib, u 2019-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

А. Аnarbaevning ilmiy faoliyati jarayonida 200 ta ilmiy va ilmiy ommabop ishlar nashr etilgan. Xususan, 182 ta ilmiy, 20 dan ziyod ilmiy-ommabop ishlar muallifidir. Ilmiy ishlarning 50 dan ziyodi xorijiy davlatlarda chiqadigan arxeologiya, qadimgi tarix, biosferaga oid nufuzli ilmiy jurnal va toʼplamlarda nashr qilingan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!