Kuni kecha FА Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti laboratoriya mudiri Baxtiyor Rasulovning facebook ijtimoiy tarmogʼidagi sahifasida, shuningdek, bir nechta internet nashrlarida “Ishlayotgan institut kimga halaqit beryapti?” nomli maqola eʼlon qilindi.
Unda maqola muallifi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasi portalida (https://regulation.gov.uz/uz/d/64187) eʼlon qilingan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Fargʼona ilmiy tajriba stantsiyasini tashkil etish toʼgʼrisida”gi Qarori loyihasi boʼyicha oʼz fikrlarini eʼlon qilgan. Qarorga koʼra, FА Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti Fargʼona filiali negizida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Fargʼona ilmiy tajriba stantsiyasini tashkil etish nazarda tutilgan.
Mazkur maqolada keltirilgan eʼtirozlar boʼyicha quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Mazkur qaror Davlatimiz Rahbarining 2022-yil 12-13-may kunlari Fargʼona viloyatiga tashrifi yakunlari boʼyicha tuzilgan Bayonnoma asosida ishlab chiqilgan. Lekin mazkur Bayonnoma Fanlar akademiyasi bilan kelishilmagan.
Muallif iddaosiga koʼra, “Eng ogʼriqli masala, Fanlar akademiyasi bu safar ham oddiy tomoshabin boʼlib turibdi”.
Qaror loyihasi kelishish uchun Fanlar akademiyasiga kiritilgan zahoti Institut Fargʼona filiali yopilishiga qatʼiy qarshi ekanini bildirgan va Qishloq xoʼjaligi vazirligi hamda Fargʼona viloyati hokimligiga vitse-prezident imzosi bilan xat chiqarilgan. Lekin FА eʼtirozlari qabul qilinmagan va hech qanday munosabat ham bildirilmagan.
Shundan soʼng, yuqoridagi xatlarga hech qanday javob boʼlmagach, joriy yil 1-iyulda Qishloq xoʼjaligi vazirligiga Fanlar akademiyasi prezidenti imzosi bilan qayta xat chiqarilgan.
FА tomonidan chiqarilgan xatlarda shunday deyiladi: “Mazkur filialda hozirgi kunda Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari tomonidan yaratilgan ishlanmalarni keng joriy qilish uchun Fargʼona filialidan samarali foydalanib kelinmoqda. Ilmiy–amaliy tadqiqotlar va tajribalar natijalari ilovada keltirilgan.
Jumladan, 2021-yilda Institut olimlari tomonidan yaratilgan gʼoʼzaning Samara, OʼzFА-710, АN-521 va Zamin navlari Fargʼona filiali ekin maydonlarida ekilib, 40 s/ga hosildorlikka erishildi va 12 tonna elita urugʼlik tayyorlandi. Bugʼdoyning Pahlavon navidan 50 s/ga hosil olinib, 96 tonna elita urugʼliklari tayyorlandi va viloyat hududlariga ekilib, 150 mln.soʼm foyda koʼrildi.
Shu bilan birga, soʼnggi paytlarda yengil sanoat, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasida qabul qilingan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumatning koʼplab topshiriqlari ijrosini taʼminlashda mazkur filialning oʼrni katta boʼlib mazkur topshiriqlarni bajarilishi uchun tegishli rejalar qabul qilingan.
Shu munosabat bilan, yuqorida keltirilgan maʼlumotlarga asoslanib Fargʼona viloyati, Bogʼdod tumani, Konizor qishlogʼida joylashgan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti Fargʼona filiali Institut tasarrufida qolishi maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.”
Project.gov.uz normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimida ham Fanlar akademiyasi mazkur qaror loyihasiga qatʼiyan qarshi ekanligini bildirgan.
Shuningdek, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi tajriba dalasining olib qoʼyilishi hamda Doʼrmon tajriba dalasi maydonida uy-joy qurilishi masalasi bir-nechta marta koʼtarilgan va bu boʼyicha rasmiy munosabat bildirilgan (http://academy.uz/news/yosh-olimlar-nimadan-norozi-maqolasida-keltirilgan-vajlar-asoslimi).
Darhaqiqat, maqolada koʼtarilgan masala juda ham oʼrinli va asosli. Аyniqsa, soʼnggi yillarda Davlatimiz Rahbari va Hukumatimiz tomonidan qishloq xoʼjaligi va paxtachalik sohasini rivojlantirish, ekinlarning mahalliy navlarni yaratish, bu boradagi ilmiy-tadqiqotlar koʼlamini kengaytirish borasida qabul qilingan qarorlar ijrosini taʼminlashda albatta, bu yoʼnalishda ilmiy-tadqiqotlarni olib borayotgan olimlar uchun tajriba maydonlari muhim hisoblanadi. Shularni inobatga olgan holda, muallif tomonidan koʼtarilgan masalani qoʼllab-quvvatlaymiz.