O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazida "Genetika, genomika va biotexnologiyaning zamonaviy muammolari" VI respublika ilmiy konferensiyasi o'tkazildi. Konferensiyada nafaqat O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi vakillari, respublikamizdagi oliy o'quv yurtlari, shuningdek, Ukraina va Belorusiyaning bir qator yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari olimlari ishtirok etishdi.
Konferensiyani Markaz direktori o'rinbosari Z.Bo’riyev ochib berdi va bunday tadbirlarning ilm-fan rivojida, shuningdek, ta'lim bilan integratsiyasi, turli mamlakatlar olimlari o'rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishda alohida roli haqida gapirdi. O'zbekiston hukumati ilm-fanni har tomonlama qo'llab-quvvatlashini va uning natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirayotganini ta'kidladi.
Konferensiyada turli xil ekinlar genomikasi va genetikasi, tibbiy genomika va genetika, mikrobiologiya va veterinariya sohasidagi ko'plab masalalar ko'rib chiqildi. Bundan tashqari, konferensiyada amaliy va sanoat biotexnologiyalari masalalari ko'rib chiqildi. O'simlik va mikroorganizmlarning genomikasi, bioinformatikasi va biotexnologiyasining zamonaviy yutuqlari va muammolari, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ko'paytirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan yangi innovatsion biotexnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuni ta'kidlash kerakki, zamonaviy qishloq xo'jaligida turli xil organizmlar genomlarini o'rganish, qishloq xo'jaligi ekinlarining yangi navlarini yaratish uchun molekulyar genetik asoslari, molekulyar markerlarga asoslangan zamonaviy naslchilik usullaridan foydalanish kabi sohalarni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, genomika, proteomika va odamning metabolomikasining rivojlanishi shaxsiylashtirilgan tibbiyotni rivojlantirish uchun asos bo'lib, irsiy kasalliklar patofiziologiyasi haqidagi tushunchalarni kengaytirishi mumkin. Ilm-fanning zamonaviy yutuqlarini qo'llash sanoat, qishloq xo'jaligi va tibbiyot tomonidan ko'tarilgan muammolarni hal qilishning yangidan yangi usullarini izlashga imkon beradi.