Psixologlarning aytishicha, biror odat shakllanishi yoki yo‘qolishi uchun o‘rtacha bir oy vaqt kerak ekan. Muttasil qilinadigan yanglish ishga tana o‘rganib qoladi. Tilda ham shunga o‘xshash holat.
Erkin Vohidov bir maqolasida yozadi: “Eskidan qolgan g‘alati mashhur degan gap bor. Bu mashhur bo‘lgan xato demakdir. G‘alat so‘zining o‘zbek tilida g‘alati shaklida qiziq, ajoyib degan ma’no kasb etgani o‘zi g‘alati mashhurdir”. Chunki g‘alat so‘zi arabchada xato, nuqson, adashish kabi ma’nolarni anglatadi. Unga forscha -i izofasi qo‘shilgan va o‘zbek tilida asliyatdagidan boshqa mazmunni bildiradi. Biror so‘z yoki iborani xato ishlatish ommalashib ketsa va u tabiiy qabul qilinadigan bo‘lib qolsa, endi boshqa yo‘l yo‘q, noiloj rozi bo‘lasiz. G‘alati mashhur ana shu.
O‘rtamiyona – “o‘rtao‘rta” degani
G‘alati mashhur tushunchasini tahrir ilmining ustasi, rahmatli Mahmud Sa’diy domla o‘rtamiyona so‘zi yordamida tushuntirib bergandi. O‘zbekchadagi o‘rta so‘zi forschada miyona bo‘ladi. Lekin biz ikkalasini qo‘shib ishlatamiz. So‘zma-so‘z o‘rtao‘rta degani. Bu xato-ku, bitta so‘zni ikki marta takrorlab nima hojat, deb baqir-chaqir qilgandan esa foyda yo‘q.
O‘rtamiyona o‘rta darajadagi; o‘rtacha ma’nosida ishlatiladi. Ba’zi o‘rinlarda bu so‘zdagi ma’no nozikliklarini uning ma’nodoshlari ifodalay olmaydi. Masalan:
O‘rtamiyona asar – o‘rtacha darajadagi, e’tiborga uncha arzimaydigan, iliq-miliq asar. Bu o‘rinda o‘rtamiyona so‘zida biroz nazarga ilmaslik, mensimaslik yoki tavsiya etmaslik mazmuni ham yashiringan. Uning o‘rniga o‘rtacha yoki o‘rta darajadagi so‘zlarini qo‘yish bu ma’no qirralarini aks ettirmaydi.
O‘rtamiyona uy – bunda yuqoridagi kabi ma’nolar yo‘q. Uyning hajmi, ko‘rinishi, jihozlanishi o‘rtacha darajadaligi anglashilyapti.
Ayrim g‘alati mashhurlar bor, to‘g‘risini ishlatsangiz, xato qilgan bo‘lasiz. Ikkita misol keltiraman.
Ko‘chaning boshi emas, oxiri berk bo‘ladi
Boshi berk ko‘cha iborasi yo‘lini, ilojini topish qiyin bo‘lgan, mushkul ahvolni anglatadi:
Ilmsiz tajriba – boshi berk ko‘cha.
P. Tursun, “O‘qituvchi”.
Otabek boshi berk ko‘chada qolgandek bo‘ldi, javobiga qiynaldi.
A. Qodiriy, “O‘tkan kunlar”.
Aslida ko‘chaning boshi emas, oxiri berk bo‘ladi. Berkko‘chaning so‘ngiga, tugashiga borgan kishi undan qanday chiqishni bilmay qiynaladi, orqaga qaytishini, ovora bo‘lishini o‘ylab asabiylashadi. Ko‘chaning boshi berk bo‘lsa (o‘zi odatda bunday bo‘lmaydi), shunchaki kirmay qo‘ya qoladi, qiyinchilik ham yo‘q. Biroq tilda iboraning ayni shu shakli – boshi berk ko‘cha urf bo‘lgan. Uning o‘rniga oxiri berk ko‘cha deb qo‘llash xato bo‘ladi. Abdulla Qahhor aytganidek, “Shahardagi hamma soatlar besh minut ilgari – noto‘g‘ri bo‘lsa va hamma shunga amal qilsa, sening soating besh minut keyin – to‘g‘ri bo‘lganidan nima foyda?!”
Oldin chiqasiz, keyin kelasiz
Kelib chiqmoq – yuzaga kelmoq, yuzaga chiqmoq, paydo bo‘lmoq. Bu iboraning sharhini izohli lug‘atdan topa olmadim. Lekin u tilimizda keng qo‘llanadi:
Ichkilik, bezorilik, buzilish, odobsizlik – hammasi bekorchilikdan kelib chiqadi.
A. Muxtor, “Chinor”.
Beshiktervatar xavf-xatar sezishi bilan oldingi oyoqlarini yuqori ko‘tarib, tebranib turadi. Nomi ham shundan kelib chiqqan.
“O‘zME”.
Aslida kelib chiqmoq emas, chiqib kelmoq bo‘lishi kerak. Chunki odatda ichkaridan dastlab chiqiladi, so‘ng kelinadi. Oldin kelib, keyin chiqilmaydi. Lekin nimagadir doim aksini aytamiz va bu me’yorga aylangan. Yuqoridagi misollarda kelib chiqmoq o‘rnida chiqib kelmoq iborasini ishlatish xato bo‘ladi. Faqat jismoniy harakat ma’nosidagina shu shaklda ishlatish mumkin va bunda u ibora sanalmaydi:
So‘yloq kishi chiqib kelib, yukni qabul qilib olgach, choy-poyga shama qilib o‘tirmay, darhol eshikni yopdi.
A. Obidjon, “Akang qarag‘ay Gulmat”.
Men mahallaga bir chiqib kelay-chi, nima yangilik bor ekan.
Ichkaridan o‘ttiz besh-qirq yoshlardagi bir kishi chiqib keldi.
Ommalashgan xato g‘alati mashhur bo‘lavermaydi
Lekin bir narsani yodda tutish kerak: yanglish qo‘llangan va ommalashgan har qanday so‘z yoki ibora g‘alati mashhur bo‘lavermaydi.
Deylik, bugun qo‘llanadi so‘zini ko‘pchilik qo‘llaniladi deb ishlatayotgan, bu xato hatto nufuzli nashrlar, ilmiy adabiyotlar, qonun hujjatlari matnlarida juda ko‘p ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, g‘alati mashhur emas. Xato.
G‘alati mashhurni farqlashning oddiy usuli bor: so‘z yoki ibora asli xato ekani sezilmaydigan darajaga kelishi, xuddi shu shaklda lug‘atlarga kirishi kerak.
“Daryo” kolumnisti Orif Tolib