2019-yil mart oyida Yaponiyada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti direktori Shokir Pidaevning buddaviylik tarixiga oid topilmalarga bag‘ishlangan “O‘zbekistonning buddaviy merosi” kitobi nashr etildi. Ushbu asarda keltirilgan qimmatli tarixiy ma’lumotlar O‘zbekiston tarixini butun dunyoga tanitishga yana bir muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Dunyoning eng qadimiy dinlaridan biri hisoblangan buddaviylik O‘zbekiston tarixi, madaniy va ma’rifiy hayotida alohida mazmun kasb etadi. Bu diniy ta’limotni Baqtriya, xususan O‘zbekistonning janubiy hududlarida keng tarqalishi Kushonlar davriga to‘g‘ri keladi. Ma’lumki, kushonlarning tarix sahnasiga kirib kelishi, yuksalishi va uni qadimgi dunyoning to‘rtta buyuk saltanatlaridan biriga aylanishi miloddan avvalgi I milodiy III asrlarga to‘g‘ri keladi. Saltanatda yuzaga kelgan siyosiy barqarorlik jamiyatning iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy xayotini tez suratlar bilan yuksalishiga katta zamin yaratgan. Miloddan avvalgi birinchi ming yillikni o‘rtalarida Hindistonda paydo bo‘lgan buddaviylik dini va buddaviy badiiy madaniyat kushon shoxlari hukmronlik qilgan yillarda o‘z taraqqiyotida mazmun va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi va dunyo dinlaridan biriga aylandi. Buddaviy missionerlarga saltanatning hamma hududlarida budda ta’limoti va madaniyatini targ‘ib qilinishiga keng imkoniyatlar yaratildi. Kushon shoxlarining joylardagi noiblari ham ularga har tomonlama homiylik qildilar va qo‘llab quvvatladilar.
O‘zbekistonning janubiy hududlariga, hususan Surxondaryoga buddaviylik va buddaviy madaniyatni kirib kelishi va tarqalishi milodiy I asrlarga to‘g‘ri kelgan. Milodiy II-III asrlarda esa bu jarayon sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan. Ko‘plab shaharlarda buddaviy ibodatxonalar qo‘rildi. Bugungi kunda bunday ibodatxonalar Surxandaryodagi Ayrtam, Dalvarzintepa, Zartepa kabi yodgorliklarda kashf qilingan. Bu borada qadimiy Termiz alohida o‘rin egallaydi. Termizda Qoratepa buddaviylik markazi, Fayoztepa, Chingiztepa va Zurmala kabi buddaviy inshootlar ochib o‘rganilgan. Ayniqsa, Qoratepa buddaviy majmualarida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar e’tiborlidir. Hozir Qoratepada o‘ndan ortiq yer osti va yer ustiga qurilgan ibodatxonalar kashf qilingan. Ularning tarhi mahobati, me’moriy yechimlari va ularning bezatilishi insonni hayratga soladi.
Buddaviy yodgorliklarda olib borilgpn arxeologik tadqiqotlar davomida topilgan toshdan, loy-ganchdan tayyorlangan haykallar, devoriy suratlar, me’moriy bezaklar, sopol idishlar, baqtr, kxarashti va braxma yozuv namunalari Kushon davr Baqtriya badiiy madaniyatining yuksak rivojlanganligidan so‘z yuritadi. Bu topilmalarning har biri betakror, o‘zi bir dunyodir. Ular xalqimizning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan katta xissasidan guvohlik beradilar.
Janubiy O‘zbekistondagi yodgorliklarda olib borilgan arxeologik tadqiqot natijalari bizning zamon Buddaviylik va buddaviy badiy madaniyatni Buyuk ipak yo‘li orqali Xitoyga, keyinchalik Koreya hamda Yaponiyaga tarqalishida alohida o‘rin egallagan deb hisoblashimizga asos bo‘ldi. Shu sababli yaponiyalik mutaxassislar va Yaponiya xalqi O‘zbekistonning buddaviylik merosiga katta qiziqish bildirmoqdalar.