Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Akbar Hakimovning uzoq yillik izlanishlari samarasi sifatida yaratilgan “Oʻzbekiston sanʼat tarixi (qadimgi davr, oʻrta asrlar, hozirgi zamon) asarini haqiqatda sanʼat xazinasi deyish mumkin. Ushbu fundamental kitob-albomda Oʻzbekistonda sanʼatning paydo boʻlishidan hozirgi kungacha boʻlgan davrdagi tasviriy va amaliy-bezak sanʼati, meʼmorchilik, haykaltaroshlik, miniatyura kabi sanʼat sohalarining taraqqiyoti koʻplab ilmiy manbalar va artefaktlar yordamida ochib berilgan. Oʻzbekiston sanʼatshunosligida bu kabi majmuaviy asar shu kungacha yaratilmagan edi.
Mustaqillik yillari Oʻzbekiston sanʼatining tarixiy rivojlanish konsepsiyasi yangicha talqinga ega boʻlib, endilikda u yaxlit tarixiy-badiiy jarayon sifatida tadqiq va tahlil etilmoqda. Kitob sahifalarida Oʻzbekiston badiiy madaniyati rivojlanishining barcha bosqichlarini — qadim zamonlardan hozirgi kungacha kuzatishga imkon beradigan Oʻzbekiston sanʼati, meʼmorchiligi va hunarmandchiligi yodgorliklari taqdim etilgan.
Asar tili sodda va ravon boʻlib, oʻquvchida qiziqish va kuchli ishtiyoq uygʻotadi. 9 bobdan iborat asar, qiziqarli va oʻziga xos nomlangan koʻplab kichik qismlardan tashkil topgan. Masalan: Ilohiy obi hayotni qoʻriqlaydigan sher; Afrosiyob. Shoh huzuriga ehtirom bildirgani keldim; Maqbara: xotira vaqtning ojizligidan darak beradi; Marjoniy fondi miniatyuralarining oltin yogʻdusi; Rangtasvirdagi afsona va haqiqat: asrlar oraligʻi; Meʼmorchilik mustaqillik ramzi sifatida.
“Oʻzbekiston sanʼat tarixi” oʻzbek, rus va ingliz tillarida alohida kitob shaklida nashr etilgan. Muqovalar uchun oʻzbek tilida “Avliyo oqsaqol yigitga saboq beradi” (XVII asr) zarhal miniatyurasi, rus tiliga Afrosiyob devoriy suratlari (VII-VIII asrlar), ingliz tiliga Budda boshi (Sanʼatshunoslik instituti fondidan) tanlangan. “Zilol buloq” nashriyotida tayyorlangan 528 sahifadan iborat asar yuqori sifatda Turkiyaning Megabasim bosmaxonasida chop etilgan. Asarda mingdan ortiq artefaktlarning rangli va oq-qora suratlari berilgan. Suratlar respublikamiz muzeylari bilan birga, xorijning mashhur Metropoliten, Britaniya, Ermitaj, Tretyakov galereyasi, Marjoniy fondi va boshqa muzey va markazlaridan toʻplangan.
Kitob-albomning rus va ingliz tillarida ham nashr etilishi jahon olimlari uchun bebaho manba boʻlib xizmat qiladi. Asar dunyo hamjamiyati oldida Oʻzbekiston sanʼati qadimiy ildizlarga ega ekanligi va uzluksiz jarayon sifatida rivojlanib kelganligini isboti sifatida namoyon boʻladi.
Mazkur nashr sanʼatshunoslik sohasida anchadan beri kutilayotgan fundamental asar boʻlib, Mustaqil Oʻzbekiston ijtimoiy - gumanitar fanidagi katta yutugʻi va bu yoʻnalishdagi boʻlajak kashfiyotlarni poydevori sifatida baxolanishi mumkin. Kitob-albom yosh avlodni sanʼatga qiziqishi orqali ularni ajdodlardan faxrlanish va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Shuningdek, olimning poetika “Исламское искусство Узбекистана: философия и поэтика” аsari ham nashr etildi.