Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Yangi Sanganak” nomli mis tangalar ko'rgazmasi ochildi


O’zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi o‘zbek xalqining davlatchilik tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan moddiy va ma’naviy yodgorliklarini ilmiy-amaliy asosda o‘rganib, ekspozisiyada keng jamoatchilikka namoyish etuvchi, komil insonni tarbiyalovchi ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy maskandir. Uning fondlarida O‘zbekiston tarixini, Amir Temur va Temuriylar davri tarixini aks ettiruvchi 7 mingdan ortiq noyob eksponatlar saqlanadi. Bunday noyob eksponatlarining salmoqli qismi tangalardan iboratdir. Tangalarning katta qismini esa “Yangi Sanganak” xazinasi tashkil etadi.

“Yangi Sanganak” xazinasi 2021-yilning mart oyida Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi “Yangi Sanganak” mahalla fuqarolari yig‘ini hududida yashovchi fuqaro – I.Boymaqovning hovlisidan topilib, dastlab vaqtinchalik, keyinchalik doimiy saqlash uchun Temuriylar tarixi davlat muzeyiga topshirilgan.

Bu tangalar hovlida limon ekish uchun tomonlari 20x10 metr, chuqurligi 1,8 metrgacha keladigan issiqxona tashkil qilish uchun yer qazilganda 50-60 sm chuqurlikdan sopol ko‘zaga solingan holda tasodifan topilgan. Tangalar topilgan paytda uzoq yillar davomida yerda ko‘milib turishi natijasida zang bosib, ko‘karib ketgan holatda bo‘lgan. Muzeyga topshirish paytidan tangalar sanoqdan o‘tkazilib, ular 1810 (bir ming sakkiz yuz o‘n) dona ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Tangalarning bir qismi zangdan tozalanib, o‘rganilganda ular XV – XVI asrlar, ya’ni, o‘zbek davlatchiligining Temuriylar va Shayboniylar sulolasi hukmronligi davrida Samarqand, Buxora va Toshkent zarbxonalarida zarb qilingan  mis tangalar xazinasidan iborat ekanligi aniqlandi.

 

Ushbu ko‘rgazmada Temuriylar tarixi davlat muzeyi fondiga yangi qabul qilingan  “Yangi Sanganak” xazinasi namunalari ilk marotaba keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilmoqda.

Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan tangalar va ular haqidagi ma’lumotlar bizda ajdodlarimiz savdo tizimini qanday pul birliklari bilan olib borganliklari haqida tasavvur hosil qilishga imkon beradi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!