Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi va Xalqaro Аmir Temur xayriya jamoat fondi Yakkabogʼ tuman muassasasi xodimlari hamkorligida Qashqadaryo viloyati, Yakkabogʼ tumani, “Uchtepa” va “Olaqargʼa” MFY oraligʼida “tuproqqa koʼmilib borayotgan” maqbarada qazish ishlari olib borildi.
Oʼlchami 11x7 metr boʼlgan qazishma maydonining eng ustki oʼt-oʼlanlar va ularning ildizi oʼrnashgan qatlamning qalinligi 10 – 15 santimetrni tashkil qildi. Undan pastda 20 – 40 santimetrlik qatlamdagi uncha qattiq boʼlmagan tuproq qatlami pishiq gʼishtlarning siniqlari, oq rangdagi qir (smola, qatron. Mustahkam biriktiruvchi, yopishtiruvchi ashyo. Tarkibida alebastr, gips va boshqalar bor) qorishmasining boʼlaklari va kukunlari, oq, koʼk, toʼq koʼk rangda sirlangan hamda oʼsimliklarning tasviri tushirilgan meʼmoriy qoplamalari bilan qorishib ketgan. Bundan tashqari, ushbu qatlamdan kam miqdorda nafis ishlanib koʼk rangda sirrlangan va sirsiz sopol idishlarining mayda boʼlaklari ham tarqalgan. Undan pastda yaʼni, yerning ustki sathidan 30 – 60 santimetr chuqurlikda oʼlchami 26x26x4,5-5 santimetrlik pishiq gʼishtlar tartib bilan toʼshab-terib chiqilgan.
Qazishma maydonining shimoliy yarim qismining ostida 25x25x5 santimert oʼlchamdagi pishiq gʼishtlarning orasiga 1 – 2 santimetr qalinlikdagi qir qorishmasi qoʼyib terilgan, eni va uzunligi 4,75 metr, tarxi 12 burchakli, shifti gumbaz, pol sathidan gumbazning eng badland joyigacha 2 metr boʼlgan yer osti maqbarasi joylashgan. Uning ichidagi maqbara va uning ustidagi qurilishida ishlatilgan gʼishlar va chiqindilar (eshak suyaklari ham bor edi) tozalandi.
Maqbaraga janub tomondan, orasiga loy qoʼyib (qalinligi 1 – 2 sm) pishiq gʼishtlar (oʼlchami – 26x26x4,5-5 sm.) terilgan ikki pogʼonali (kengligi – 1,3 m., balandligi 30 sm., birinchi zinaning eni – 30 sm., ikkinchisiniki esa 40 sm.) zinadan va usti ochiq (oʼz davrida yopiq boʼlgan), ichkariga tomon torayib borgan yoʼlakdan (1,2 m.) oʼtib, orasiga qir qoʼyib pishiq gʼishtlar terilgan, shifti arka shaklida yopilgan (balandligi – 1,15 m., eni – 1,2 m., uzinligi 80 sm.) maqbara yoʼlagidan kirilgan.
Maqbaraning kirish tomonidan tashqari uch tomoni oʼrta qismidan eng 2,25 metr keladigan joyi 75 santimetrga kengaygan. U “mehrob” koʼrinishida boʼlib, balandligi 1,4 metrga teng. Xonaning sharq tomonidagi mehrobning yuqori qismi qulab tushgan va teshik hosil boʼlgan. Xona shiftiga gʼishtlar yoni bilan terilgan. Shiftning oʼrta qismida tuynukcha bor. Maqbaraning oʼrta qismida shimoldan janub tomongacha uzunligi 2,5 metr, sharqdan gʼarbga tomon kengligi 0,7 metr boʼlgan yorma (pastga qazilib, marhum qoʼyilgach, ustki qismiga taxta-yogʼochlar va uning ustidan qamish yoqi shox-shabbalar qoʼyib turpoq uyiladigan qabr turi) qabr oʼrnashgan. Qabrning ustini maqbara poli sathi barobarida tozalash chogʼida uning ustiga qoʼyilgan yogʼoch chirindilariga duch kelindi.
Maqbaraning oʼrganilishining yana bir qiziq jihati shundaki, uning qurilishida orasiga qir qoʼyilib terilgan maqbara gʼishtlarning oʼlchami bilan uning kirish zinalari va ochiq yoʼlagiga loy qoʼyib terilgan hamda ustiga va atroflariga tahlab tushalgan gʼishtlarning oʼlchami biroz farqi. Bundan tashqari kirish yoʼlakda loy bilan terilgan gʼishtlar qir bilan terilgan gʼishtlar bilan oʼzaro ulanmagan. Terilgan sathida ham farq bor. Bu maqbaraning biroz oldinroq qurilganligini zina, oʼylak va tashqi tomonlarda keyinroq qayta tamirlash ishlari olib borilganligini koʼrsatadi.
Yakkabogʼdagi oʼrganilgan maqbaraning tuzilishi, qurilishida ishlatilgan pishiq gʼishtlar, memoriy qoplamalar, sopol idishlarining parchalari uning Аmir Temurning hukmronligi davrida qurilganligini koʼrsatadi. Ushbu yer osti maqbarasi Shahrisabzda joylashgan “Dor us-saodat” majmuasi tarkibidagi Sohibqiron Аmir Temurning oʼzi uchun qurdirib, oʼgʼli Jahongir Mirzonini dafn ettirgan maqbaraning tarxi tuzilishiga aynan oʼxshash. Shuningdek, tekshirilgan maqbara Samarqandda joylashgan Shohizinda majmuasidagi Xoʼja Аhmad, usta Olim Nasafiy, Shodi Malik ota, Shirinbek oqa maqbarlarining ichki tomondan tarh tuzilishiga ham oʼxshash. Oʼrganilgan maqbaradan topilgan sirlangan va bezak berilgan meʼmoriy qoplamalar ham Аmir Temur davrida Keshdagi Oqsaroy, Samarqanddagi Koʼksaroy, Bibixonim, Shohizinda singari meʼmoriy yodgorliklarnikidan farq qilmaydi. Bularning barchasi Yakkabogʼdagi maqbaraning qurilish davrini 14 asrning 4-choraklari – 15-asrlar boshlarida qurilganligini, temuriylar davrida esa tamirlash ishlari olib borilganligini koʼrsatadi. Maqbara nufuzli “barlos beklaridan biri”ga tegishli boʼlgan boʼlishi mumkin. Chunki yodgorlik joylashgan hudud oʼsha davrda barlos beklarining qaramogʼida boʼlgan. Barlos urugʼidan boʼlgan Аmir Temur ham oʼrganilgan maqbaradan uncha uzoq boʼlmagan Xoʼjailgʼor qishlogʼida tugʼilganligi eʼtirof etiladi. Bu yuqoridagi fikrga asos boʼlib hizmat qiladi.
Maqbaraning qarovsiz va tashlandiq holatga kelib qolishi temuriylar sulolasi oʼrniga kelgan shayboniylar boshqaruvi davridan boshlangan boʼlishi mumkin. 20-asrning 60-yillarida topilib, ochib oʼrganilgan “Dor us-saodat” ham huddi Yakkabogʼdagi maqbara kabi holatda boʼlganli bu fikrga kelishga asos boʼla oladi.
Xullas, Yakkabogʼdagi maqbaraning oʼrganilishi Аmir Temur va temuriylar davri qurilish anʼanalari boʼyicha jumladan, maqbaralarning qurilishi boʼyicha taʼsavvur oʼygʼotishga yordam beradi, mabaralarning qurilish doirasini kengaytiradi. Bundan tashqari, Oʼzbekistonning “Qashqadaryo viloyati boʼyicha Moddiy madaniy merosning koʼchmas mulk obyektlari milliy roʼyxati” da “Lahat” nomi bilan 1 – 9-asrlarga oid – deb kiritilib kelinayotgan yodgorlikning nomi va davriga tegishligini belgilashga asos boʼlib xizmat qiladi.
Dilmurod Normurodov,
Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi
Milliy arxeologiya markazi va
Temuriylar tarixi davlat muzeyi
katta ilmiy xodimi.