Ayni paytda Хorazm Ma’mun akademiyasi arxeologlari Bahrom Sadullayev rahbarligida Shovot tumanida joylashgan Kat-qal’a yodgorligida arxeologik dala tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqda.
2025-yilda qazishma ishlari yodgorlikning shimoliy qismida boshlandi. Yangi 10-qazishma maydonidagi tadqiqotlar jarayonida shaharning qadimgi davri va o’rta asrlar topografiyasiga doir ma’lumotlar qo’lga kiritildi. Usbu ob’ektdagi qazishmalar natijasida so’ngi antik davrga oid inshoot qoldiqlari va u bilan bog’liq xonalar aniqlandi. Inshoot devorlari 42x42x10, 41x41x10, 40x40x10 sm hajmdagi xom g’ishtlardan barpo etilgan. Keyinchalik ilk o’rta asrlarda ta’mirlash ishlari bajarilib, qadimgi devorlardan asos sifatida foydalanishgan va 38x38x10, 39x39x10 sm hajmdagi xom g’ishtlardan qo’shimcha devorlar barpo etilgan. Devorlarni ochish davomida so’nggi antik davr va ilk o’rta asrlarga tegishli pol sathlari qayd qilinib, pol sathlaridan olingan sopollar namunalari inshoot qoldiqlarini davrlashtirishda muhim manba vazifasini o’tadi.
Ushbu qadimiy inshoot qoldiqlarini ochish jarayonida yuqori qatlamlarda 20 dan ortiq chiqindi o’ralar aniqlanib, ulardan 3 tasi IX-XI asrlarga, qolganlari XVIII-XIX asrlarga tegishlidir. Shulardan IX-XI asrlarga oid o’ralar juda ko’plab sirlangan va sirlanmagan sopol buyumlardan iborat noyob topilmalar kolleksiyasini taqdim etdi.
Ular orasida jimjimador o’simliksimon o’yma bezaklar, rangdor soxta epigrafik va turli shakldagi naqshlar bilan bezatilgan kosalar va bodiyalar qoldiqlari juda qiziqarlidir. Sirlanmagan idishlarning aksariyati ko’zalarga tegishli bo’lib, ular ham o’ta nozik did bilan ishlangan va turli xil naqshlar tushirilgan. Jumladan, ularning birida ko’za baldog’iga ilingan xalqaning saqlanib qolganligi juda noyob topilma sifatida qayd qilinadi.
Topilmalar orasida shisha buyumlar va suyakka tushirilgan naqsh bezaklari ham hunarmandchilikning faqat kulolchilik tarmog’i emas balki boshqa turlari ham Xorazmda keng yoyilganligidan dalolat beradi. Shisha buyumlarining yasalishi, sopol idishlarga va suyak qoldiqlariga berilgan bezaklar, ularning ishlanish uslubi o’rta asrlarda Xorazm vohasida fayoliyat yuritgan usta hunarmandlarning yuksak darajadagi malaka sohibi bo’lganliklaridan dalolat beradi.
Yodgorlikda qazishma ishlari davom etmoqda.