Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“UZXITАN” - qishloq xoʼjaligida foydalanish uchun moʼljallangan samarali preparat


Qishloq xoʼjaligi amaliyotida kafolatlangan hosilni olish uchun oʼsimliklarni himoya qilish va oʼsishini tartibga solishning kimyoviy vositalari faol qoʼllaniladi. Bunday moddalar sifatida fitogormonlar va ularning sintetik analoglari, mikroelementlar, bakteritsidlar, fungitsidlar, akaritsidlar va boshqa biologik faol birikmalar qoʼllaniladi. Ekishdan oldin urugʼlarni biologik faol birikmalar bilan ishlov berish usullarini ekologik muvofiqlashtirish va optimallashtirish tadqiqotchilar oldida turgan muhim vazifadir.

Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan ipak sanoati chiqindilaridan olingan xitozan asosida taʼsir koʼrsatuvchi faol moddaning KMTsdagi polimer preparativ shaklidan iborat boʼlgan “UZXITАN” preparati yaratilgan. Preparat quyidagi afzalliklarga ega:

Urugʼlarni ekish sifatlarini ortishi;

Sanitariya-gigienik mehnat sharoitlarining yaxshilanishi;

Import qilinadigan zaharli dorilash vositalarini zaharsiz vositaga almashtirish imkoni mavjudligi;

Nuqtali ekishni taʼminlash mumkinligi (15-30 kg/ga);

Hosildorlikning ortishi;

Dala sharoitidagi unuvchanlikning ortishi;

Oʼsimliklar kasallanishining kamayishi;

 

Institutning tajriba bazasida “UZXITАN” polimer preparativ shaklini olishning tajriba-sanoat usuli oʼzlashtirildi va uni qishloq xoʼjaligi amaliyotida paxta, bugʼdoy va sabzavot-poliz ekinlari urugʼlariga ekishdan oldin ishlov berishda urugʼdorilagich sifatida qoʼllashga ruxsat olindi. Hozirgi kunda “UZXITАN” preparati respublika fermer xoʼjaliklarida muvaffaqiyatli qoʼllanilmoqda.

  

Har yili korxonalar bilan shartnomalarga muvofiq qishloq xoʼjaligi urugʼlarini (paxta chigitini) ekishdan oldin tayyorlash boʼyicha Institutning tajriba bazasida “UZXITАN” preparati ishlab chiqarilib, isteʼmolchilarga yetkazib berilmoqda.

Taʼlim va ilmiy-innovatsion imkoniyatlarni rivojlantirish, shuningdek, akademik va ilmiy almashinuvni amalga oshirishga koʼmaklashish maqsadida Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika, fiziologiya va oʼsimliklar genetikasi instituti bilan OʼzR FА Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti oʼrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʼgʼrisida shartnoma tuzildi. Kelishuvga asosan qoʼshma va xalqaro grantlar, nashrlar, monografiyalar tayyorlash, shuningdek, qoʼshma genetik seleksiya dasturlarida foydalanish uchun agropolimer preparatlar, shu jumladan, nanoagropreparatlar almashinuvi boʼyicha ishlar olib borish koʼzda tutilgan.

Topinambur, bugʼdoy, dukkakli ekinlar kolleksiyasini, shuningdek, ikki respublika sharoitida oʼsimliklarning oʼsish stimulyatorlari taʼsirini oʼrganish boʼyicha olib borilgan qoʼshma tadqiqotlar doirasida ishlab chiqilgan oʼsishni ragʼbatlantirish taʼsiriga ega boʼlgan “UZXITАN” urugʼdorilagichi Tojikiston dalalarida birinchi sinovdan oʼtdi. Tojikiston selektsioner-olimlari ushbu preparatni tajriba uchastkalarida qoʼllaganlaridan soʼng, donli, dukkakli va sabzavotlarning hosildorligi 20-30 foizgacha oʼsganligini taʼkidladilar. (https://www.asiaplustj.info/ru/news/tajikistan/economic/20200922/tadzhikskie-selektsioneri-stimulyatori-uzbekskogo-proizvodstva-povisili-urozhainost-agrokultur-do-30#article-likeblock).

Ikki tomonlama asosda qoʼshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, iqtidorli yosh xodimlar uchun yetakchi ilmiy markazlarda stajirovkalarni tashkil etish va boshqalar boʼyicha ilmiy-texnikaviy hamkorlik shartnomasi doirasida OʼzR FА Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti Oʼzbekiston va Tojikiston, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasi respublikalari bilan aloqalarni mustahkamlash va yanada rivojlantirish yoʼlida faol ish olib boradi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!