Toshkent qulay geografik hududda, ya'ni Sharq va G'arb mamlakatlari bilan savdo-sotiq yo'li chorrahasida joylashganligi tufayli bu yerga tinimsiz savdo karvonlari kelib turgan. Bu esa shaharni yetti iqlim bilan tutashgan mamlakatga aylantirgan.
Qadimiy va ko'hna Toshkent shahri tarixida ham shahar darvozalari haqida ma'lumotlarni ko'plab uchratish mumkin. Manbalarda aytilishicha, IX-X asrlarda shahar markazidagi bozor hududida qal'a qurilgan. Uning atrofi mudofaa devorlari bilan o'ralgan. Vaqt o'tishi bilan shahar kengayib ikkinchi mudofaa devori qurilgan. Tashqi dushmanlardan muhofaza qilish uchun keyinchalik shaharning uchinchi mudofaa devori qurilib, darvozalar o'rnatilgan. Toshkent tabiiy ravishda markazda joylashgan bozor atrofidan har tomonga kengaya borgan. Shahar o'sgan sari devorlar surilib, katta yo'llarga tutashgan joylarda yangi darvozalar qurilib, ularning soni ham orta borgan. Shuningdek, ayrim darvozalar nomi ham o'zgarib borgan.
Shahar darvozalari haqida manbalarda uchraydigan xaritalar.
Turli davrlarda shahar darvozalarining soni turlicha bo'lgan. Masalan, XVIII asrda 8 ta darvoza bo'lsa, XIX asrga kelib ular soni 12 taga yetgan. Bu davrda Toshkentni asosiy 8 ta yo'l kesib o'tgan bo'lib, ular asosiy savdo yo'llari hisoblangan.
Sharq va G'arb o'rtasidagi chorraha hisoblangan Toshkent shahri tashqi dushmanlardan o'zini muhofaza qilishga harakat qilgan. 1735-yilda Toshkentda bo'lgan tashrifchi “Shahar to'rt tomondan g'ishtli devor bilan o'ralgan bo'lib, 32 ta minorali darvozalari bo'lgan. Devorni ustida bemalol 2 ta otliq yura olgan - deb ma'lumot beradi.
Toshkent devori haqidagi manbalarda “XVIII asrning oxirlarida shahar mudofaa devorining balandligi salkam 8 metr, tepa qismining kengligi 2 metrgacha bo'lgan. Devor aylanasining uzunligi 18,2 km., shaharning umumiy maydoni esa 26,4 kv. km.ni tashkil etgan” degan ma'lumotlar mavjud.
Shahar devori yaroqsiz holga kelib, qayta qurishni talab qilgani bois XIX asrning o'rtalarida Qo'qon xonligi davrida xonning Toshkentdagi noibi Beklarbegi tomonidan Toshkent mudofaa devorlari va darvozalari ta'mirlandi. Bu vaqtda devor balandligi 10 metrdan oshib, devorning yuqori qismida dushmanga o'q otish uchun ko'plab shinaklar ochilgan edi. Shahar mudofaa devorining 12 ta darvozasi (Taxtapul, Labzak, Qashqar, Qo'qon, Qo'ymas, Beshyog'och, Kamolon, Samarqand, Ko'kcha, Chig'atoy, Sag'bon, Qorasaroy) va ikkita qofqasi (ya'ni, 1 nafar otliq kirib chiqadigan eshigi) bo'lgan.
Bulardan Labzak, Qashqar, Qo'qon, Qo'ymas kabi darvozalar Sharq tomondan keyinchalik shaharga qo'shib olingan qismiga qurilgan, ayrimlarning o'rni surilgan. O'rni surilishi munosabati bilan nomlari ham o'zgargan. Shahar darvozalari qorong'i tushishi bilan yopilgan va ertalab tong saharda ochilgunga qadar hech kim shaharga kiritilmagan, hech kim shahardan chiqib ham ketolmagan. Darvozaxonalar ustida maxsus qorovulxonalar va do'mbiralar saqlanadigan xonalar ham bo'lib, xavf-xatar sezilganda do'mbiralar chalinib xaloyiq ogohlantirilgan.
Har bir darvozaning nomi uning hududi, mahalliy aholisining kasbi-kori, qaysi tomonga yo'nalganligi kabi omillar asosida nomlangan.
Masalan, Kamolon darvozasi Beshyog'och dahasining qadimiy darvozalaridan biri bo'lib, Beshyog'och va Samarqand darvozalari oralig'ida, Komolon mahallasi hududida va mahalla mas'ulligida bo'lgan. Nomi shundan. Muhammad Solih “Toshkentning yangi tarixi” nomli asarida Kamolon mahalla sifatida tilga olingin bo'lib, darvoza esa Kamondaron ko'rinishida yozilgan. Shuningdek, kamondaronlarning Buzuq qabilasidan bir toifasiga mansubligi ko'rsatib o'tilgan. Tabiiyki mahallada yashagan, bu toifaning asosiy kasb-korlari kamon va kamon o'qi yasash bo'lgan. Kamondaron (kamongoron) ya'ni kamonsozlar, keyinchalik og'zaki tilimizga Kamolon talaffuzida yetib kelgan. Tarixdan ma'lumki, Toshkentda yasalgan o'q-yoylar Sharqda “Kamoni Shoshiy” nomi bilan mashhur bo'lgan va Sharq adiblari asarlarida ta'riflangan.
12 darvozaning hammasi katta yo'l ustida qurilgan bo'lib, darvozalar mustahkam, qattiq yog'och-tog' archasidan yasalgan va ust tomoniga naqshinkor bezaklar berilgan. Har bir darvozada juft halqalar va kalitlar bo'lgan. Kalitlar darvozabonlar qo'lida saqlangan. Darvozabonlar darvozani tongda ochib, Quyosh botganda berkitganlar. Darvoza yopilgandan so'ng uni ochishga hech kimning haqqi bo'lmagan. Faqatgina shahar hokimining o'ta zarur farmoyishi bo'lgandagina darvozani ochishga ruxsat berilgan. Darvozadan ichkariga kirganda uzun yo'lak bo'lib, uning ikki tomonida hujralar joylashgan. Hujralarning biri ovqatlanish joyi bo'lsa, ikkinchisi dam olish xonasi bo'lgan. Darvozabonlar vaqti-vaqti bilan almashinib navbatchilik qilganlar. Shaharning 12 darvozasi ortida hayot qizg'in davom etgan.
Uzoq yo'ldan charchab kelgan karvon shahar darvozasi oldida to'xtab yuklarini tushirgan va shaharga kirish uchun hujjatlashtirish ishlarini olib borgan. Bojxona solig'ini olish uchun zakotchi mahsulot hajmidan kelib chiqqan holda soliq olgan. Barcha darvozalarning tashqariga chiqish hududida qabristonlar bo'lib, ularning aksariyati hozirgi kungacha saqlanib qolgan.
Davrlar o'tishi bilan darvozalari ramziy tarzda shaharlar hududi markazlarida saqlanib qoldi. Afsuski, Toshkent shahar darvozalaridan birontasi ham saqlanib qolmagan. Lekin ularning ramziy ko'rinishlarini tiklash va shahar tarixi bilan uyg'unlashgan holda turistik obyektga aylantirilsa maqsadga muvofiq bo'lar edi.
O'zR FA O'zbekiston tarixi davlat muzeyi.