O始zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Yangi O始zbekiston universiteti bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Universitet talabalari uchun Toshkent viloyatidagi tarixiy-arxeologik yodgorliklar bo始ylab press-tur tashkil etildi.

Press-turda “Olmaliq” KMK madaniyat saroyi faoliyati, u yerda tashkil etilgan Tunkat hamda Suyurlitepa arxeologik obyektlaridan topilgan buyumlar jamlangan muzey, Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan Korxona (Qorixona), Toshkent viloyati Ohangaron tumani Tunkat (Yangiobod MFY) hamda Toshkent viloyati Ohangaron tumani Suyurlitepa yodgorliklari (Sanam MFY), u yerda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdilar.
Press-turdan ko始zlangan maqsad - tarix va arxeologiya fanlari haqida aholining bilimlarini kengaytirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni ilm-fanga jalb qilish, ularni arxeologik obyektlarni asrab-avaylash ruhida tarbiyalash, daxldorlik hissini oshirishi, so始nggi arxeologik tadqiqotlar bilan yaqindan tanishtirish.
Press-tur ishtirokchilari dastlab OAV vakillari hamda Yangi O'zbekiston universiteti talabalari Olmaliq KMK madaniyat saroyi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur madaniyat saroyida 2 ta muzey bo'lib, birinchi muzey "Olmaliq" KMK faoliyatiga, ikkinchi muzey esa Suyurlitepa arxeologik tadqiqotlariga bag'ishlangan.

Shundan so'ng ishtirokchilar Qurama tizmasining shimoliy qismida, Olmaliq shahridan janubiy-sharqqa yo始nalishdagi 26 kmda masofada Qovuldi koni yaqinida, Nanaysoyning chap qirg始og始ida joylashgan XVI asrga tegishli ekanligi aytilayotgan Qorixona bilan tanishdilar. O始n olti metr balandlikdagi do始nglikning ichi o始yilib, uch qavatli holda 18 ta hujra hozirlangan. Har bir qavatning o始rtasi o始n metrli koridor, ikki yonda esa uchtadan hujra mavjud. Qavatlar orasida oddiy soz tuproq zinaga aylantirilgan. Shimol tomondan birinchi qavatga kiraverishdagi dastlabki chap hujrada Eshmat Hojixon degan eshonning jasadi ko始milgan. 1934 yilda professor M.E.Masson tomonidan o始rganilgan ushbu inshootning hayratlanarli jihati shundaki, unda birorta yog始och, g始isht, tosh, guvala yoki loy ishlatilmagan.
Press-tur ishtirokchilari Tunkat arxeologik obyektida ham bo'lishdi. Tunkat Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan so始nggi antik va ilk o始rta asrlar (IV-XII)ga tegishli manzil hisoblanadi ham dengiz sathidan balandligi 607 m joylashgan, maydoni 180 ga teng.
Ohangaron vodiysining qadimgi va o始rta asrlarda ma始dan ishlab chiqarish tarmoqlari yuksak darajada rivojlangan iqtisodiy-xo始jalik, sanoat markazi hisoblangan. Tunkat tog始 sanoati, ya始ni qora va rangli metall xomashyosi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan markaziy shahridir.

Suyurlitepa yodgorligi Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Qorabuloq qishlog始ida joylashgan. U Iloq mulkligining muhim shaharlaridan biri hisoblanadi. Suyurlitepa so始nggi antik, ilk va o始rta asrlar davriga oid yodgorlik (IV-XII). Dengiz sathidan balandligi 752 m, maydoni 100 ga.

1960 yilda akademik Y.F.Buryakov tomonidan qayd etilgan. Uning qaydlarida yodgorlik nomi Seviltepa yoki Munchoqtepa shaklida tilga olinadi.
Suyurlitepa yodgorligi hududining kattaligi jihatidan Toshkent vohasining Qanqa (Xarashket) (160 ga), Tunkat (120 ga), Banokat (Shohruxiya) shaharlaridan keyingi uchinchi yodgorlikdir. Suyurlitepa yodgorligida shaharga xos barcha yelementlar mavjud bo始lib vag始nze (diniy hokimyat) mulki, ark (arki a始lo, ko始xandiz), aholi turar-joylari – shahriston, shaharning tashqi qismida – rabot hamda shahar qabristonlari aniqlangan.
Ishtirokchilar mazkur yodgorlikda ham bo'lishib, arxeologlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni kuzatishdi, o'zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
Fanlar akademiyasi va Yangi O‘zbekiston universiteti tomonidan tashkil etilgan ushbu tashabbus tarixiy merosni saqlash va ommalashtirish, yoshlarning ilmga bo‘lgan qiziqishini oshirishda xizmat qiladi.