Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Temuriylar tarixi davlat muzeyi numizmatika kolleksiyasi” nomli ko‘rgazma ochildi


Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlab

 

Temuriylar tarixi davlat muzeyi o‘zbek xalqining davlatchilik tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Amir Temur va Temuriylar davri tarixini, moddiy va ma’naviy yodgorliklarini ilmiy-amaliy asosda o‘rganib, ekspozitsiyada keng jamoatchilikka namoyish etuvchi, komil insonni tarbiyalovchi ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy maskandir. Uning fondlarida O‘zbekiston tarixini, Amir Temur va Temuriylar davri tarixini aks ettiruvchi 5 mingdan ortiq noyob eksponatlar saqlanadi. Muzey noyob eksponatlarining salmoqli qismi tangalardan iboratdir.

Muzey fondiga dastlabki tangalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi muzey va ilmiy muassasalari fondidan Amir Temur va temuriylar davriga oid eksponatlarni Temuriylar tarixi davlat muzeyiga o‘tkazish to‘g‘risida”gi 259-son Qaroriga  asosan  kelib tushgan. Ushbu qarorga asosan muzeyga jami 720 ta eksponat o‘tkazilgan bo‘lib, undan 260 tasi tangalar bo‘lgan. Bular Samarqanddagi O‘zbekiston madaniyati va san’ati tarixi Davlat muzeyidan 188 ta,   O‘zR FA arxeologiya institutidan 12 ta, Surxondaryo viloyatidagi o‘lkashunoslik muzeyidan 35 ta, Andijon viloti o‘lkashunoslik muzeyidan 10 ta, Qo‘qon viloyati o‘lkashunoslik muzeyidan 3 ta, S.Borodin uy-muzeyidan 12 ta  tanga.  Amir Temur va Temuriylar davriga oid ana shu tangalar asosida muzey fondida numizmatika kolleksiyasi shakllandi. Keyinchalik muzey olimlarining arxeologik qazishmalari natijasida va turli tashkilotlar, jonkuyar fuqorolar tomonidan taqdim etib kelinayotgan turli davr tangalari hisobiga kolleksiya yanada boyib kelmoqda. Ana shunday boy kolleksiyani keng jamotchilikka namoyish etish maqsadida “Temuriylar tarixi davlat muzeyi numizmatika kolleksiyasi” nomli ko‘rgazma tashkil etildi.

    

Ko‘rgazmada muzey fondlarida saqlanayotgan VI - XX asrlarga oid  (So‘g‘d, Somoniylar, Xorazmshohlar, Chig‘atoylar, Amir Temur va Temuriylar,  Shayboniylar, Ashtarxoniylar, Buxoro amirligi, Qo‘qon xonligi, mustaqil O‘zbekiston) tangalar joy olgan. Ko‘rgazmaning asosiy qismini Amir Temur va Temuriylar davriga oid kumush va mis tangalar tashkil etadi.

    

Ko‘rgazmada namoyish etilgan tangalar va ular haqidagi ayrim ma’lumotlar bizda ajdodlarimiz savdo tizimini qanday pul birliklari bilan olib borganliklari haqida tasavvur hosil qilishga imkon beradi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!