Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Taniqli olim xotirasiga: professor Rabbanaqul Avezov


Rabbanaqul Rahmonovich Avezov 1942-yil 8-mart sanasida Buxoro viloyati, Olot tumanida tavallud topgan. 1965-yilda Buxoro davlat pedagogika instituti fizika va matematika fakultetini “Fizika va sanoat ishlab chiqarish asoslari” ixtisosligi bo’yicha imtiyozli diplom bilan tugatgan. 1971-yilda “Bino va inshootlarni isitish va sovutish uchun mujassamlashgan gelioqurilmalardan foydalanish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan, 1990-yilda esa Davlat energetika ilmiy-tadqiqot institutida (Moskva sh.) “Qayta tiklanadigan energiya turlarini o’zgartirish va ular asosidagi qurilmalar” ixtisosligi bo’yicha “Issiqlik ta'minoti tizimlarida past potensialli quyosh isitgichlaridan foydalanish samaradorligini oshirish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1994-yilda mazkur mutaxassislik bo'yicha professor ilmiy unvoniga sazovor bo'lgan.

1963-1966-yillar mobaynida Yer sun‘iy yo’ldoshlarini vizual kuzatish stansiyasida laborant bo’lib ishlagan. 1966-1977-yillarda Turkmaniston Fanlar akademiyasi akademigi V.A. Baum rahbarligida Turkmaniston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida ilmiy amaliyot o’tagan. 1967-yilda O’zbekiston Fanlar akademiyasining Fizika-texnika institutiga “Qayta tiklanadigan energiya turlari” yo’nalishi bo’yicha aspiranturaga o’qishga kirib, 1970-yilda uni muvaffaqiyatli tugatgan. U laboratoriya katta muhandisi lavozimidan laboratoriya mudiri lavozimigacha bo’lgan yo’lni bosib o'tgan. R.R. Avezov O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida “Past potensialli quyosh issiqlik qurilmalari” laboratoriyasiga asos solgan. 2015-yildan 2021-yilgacha O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti hamda Quyosh energiyasi xalqaro institutida bosh ilmiy xodim lavozimida faoliyat olib borgan.

Professor R.R. Avezovning ilmiy faoliyati quyosh energiyasini issiqlikka aylantirish va undan foydalanish sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bilan chambarchas bog'liq. R.R. Avezovning ishini uning shogirdlari O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti "Quyosh issiqlik va energetik qurilmalar" laboratoriyasida hamda mamlakatning Qashqadaryo, Farg’ona, Buxoro, Sirdaryo kabi ko’plab hududlarida ushbu sohada ilmiy laboratoriyalar tashkil etgan holda davom ettirishmoqda. Uning rahbarligida “Issiqlik texnikasining nazariy asoslari”, “Sanoat issiqlik energetikasi” hamda “Qayta tiklanadigan energiya asosidagi energetik qurilmalar” mutaxassisliklari bo’yicha 25 dan ortiq doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Uning shogirdlaridan biri professor S.Batmunx hozirda Mo’g’iliston Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, issiqlik energetikasi sohasida taniqli mutaxassisdir.

Professor R.R. Avezovning uzoq yillar davomida olib borgan ilmiy faoliyati, O’zbekiston ilm-fani, xususan Quyosh energiyasini issiqlikka aylantirish hamda undan respublika iqtisodiyotining turli sohalarida samarali foydalanish yo'nalishini rivojlantirishga qo’shgan salmoqli hissasini munosib baholagan holda O’zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan 2003 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.

R.R. Avezov taniqli olim, quyosh energiyasini issiqlikka aylantirish va undan foydalanish sohasida 300 dan ortiq ilmiy maqolalar, jumladan, 7 ta monografiya, 10 ta darslik, 16 ta patent va mualliflik guvohnomalari, 120 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi edi.

R.R. Avezov namunali oila sohibi va to'rt farzandning sevimli otasi bo'lib, qizlaridan biri u kishining yo’lini davom ettirgan holda - texnika fanlari doktori sifatida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish sohasida muvaffaqiyatli ilmiy faoliyat olib bormoqda. Yaqinlar, qarindoshlar, do’stu yorlar, shogirdlar va ilmiy jamoatchilik vakillari mazkur ulkan yo’qotishdan chuqur qayg’udaliklarini bildiradilar va bu ajoyib insonning yorqin xotirasi u kishini bilgan, sevgan va hurmat qilganlar qalbida abadiy saqlanib qoladi.

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!