Joriy yil 7-8-oktyabr kunlari Fanlar akademiyasi O'simlik moddalari kimyosi institutida akademik Hamidilla Aripov xotirasiga bag'ishlangan “Tabiiy birikmalar kimyosi” mavzusida xalqaro Simpozium oʼtkazildi. Har ikki yilda bir marotaba oʼtkaziladigan ushbu simpoziumda 20 yaqin davlatlardan akademiklar, professorlar, soha mutaxassislari va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbirda dastlab ushbu xalqaro simpoziumga asos solgan akademik H.Аripov xotirlandi va uning faoliyatiga bagʼishlangan film namoyish etildi. Аkademikning faoliyati, u yaratgan ilmiy maktab haqida yaxshi fikrlar bildirildi. Ushbu simpozium kimyo sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar uchun juda muhimligi, oʼzaro tajriba va bilim almashadigan ilmiy maydon ekanligi taʼkidlandi.
Ikki kun davom etgan simpoziumda Rossiya, Xitoy, Turkiya kabi 20 yaqin davlatlarda tabiiy birikmalar kimyosi, farmakologiyasi va texnologiyalari sohasidagi yutuqlar, muammolar va istiqboldagi vazifalar muhokama etildi. 2 ta plenar, 28 ta ogʼzaki va 121 ta devoriy maʼruzalar tinglandi hamda yangi rejalar belgilandi.
Maʼlumot oʼrnida: Аbu Rayxon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, akademik Аripov Hamidilla Nigʼmatovich oʼsimlik moddalari kimyosi, texnologiyasi va oʼsimliklarni kimyoviy himoya qilish sohasidagi yirik olim edi.
H.Аripov oʼz ilmiy faoliyatini 1964-yilda Oʼsimlik moddalari kimyosi institutida boshlab, 1968-yili nomzodlik, 1979-yili doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Olimning ilmiy-tadqiqot ishlarining salohiyati, oʼzbek tabiiy birikmalar kimyosi fanining rivojlanishiga, kimyo, farmatsevtika sanoatining oʼsishiga qoʼshgan beqiyos hissasi nafaqat bizning vatanimizda, balki butun dunyo ilmiy hamjamiyatida ham tan olingan.
H.Аripov qariyb 35 yillik ilmiy va ijodiy faoliyati davomida kichik ilmiy xodim lavozimidan institut direktori va fan nomzodidan akademik darajasigacha koʼtarilgan.
H.Аripovning Institutning yangi texnologik korpusini loyihalashtirish va qurilishidagi, Fargʼona “Аzot” ishlab chiqarish birlashmasidagi “Uzgen”, Volgograd shahri “Ximprom” ishlab chiqarish birlashmasidagi “Butilkaptaks”, Navoiy shahri EXZ korxonasidagi “Toluin” sanoat qurilmalarini yaratilishidagi xizmatlari beqiyosdir. Shuningdek, akademik tomonidan Dezoksipeganin gidroxloridi, Medamin, Fenasal, Butilkaptaks defolianti va boshqa bir necha yangi dori vositalari substantsiyalarini yaratilgan va seriyali ravishda ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyilgan. Qishloq xoʼjaligi uchun yangi “Butilkaptaks” defoliantini texnologiyasini yaratishdagi ulkan xizmatlari uchun 1984-yilda Аbu Rayxon Beruniy nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʼlgan. Qishloq xoʼjaligida yuqori samarali fungitsidlar: Uzgen, Olgin, KMАX, Nikamizolon, Ridomil hamda gerbitsidlar: Toluin, Etoksilin, Kustsid va oʼsimlik oʼsishini tezlashtiruvchi vositalar: Rozalin, Tetranil, Dorilin, Roslin ishlab chiqarilishi H. Аripov rahbarligida yoʼlga qoʼyilgan.
Dunyoda analoglari yoʼq boʼlgan yurak aritmiyasi xurujiga qarshi yangi Аllapinin dori vositasini amaliyotga joriy etishda H.Аripovning tashkilotchilik faoliyati yaqqol namoyon boʼlgan. Dori vositasini ishlab chiqarish uchun zarur boʼlgan xomashyolarni Qirgʼiziston, Qozogʼiston, Rossiya Federatsiyasi hududlaridan yetarli miqdorlarda import qilish tashkiliy ishlariga boshchilik qilgan, bu esa ushbu dori vositasi bilan Vatanimiz tibbiyoti talabini toʼliq qondirishga va dori vositasi substantsiyasini eksport qilishga imkoniyat yaratgan.