Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Shamol elektr stansiyalari qurilish loyihalarining ilmiy asoslari


O’tgan haftada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Zoologiya institutida “Qoraqalpog‘istonda quvvati 1500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha loyihani amalga oshirishning ilmiy asoslari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

 

Seminarni O‘zR FA Zoologiya institutining direktori b.f.d. Baxtiyor Xolmatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Joqarg‘i Kenesi Raisining o‘rinbosari Rustam Saparbaev, Green Business Innovation direktori Saida Yusupova va Eco Consult kompaniyasining (Iordaniya) vakili Ibrohim Mansuriy ochib berdi.

 

Seminarni o‘tkazishdan maqsad shamol elektr stansiyasi loyihasini va biologik xilma-xillik bo‘yicha o‘tkazilayotgan tadqiqotlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Seminar mahalliy va xalqaro spikerlar ishtirokida gibrid formatda o‘tkazildi.

 

  

 

Seminar mavzulari va spikerlari:

 

✳️ Biologik xilma-xillik bo‘yicha o‘tkaziladigan tadqiqotlar metodologiyasi: Mark Gash, Turnstone Ecology (Buyuk Britaniya) direktori;

✳️ Ornitologik tadqiqotlarning natijalari: Maksim Mitropolskiy, “O‘ZLITI-Injiniring” kompaniyasining biologik monitoring bo‘yicha bosh mutaxassisi;

✳️ Sut emizuvchilarni tadqiq qilish natijalari: b.f.n. Yelena Bikova, O‘zR FA Zoologiya institutining yo‘qolib ketayotgan turlar hisobini yuritish va kadastr laboratoriyasining mudirasi;

✳️ Geobotanika tadqiqotlarining natijalari: Bobur Choriev, Yuqori To‘palang Milliy tabiiy bog‘ining ilmiy kotibi;

✳️ Gerpetologik tadqiqotlar natijalari: Roman Nazarov, MDU Muzeyining ilmiy xodimi, gerpetolog;

✳️ Entomologik tadqiqotlar natijalari: Akbarjon Rozimov, O‘zR FA Zoologiya instituti.

✳️ Tuvaloqni asrash masalalari: Olga Lukshis, ekolog-konsultant, RENECE, ECCH, Tuvaloqlarni asrash bo‘yicha Amirlik markazi.

 

Taqdimotlardan keyin shamol elektr stansiyasi loyihasining maydonida biologik xilma-xillikni saqlashning dolzarb masalalari bo‘yicha munozaralar bo‘lib o‘tdi. Seminar ishtirokchilari – olimlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat organlari va NNT, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Zoologiya instituti, O‘zbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati, Davlat ekologik ekspertizasi markazi, ACWA POWER kompaniyasining vakillari loyiha va taqdim etilgan tadqiqotlar bo‘yicha o‘z sharhlarini taqdim etdilar.

 

Muhokama yakunlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun shamol elektr stansiyasi kabi katta investitsiya loyihalarining zarurati qayd etildi.

 

Seminar ishtirokchilari hududda yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholini muqobil energiya manbalari bilan ta’minlash tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

 

Seminar tashkilotchilari: ACWA Power, Eco Consult, Green Business Innovation va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!