Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Qoraqalpogʻiston Ustyurti Sharqiy chink yaylovlarining davlat kadastri tuziladi


O‘zR FA Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi ilmiy xodimlari “Qoraqalpogʻiston Respublikasining oʻsimliklar qoplami va yaylov resurslarining zamonaviy holatini baholash” dasturi, shuningdek, Botanika instituti va Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjang (Xinjiang) Ekologiya va geografiya instituti oʻrtasida tuzilgan “Orolboʻyi hududining ishqoriy shoʻrlangan yerlarini ekologik boshqarish” mavzusidagi xalqaro grant, Oʻzbekiston botaniklari jamiyati tomonidan bajarilayotgan “Orol dengizining qurigan tubi oʻsimlik qoplamini chuqur tadqiq etish asosida hudud florasining zamonaviy roʻyxatini shakllantirish, raqamli ma’lumotlar bazasi va genofond kolleksiyalarini yaratish” loyihasi doirasida Qoʻngʻirot, Moʻynoq tumanlari – Ustyurtning sharqiy chinki va Orol dengizining qurigan tubi hududlarida dala ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishdi.

 

 

Dala tadqiqotlari davomida sharqiy chinkda tarqalgan yaylоv xillarini gоrizоntal, rel’ef va edafik оmillarga nisbatan oʻzgaruvchanligini aniqlash uchun Akbulak, Kabanbay, Kurganshakala, Kassarma, Duana geоgrafik punktlarida 5 ta prоfil asоsida 26 ta dala kоrrektirоvkasi qilindi, sharqiy chinkning kalit hududlarda hamda Orol dengizi qurigan tubida   100 dan ortiq geobotanik qaydnomalar toʻldirildi. Tadqiqot hududining floristik va fitosenotik xilma-xilligi oʻrganildi, u yerda tarqalgan bugʻdoyiqzor, efedrazor, shuvoqzor, quyrovuqzor, buyurgʻunzor va oqboyalishzor yaylov tiplariga mansub yaylov xillarining kechki bahorgi-yozgi hosildorligini aniqlash uchun transektlar tashlandi, shu hududda tarqalgan yaylovlarining yaylov xillarining joylashgan joyi, suv bilan ta’minlangani, tuproq qatlami xususiyati, loyiha boʻyicha qoplanish darajalari, oʻsimliklarning landshaft turlari, ularning joylashuvi, zichligi, zaharli va begona oʻsimliklarning mavjudligi, ozuqa massasining hosildorligi, yaylovlarning payhonlanish darajasi, kabi ma'lumotlar asosida birlamchi dala-kadastr ma’lumotlari  toʻplandi. Kolleksiya qilish uchun Fritillaria karelini, Astragalus amarus urugʻlari yigʻildi, Lazareva orolidagi oʻsimliklar qoplami boʻyicha ma’lumotlari toʻplandi, Orol dengizi qurigan tubini toʻr tizimli xaritalash uchun gerbariy materiallari yigʻildi.

Laboratoriya ilmiy xodimlari tomonidan dala tadqiqot hududlaridan toʻplangan ma’lumotlar asosida Qoraqalpogʻiston Ustyurti Sharqiy chink yaylovlarining tasnifi, “Yaylovlar xaritasi”,  “Yaylovlar sigʻimi xaritasi” “Yaylovlardan mavsumiy foydalanish xaritasi” ishlab chiqiladi va tavsiflanadi.

Qoraqalpogʻiston Ustyurti Sharqiy chink yaylovlarining davlat kadastri tuziladi. Shuningdek, Orol dengizining qurigan tubi florasining zamonaviy roʻyxati shakllantiriladi. Senopopulyatsiyalarning ontogenetik strukturalari, tiplari, qarish va tiklanish indekslari, ekologik optimumi kabi koʻrsatkichlari asosida kamyob va endem oʻsimliklar populyatsiyalarining zamonaviy holati baholanadi. “Orolqum” milliy tabiat bogʼi yuksak oʻsimliklarining hudud boʻylab tarqalishini aks ettiruvchi toʻr tizimli xaritasi yaratiladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!