2025-yil 26-aprel kuni Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida O‘zbekiston-Xitoy hamkorligida tashkil etilgan “Piyozlar bog‘i” markazining yangi mavsumi tantanali tarzda ochildi. Marosimda Xitoy Fanlar akademiyasi Kunming Botanika instituti professor va ilmiy xodimlari — Tao Deng, Niu Yang, Cheng Juntong hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari, direktor akademik K. Sh. Tojibayev boshchiligida ishtirok etdi.
Toshkentdagi “Global Allium Garden” markazi ilk bor 2018-yilda akademik K. Sh. Tojibayev va Xitoy Fanlar akademiyasi Kunming Botanika bog‘i olimlari tashabbusi bilan tashkil etilgan. Dastlab 0,5 gektar maydonda tashkil topgan bog‘da O‘zbekiston florasiga mansub piyozsimon o‘simliklar bilan bir qatorda, boshqa geofit turlari — lolalar, gulsafsarlar va shirachlar ham yetishtirilgan. Ushbu bog‘ O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlovchi yirik loyihalardan biri sifatida xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston florasida 130 dan ortiq piyoz turlari mavjud bo‘lib, ularning orasida manzarali, dorivor, noyob va endemik turlar alohida ahamiyatga ega. Hozirgi kunda “Piyozlar bog‘i”da Markaziy Osiyo, Xitoy, Eron, Kavkaz, Turkiya va O‘rta Yer dengizi mintaqalariga xos 100 dan ortiq piyoz turlari parvarish qilinmoqda. 2019-yildan buyon bog‘ yangi joyga — Toshkent Botanika bog‘ining kirish qismiga ko‘chirilgan bo‘lib, o‘ziga xos dizayndagi “Allium Garden” ko‘rinishida qayta tashkil etildi. Har yili aprel–may oylarida an’anaviy ochilish marosimlari o‘tkazilib, yuzlab tashrif buyuruvchilarni jalb etmoqda. Tadbirlarda O‘zbekiston va Xitoy Fanlar akademiyalari hamda oliy o‘quv yurtlari vakillari faol ishtirok etmoqda.
Yangi bog‘da floraviy turlar bilan bir qatorda, O‘zbekistonda keng iste’mol qilinadigan piyoz navlarini jamlagan kichik kolleksiya ham tashkil etilgan bo‘lib, bu soha mutaxassislari — qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati vakillarining e’tiborini tortmoqda.
Bog‘dagi tadqiqot maydonchasida Xitoylik mutaxassislar yordamida 100 dan ortiq piyoz turiga mo‘ljallangan maxsus etiketkalar tayyorlangan. Har bir etiketkada o‘simlikning lotincha nomi, tarqalish hududi, ahamiyati haqidagi qisqacha ma’lumot va QR-kod mavjud. Bu tashrif buyuruvchilarga bahordan kech kuzgacha bog‘dagi har bir turni chuqur o‘rganish imkonini beradi.
Shuningdek, “Allium Garden” kirish qismida Xitoy elchixonasining moliyaviy ko‘magida, mahalliy ustalar tomonidan Xitoy va o‘zbek milliy uslubida yaratilgan nafis soyabonlar o‘rnatilgan bo‘lib, bog‘ga yanada betakror go‘zallik baxsh etgan.
Yaqin kelajakda Toshkent Botanika bog‘ida poytaxt mehmonlari va yurtdoshlarimiz uchun yangi, ko‘rkam va boy ilmiy ekspozitsiyalar taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda dunyoda yagona bo‘lgan ikki yirik “Global Allium Garden” — Toshkent va Kunming markazlari har mavsumda o‘n minglab o‘simliksevar sayyohlar hamda olimlarni o‘ziga jalb etmoqda. Bu bog‘lar nafaqat ichki va xalqaro turizmga, balki O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik aloqalariga ham munosib hissa qo‘shmoqda. “Piyozlar bog‘i” allaqachon ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik timsoliga aylangan va ilmiy hamjamiyat hamda jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda.