Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Oʼzbekistonda birinchi marta dissertatsiya taqdim qilmasdan fan doktorlik(DSc) ilmiy darajasi olish boʼyicha himoya boʼlib oʼtdi


OʼzR FА Ion-plazma va lazer texnologiyalari instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashda Oʼzbekistonda birinchi marta dissertatsiya himoyasisiz fan doktorlik ilmiy darajasini olish boʼyicha 2 ta himoya boʼlib oʼtdi.

Ilmiy kengash aʼzolari tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining ilmiy darajalar berish tartibi toʼgʼrisidagi nizomining 1-bob, 5-bandi talablariga muvofiq U.B.Xalilovning “Uglerod nanostrukturalarining molekulyar darajadagi selektiv sintezi” mavzusida Molekulyar fizika va issiqlik fizikasi mutaxassiligi boʼyicha fan doktorlik (DSc) ilmiy darajasini dissertatsiya himoyasiz olish uchun tayyorlagan ishi koʼrib chiqildi va muhokama qilindi.

U.B.Xalilovning doktorlik ishi mavzusi boʼyicha jami 12 ta ilmiy maqolalarini impakt-faktori tegishli darajada va undan yuqori boʼlgan hamda Web of Science xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallarda chop qilgan. Chop qilingan jurnallarning eng yuqori impakt-faktori 20.95 (Account of Chemical Research, Web of Science tizimi boʼyicha)ni va eng kichik impakt-faktori esa 2.37 (Journal of Physics D: Applied Physics, Web of Science tizimi boʼyicha)ni tashkil qiladi. Ilmiy ishlar chop etilgan jurnallarning umumiy impakt-faktori 89.68 ga va oʼrtacha impakt-faktori esa 7.47 ga teng. Talabgorning Skopus xalqaro bazasidagi Xirsh indeksi 12 ga teng va uning ilmiy ishlariga xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan (impakt faktori 2.32 – 54.30 boʼlgan jurnallarda) shu kungacha 380 marta havola qilingan.

Institut huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash tomonidan U.B. Xalilov tayyorlagan doktorlik ishi taqdimoti yuqori baholandi hamda mavzu boʼyicha chop qilingan ilmiy maqolalari OʼzR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OАK ning ilmiy darajalar berish tartibi toʼgʼrisidagi nizomining 1-bob, 5-bandi talablariga toʼliq mos keladi deb topilib, fizika-matematika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini berish loyiqligi haqidagi xulosa bir ovozdan ma`qullandi.

Shuningdek, Institut Ilmiy kengashi aʼzolari tomonidan dissertatsiya himoyasisiz fan doktorlik (DSc) ilmiy darajasini olishga talabgor M.S.Yusupovning “Sovuq plazma bilan biomolekulalar oʼzaro taʼsirining molekulyar mexanizmlari” mavzusida Molekulyar fizika va issiqlik fizikasi mutaxassiligi boʼyicha f.-m.f.d. (DSc) ilmiy darajasini himoyasiz olish uchun tayyorlagan ishi ham koʼrib chiqildi va muhokama qilindi.

M.S.Yusupovning doktorlik ishi mavzusi boʼyicha jami 23 ta ilmiy maqolalarini impakt-faktori tegishli darajada va undan yuqori boʼlgan hamda Web of Science xalqaro tizimga kirgan ilmiy jurnallarda chop qilgan. Chop qilingan jurnallarning eng yuqori impakt-faktori 7.79 (Redox Biology, Web of Science tizimi boʼyicha) ni va eng kichik impakt-faktori esa 1.74 (Biophysical Chemistry, Web of Science tizimi boʼyicha)ni tashkil qiladi. Ilmiy ishlar chop etilgan jurnallarning umumiy impakt-faktori 79.78 ga va oʼrtacha impakt-faktori esa 3.47 ga teng. Talabgorning Skopus xalqaro bazasidagi Xirsh indeksi 13 ga teng va uning ilmiy ishlariga xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan (impakt faktori 1.79 – 54.30 boʼlgan jurnallarda) shu kungacha 511 marta havola qilingan.

Institut huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash tomonidan M.S.Yusupov doktorlik ishi taqdimoti yuqori baholandi hamda doktorlik ishi mavzusi boʼyicha chop qilingan ilmiy maqolalari OʼzR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi OАK ning ilmiy darajalar berish tartibi toʼgʼrisidagi nizomining 1-bob, 5-bandi talablariga toʼliq mos keladi deb topilib, Molekulyar fizika va issiqlik fizikasi ixtisosligi boʼyicha fizika-matematika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini berish loyiqligi haqidagi xulosa bir ovozdan ma`qullandi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu himoya Fanlar akademiyasida chet elda faoliyat ko`rsatib kelayotgan yuqori malakali vatandosh olimlarni respublikamizdagi yangilanish jarayonlariga jalb qilish borasida olib borilayotgan ishlarning natijasi bo`lib, U.Xalilov va M.Yusupovlar 10 yildan ortiq chet eldagi ilmiy safardan so`ng O`zR FA Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida ishlash istagini bildirishdi. Hozirda U.Xalilov Institutda yetakchi ilmiy xodim sifatida o`z faoliyatini boshladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!