Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – inson qadrini ulugʻlash, erkin va farovon hayotimiz kafolati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi haqida


Davlat va jamiyat hayotining asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi, inson huquq va erkinliklarining huquqiy kafolati vazifasini oʻtovchi Konstitutsiya nafaqat davlatchilikning muhim atributi, balki har bir xalqning milliy gʻururi va oʻz-oʻzini hurmat qilishidir. Oʻzbekiston Konstitutsiyasi ham bundan mustasno emas.

Oʻzbekistonda har yili dekabr oyining boshida Konstitutsiya dekadasini nishonlash odat tusiga kirgan. Bu yil esa asosiy Qonunimizning 30-yilligini nishonlash konstitutsiyaviy islohotlar arafasida oʻtmoqda. Konstitutsiyaning 76 ta moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish rejalashtirilgan. Qonun loyihasiga koʻra, asosiy qonunga 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bobni kiritish rejalashtirilgan. Loyihada fuqarolar tomonidan taqdim etilgan 160 mingga yaqin takliflar inobatga olingan.

Bugun  1-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va Toshkent davlat transport universiteti hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan oʻtgan yillar mobaynida Asosiy Qonunimizning bosib oʻtgan yoʻli xususida fikr almashish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – inson qadrini ulugʻlash, erkin va farovon hayotimiz kafolati” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi.

Konferensiya doirasida  Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining jamiyat va davlat hayotini yangi bosqichga koʻtarishdagi roli, taʼlim tizimida Konstitutsiyani oʻrganishning nazariy va amaliy jihatlari, xalqaro huquq va milliy qonunchilikning oʻzaro taʼsiri muammolari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining milliy davlatchilikni shakllantirishdagi oʻrni, ijod erkinligining konstitutsiyaviy asoslari, konstitutsiyaviy normalarning amaliy ijrosini taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi maʼruzalar tinglandi va muhokama qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson qadr-qimmati, jamiyat erkin va farovon hayotining kafolati sifatida eʼtirof etildi.

 

Muhokamada Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti xodimlar,Toshkent davlat transport universiteti vakillari ishtirok etdi.

Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi yakunida besh jildlik “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi” kitobining uch jildi, “Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar Konstitutsiyalari” va “Jahon konstitutsiyalari” kitoblari taqdimoti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti xodimlari tomonidan tayyorlangan ushbu nashrlar konstitutsiyaviy-huquqiy savodxonlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etib, mamlakatimiz Asosiy Qonunining 30 yilligini nishonlashga munosib sovgʻa sifatida baholanishi mumkin.

 

 

Anjumanda maʼruzachilardan tashqari ilmiy muassasalar xodimlari va oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilari, doktorantlari, mustaqil tadqiqotchilari ham ishtirok etdilar.

 

 

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!