Kuni kecha Fanlar akademiyasi Materialshunoslik institutiga yangi ilmiy loyihalarni amalga oshirish avvalida Shanxay texnologiyalar transferi markazi ilmiy xodimlari tashrif buyurishdi. Ikki mamlakat olimlarining samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvida kelgusidagi hamkorlik masalalari kelishib olindi.
Inson faoliyati natijasida paydo boʻlayotgan issiqxona gazlari 20-asrning oʻrtalaridan boshlab kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishining asosiy sababi boʻldi. Issiqxona gazlari chiqindilarining davom yetishi butun dunyo boʻylab uzoq muddatli oʻzgarishlarni keltirib chiqaradi, odamlar va ekotizimlar uchun jiddiy, keng tarqalgan va qaytarilmas oqibatlar ehtimolini oshiradi.
Bugun mamlakatlar iqlim oʻzgarishini yumshatish milliy strategiyasining bir qismi sifatida kam uglerodli yoki karbonsizlangan iqtisodiyotga aylanishga intilmoqda. Kam uglerodli iqtisodiyotga oʻtish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga oʻtishni ragʻbatlantirish, energiyadan samarali foydalanish, energiyani tejash, transportni elektrlashtirish (elektrmobillar), uglerodni ushlab turish va saqlash va iqlimga moslashuvchan qishloq xoʻjaligi kabi koʻplab strategiya va yondashuvlar mavjud. Bularni amalga oshirish uchun tadqiqotlarni rivojlantirish va kengaytirish, keng tarqalgan innovatsiyalar va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda korxonalarni ragʻbatlantirish talab etiladi.
Uchrashuvda ikkita tashabbus muhokama qilinadi:
birinchi tashabbus - Shanxay texnologiyalar transferi markazining “Bir makon bir yoʻl”doirasida kam uglerodli texnologiyalar va innovatsion hamkorlik boʻyicha xalqaro alyansni tashkil etish;
ikkinchi tashabbus - Materialshunoslik institutining Alyansning texnologik platformalaridan biri sifatida qaralishi mumkin boʻlgan “Katta Quyosh qurilmasi” noyob ilmiy inshooti negizida “Yashil texnologiyalar vodiysi” xalqaro ilmiy xabini yaratish.
Tashabbuslarning amalga oshirilishi kam uglerodli iqtisodiyot sohasida ilgʻor innovatsiyalarni yaratish, yashil texnologiyalar va materiallardan foydalangan holda kompaniyalarning raqobatbardosh pozitsiyalarini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar ochadi. Xalqaro ilmiy tashabbuslarning maqsadli rivojlanishi turli sohalarda innovatsion rivojlanishning kuchli drayveriga aylanadi. Bunday ulkan maqsadlarga erishish uchun xalqaro ilmiy hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish kerak.
Uchrashuv doirasida Materialshunoslik institutining innovatsion ishlanmalari taqdimoti boʻlib oʻtadi, jumladan: issiqxonalar uchun haroratni moʻtadillashtiruvchi plenka, issiqlik saqlovchi va issiqlikni aks ettiruvchi materiallar, vodorod energiyasi uchun materiallar, qishloq xoʻjaligi uchun sovuq plazma texnologiyalari doirasidagi tadqiqotlar xususida fikrlar almashinildi.
Muzokaralar so‘nggida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti va Shanxay texnologiyalar transferi markazi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, Materialshunoslik instituti va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti qoshidagi Nazariy va amaliy tadqiqotlar instituti oʻrtasida “NanoTech” qoʻshma laboratoriyasini tashkil etish toʻgʻrisida ham memorandum imzolanadi. Bu hamkorliklar rivojlanish yo‘lidagi tadqiqotlarga asos bo’lib xizmat qilishi shubhasiz.