Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

OʻZBEKISTON LOLALARI XALQARO QIZIL KITOBGA KIRITILDI


Lolalar (Tulipa L.) turkumi vakillari Xitoyning gʻarbiy qismidan tortib to sharqiy Yevropa hududlarida oʻsib, Oʻrta Osiyo ushbu estetik zavq beruvchi ajoyib oʻsimlikning tarqalish va bioxilma-xillik markazi hisoblanadi. Ayni paytda Oʻzbekistonda lolalarning 33 turi mavjudligi aniqlangan.

Keyingi vaqtlarda Respublikamizda koʻpgina noyob oʻsimliklar qatori lola turlariga ham antropogen (inson faoliyatiga oid) omillarning salbiy oqibatlari oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmayapti. Buning yaqqol isboti sifatida 19 ta lola turlarini Oʻzbekiston Respublikasi Qizil Kitobiga (2019) kiritilganligi va tadqiqot natijalariga koʻra lola populyatsiyalarini qisqarib borayotganligi dalil boʻla oladi. Lekin 5 ta Qizil Kitobga kiritilgan lola turlari esa umuman muhofaza qilinmaydigan  hududlarda uchraydi.

Oʻrta Osiyo jumladan, Oʻzbekiston lolalarini muhofaza qilish boʻyicha Buyuk Britaniyaning Kembridj Universiteti va Kyu Qirollik Botanika bogʻi, Flora va Fauna Xalqaro tashkiloti, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston Respublikalari Fanlar Akademiyalari botanika va oʻsimliklarni muhofaza qilishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari ishtirokida ilmiy guruh tuzilgan va unga Oʻzbekistondan OʻzRFA Botanika instituti olimlari (akademik K. Tojiboyev, b.f.n. N.Beshko va b.f.n. D.Dexqonov) kiritilgan boʻlib, joriy yilning 10-13-may kunlari Bishkek shah rida “Oʻrta Osiyo yovvoyi lolalarini Xalqaro Qizil Kitobga kiritish va ularni muhofaza qilish boʻyicha mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish” boʻyicha amaliy seminar boʻlib oʻtgan edi. Uchrashuv davomida Oʻrta Osiyoda lolalarni tarqalishi, ularga taʼsir etayotgan omillar, muhofaza qilish strategiyasini ishlab chiqish kabi masalalar muhokama qilingan.

Amaliy ishlar natijasi sifatida Oʻzbekistonda tarqalgan 24 ta lola turlari Xalqaro Qizil Kitob sahifalaridan joy oldi. Unga koʻra, 4 ta Oʻzbekiston lola turlari yoʻqolib ketish arafasida yoki yoʻqolib borayotgan toifalarga kiritilgan va ularni 3 tasi ayni paytda muhofaza qilinmaydi.

Shu paytgacha yurtimizda oʻsuvchi birorta lola turini Xalqaro Qizil Kitobga kiritilmaganligini hamda Qizil Kitobga kiritish muhofaza qilishning samara usullaridan ekanligini hisobga olgan holda, ushbu amalga oshirilgan ijobiy natijalar Respublikamiz bioxilma-xilligini muhofaza qilish borasidagi ulkan qadamlardan biri deb hisoblaymiz.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!