Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Konimexda O‘zbekiston-Latviya zavodi bunyod etiladi


Joriy yilning may oyida Latviya Respublikasi “BAO” AJ boshqaruv kengashi raisi Yanis Vilgerts O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi olimlari bilan birga Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev boshchiligida Karakata fosforit konining “Aznek” maydoniga tashrif buyurdi. Bu yerda konni ustki qatlam sirtini ochish ishlari boshlab yuborilgan. Boltiq bo‘yi davlatidagi kompaniyaga mazkur maydonning foydali qazilmalarini qazib olishga lisenziya berilgan.

So‘nggi uchrashuvda birgalikda hal qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab muhim vazifalar qolgan edi. Ular orasida “Aznek” maydonining 1-sonli konini sanoat miqyosida o‘zlashtirish bo‘yicha yakuniy loyiha hujjatlarini tayyorlashdir. Mazkur vazifa Yevropadan kon ishi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis janob Dzinter Kalnishni jalb qilgan holda amalga oshirildi. Unga bu masalada mazkur fosforit konida dastlabki kunlardan ishlay boshlagan Navoiy bo‘lim xodimi To‘ychi Shukurov yordam berdi. Yangi loyihada konni ustki qatlam sirti ochish va qazib olish ishlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Loyihaning tafsilotlariga yaqin kunlarda bo‘lib o‘tgan davra suhbati davomida aniqlik kiritildi. Suhbatda yuqorida qayd etilgan olimlar va mutaxassislarni barchasi qatnashdi.

Tomonlar qazib olingan fosforit rudasini saqlashni tashkil etish va uni qayta ishlash uchun tashish masalalarini muhokama qildilar. Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, o‘z korxonamizda ma'danni boyitish va tayyor mahsulot ishlab chiqarish eng maqbul variant bo‘lib, u asosiy karyerga imkon qadar yaqin joyda qurilishi kerak. Bunday holda transport xarajatlari minimallashtiriladi va tayyor mahsulotni, ya'ni qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun o‘g‘itlar tannarxi pasayadi.

Konimex tumani hokimi M.Egamqulov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va o‘g‘itlar ishlab chiqarish kichik tajriba zavodini qurish maydonchasini aniqlash uchun konga borildi.

Shuningdek, Navoiyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda korxonani Konimex tumanida erkin iqtisodiy zona a'zosi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish variantlari muhokama qilindi. Buning uchun “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ bosh direktori Habib Abdullayev boshchiligidagi “Navoiy” EIZ vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Latviyadan kelgan tadbirkorlar EIZning ishtirokchisi maqomini olish mexanizmlari va natijada yuzaga keladigan imkoniyatlar, xususan, zavod qurish uchun yer uchastkasini ajratish, soliqlarni to‘lash hamda va tayyor mahsulot eksporti uchun beriladigan imtiyoz va preferensiyalar to‘g‘risida batafsil ma'lumot oldilar. Ammo, avvalo to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya miqdorini ko‘rsatadigan texnik-iqtisodiy asosni tayyorlash zarur ekanligi ta'kidlandi. Hozirgi kunda ushbu hujjat tayyorlanmoqda.

Eslatib o‘tish joizki, joriy yil oxiriga qadar Latviyalik kompaniya “Aznek” fosforit konini qazib olish loyihasiga kamida 3 million AQSh dollarilik konchilik ishlari texnika va transportlari shaklida investisiyalar kiritadi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!