Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

O‘zbekiston konstitutsiyasi - “xalqchil qomus”


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligini nishonlash maqsadida “Konstitusiyamiz – “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” g‘oyasining huquqiy asosi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Bo‘lim raisi, g-m.f.d., professor A.U.Mirzayev tarixan juda qisqa muddatda Asosiy qonunimiz – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishlab chiqilgani va unda ko‘p millatli O‘zbekiston aholisining xohish-irodasi mustahkamlab qo’yilganligini va bugungi “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash”ning huquqiy asosi ekanligini e'tirof etib, yig‘ilganlarni ushbu ulug‘ kun bilan muborakbod etdi.

 

“Bu qomusiy hujjatda mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining asosiy tamoyillari aniq ifodalab berilgan va davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi eng muhim tamoyil sifatida belgilandi. Shuningdek, inson huquqlarining davlat manfaatlaridan, umume'tirof etilgan xalqaro huquq normalarining esa milliy huquqiy me'yorlardan ustunligi ham Konstitusiyada muhrlab qo‘yilgan” – dedi o‘z ma'ruzasida bo‘lim huquqshunosi I.K.Karimov.

Seminarda Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limi “Ustoz olimlar va mehnat faxriylari maslahatxonasi” rahbari, t.f.n., dosent M.B.Yuldasheva yig‘ilish qatnashchilariga O‘zbekiston Konstitusiyasining yaratilishi yo‘lidagi kurashlar mustaqillik uchun kurashning uzviy, ajralmas qismi ekanligini istiqlol qanday qiyinchiliklar bilan, qanday sinov va suronli kurashlar bilan qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, O‘zbekistonning birinchi Konstitusiyasini yaratish yo‘lida ham xuddi shunday murakkab sinovlarlarga duchor bo‘lganligini so‘zlab berdi. Shu bilan birga, Suveren O‘zbekistonning birinchi Konstitusiyasini tayyorlash, muhokama etish, qabul qilish va uning amal qilishi yo‘lidagi 10 ta huquqiy qadamni bu boradagi eng muhim tarixiy voqealar sifatida sanab o‘tdi. Darhaqiqat, Konstitusiyani yaratish tarixi – bu mustaqillik uchun kurashning uzviy tarkibiy qismidir.

Oilada, yoshlar orasida huquqiy tarbiyani shakllantirishning ahamiyati haqidagi “Qayta tiklanuvchi energiya, energotejamkorlik va ekologiya” bo‘limi mudiri, q.x.f.n. O‘.T.Xakimovning fikrlari qizg‘in bahs-munozaraga sabab bo‘ldi.

Zotan, Konstitusiyaning g‘oya va normalari o‘zbek xalqining teran tarixiy ildizlariga asoslangan bo‘lib, u ko‘p asrlik tajriba va ma'naviy qadriyatlarni, ulug‘ ajdodlarimizning huquqiy merosini o‘z ichiga olgan. Shu sababli, yoshlarning, ayniqsa olimlarning huquqiy savodxonligi “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” g‘oyasining amalga oshirishning asosiy omillaridan biridir. Shu o‘rinda, “xalqchil qomus” - O‘zbekiston konstitusiyamiz xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi, ularning erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda.

Tadbir so‘ngida, seminarda faol ishtirok etganlarga esdalik sovg‘asi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi kitobi taqdim etildi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!