Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi borasida qilinayotgan ilmiy ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani haqida


       Oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Shu bois ham bugungi kunda olimlarimiz eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan muhim masalalardan biri oziq-ovqat xavfsizligi borasida ilmiy-tadqiqotlar qilish va uni hayotga tadbiq etishdir.

Bugun 28-noyabr sanasida Milliy matbuot markazida  oʻtkazilayoitgan Matbuot anjumanda ham Fanlar akademiyasi tarkibidagi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun qilinayotgan saʼy-harakatlar, ilmiy izlanishlar va ularning natijalari yuzasidan  maʼlumotlar berib oʻtiladi.

  Matbuot anjumanida spiker sifatida Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Ibragimov Baxtiyor Toʻlaganovich, Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti direktori Narimonov Abdujalil Abdusamatovich, Qishloq xoʻjaligi vazirligining Sabzavot, poliz ekinlari va Kartoshkachilik ilmiy tadqiqot  instituti laboratoriya mudiri Hakimov Rafiqjon Abdunabiyevich, Qishloq xoʻjaligi vazirligi oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Qoraboyev Xurshid Abduvahobovich, shuningdek, shu yoʻnalishda ilmiy-tadqiqotlar olib borayotgan ilmiy xodimlar ishtirok etdi.

 

 

Tizimda oziq-ovqat xavfsizligi borasida qilinayotgan ilmiy ishlar xususida: OʻzR FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutining oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishda olib borgayotgan ilmiy izlanishlari.

 Institut olimlari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, yuqori ozuqabop, tarkibida oqsil miqdori yuqori boʻlgan ekin turlari boʻyicha yangi navlar yaratishga qaratilgan bir qator tadqiqotlar olib borilmoqda.

 Global iqlim oʻzgarishi sababli aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda hosildorligi, nonboplik sifati yuqoriligi jihatidan xorijiy navlardan qolishmaydigan, issiqlik va qurgʻoqchilikka chidamli boʻlgan, oqsilga boy qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini yaratish va birlamchi urugʻchiligini tashkil qilish maqsadida OʻzR FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari tomonidan yumshoq bugʻdoyning “Bardosh”, “Pahlavon”, “Oqmarvarid”, “Qayroqtosh”, “Eʼzoz” kabi mahalliy navlari yaratilib,  Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga realizatsiya qilinmoqda. Bundan tashqari oddiy soyaning “Genetik-1” va “Sochilmas” navlari, sabzavot soyasining “Izumrud”, sabzavot loviyasining “Sharq yulduzi” navlari yaratilib, xalqimizni oqsilga boy ozuqa bilan taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Institutda azot oʻzlashtiruvchi rizobakteriyalar asosidagi “Bioazot-N” biopreparatini qishloq xoʻjalik ekinlarini hosildorligini  va tuproq unumdorligini oshirish uchun joriy etildi. Hozirda ushbu biopreparatni keng miqdorda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, Namangan viloyati Mingbuloq tumanidagi oʻzlashtirilgan (shoʻrlangan) choʻl hududida 100% biologik usulda bugʻdoy yetishtirildi. Toshkent viloyati Boʻka tumanida biologik usulda (mineral oʻgʻitlarsiz) bugʻdoy, arpa va poliz ekinlari, jumladan, bulgʻor qalampiri yetishtirildi. Shoʻrlangan maydonlarda biologik usulda dehqonchilik qilishning agrobiotexnologiyasi ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik asosida Butunjahon sabzavotchilik markazi (Tayvan)dan mosh oʻsimligining 15 ta eng serhosil va mexanizatsiyada oʻrishga moslashgan navlari keltirilib, yurtimiz iqlim sharoitiga moslashgan, mexanizatsiyada oʻrishga mos navlarni yaratish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borilyapti. Eng muhimi, uni bugʻdoydan keyin ikkinchi ekin sifatida ekib, yuqori hosil olish mumkinligi isbotlangan. Shuningdek, chetdan keltirilgan noʻxat va yasmiq ekin turlari borasida ham ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Noʻxatning yangi kolleksiya namunalaridan gektariga oʻrtacha 25-30 sentnergacha, yasmiq ekinidan esa 23-26 sentnergacha hosil olindi. Turli omillarga chidamli, hosildor va yuqori oqsilga ega boʻlgan noʻxat hamda yasmiqning 2 tadan yangi navlari yaratilib, Davlat nav sinash komissiyasiga topshirildi. Mahalliy sharoitda yaratilgan navlar tabiat omillariga chidamli boʻlgani sababli yuqori hosil olindi. Bu navlarni yurtimizning issiq va qurgʻoqchil joylarida ekish tavsiya qilinadi.

OʻzR FA Genomika va bioinformatika markazining oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishda olib borgayotgan ilmiy izlanishlari:

     Genomika va bioinformatika markazi olimlari ham qishloq xoʻjaligi ekinlarini zamonaviy genlarni tahrirlovchi texnologiyalar yordamida takomillashtirish ustida koʻpdan beri izlanishlar olib boradi. Natijalar esa qisqa vaqtda olingan yangi biotexnologik oʻsimlik navlari bilan yakunlanmoqda.

Hosildorlik, ertapisharlik va turli biotik hamda abiotik stresslarga aloqador genlar ustida olib borilgan tahrir ishlari natijasida bugungacha, bugʻdoy va kartoshkaning hosildor “Barkamol” va “Bisyor”, navlari, gʻoʻzaning tola sifati yaxshilangan, ertapishar, hosildor va filt kasalliklariga, shuningdek, shoʻr va qurgʻoqchil muhitlarda bemalol oʻsa oladigan “Porloq” seriyasidagi 8 ta, “Ravnaq-1”, “Ravnaq-2”, “Sahovat”, “Baraka”, “Tafakkur”, “Bardosh” va boshqa qator navlari olindi. 

 

Shuningdek, uzumning bir qator qadimiy navlari in vitro mikro klonlash usulida yangilanib, mahalliy bogʻbonlarga yetkazib berildi. Bundan tashqari, mahalliy anorlar navlarini pasportlash ishlari amalga oshirildi va anorning yangi iqlim oʻzgarishlariga bardoshli navlarini olish boʻyicha tadqiqotlar davom ettirilmoqda.

Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq tumanida joylashgan Orolning qurigan tubida yangi shoʻrga, qurgʻoqchilikka va sovuq iqlimga bardoshli gʻoʻza navlari sinovdan muvaffaqiyatli oʻtkazilib, ayni paytda ushbu navlarning kelgusi yilda urugʻlarini koʻpaytirish ishlari rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik asosida Amerika qoʻshma shtatlari olimlari bilan fuzariozli viltga chidamli yangi gʻoʻza navlari roʻyhatdan oʻtkazildi. Makkajoʻxorining abiotik stresslarga chidamli yangi navlarini CRISPR Cas eng soʻnggi biotexnologik usulida olish boʻyicha yangi tadqiqotlar boshlandi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!