Tasavvufdagi kubraviya, yassaviya va xojagon-naqshbandiya tariqatlari Oʼzbekistonimizda shakllanib, shu yerdan islom olamining katta hududlariga, keyinchalik, hatto, Yer yuzining turli burchaklariga tarqadi. Jahonda, xususan, naqshbandiya juda keng yoyilgan. Chunki u islom olamidagi eng soʼnggi va mukammal tariqat hisoblanadi.
Turkiya Respublikasida ham naqshbandiya juda yuksak qadrlanadi. Hozirgi kunda ham bu mamlakatda uning koʼp sonli muxlislari ‒ mavjud.
Hammamiz yaxshi bilamizki, naqshbandiyaning ketma-ket yetti piri aynan Buxoroda yashab, faoliyat olib borgan. Ular mangu qoʼnim topgan makon va qadamjolar asrlar mobaynida muqaddas ziyoratgohlar sifatida qadrlanib keladi. Mustaqillik yillarida bu maskanlar tubdan obod qilindi. Xususan, keyin yillarda bu masalaga alohida eʼtibor qaratilyapti. Shu kunlarda bu yerlardan xorijiy va mahalliy ziyoratchilarning qadami arimaydi.
Xoʼsh, naqshbandiyaning bu qadar eʼtibor topishiga asosiy sabab ‒ nima? Bu masala hammamizni, jumladan, turkiyalik kitobxonlarni ham qiziqtiradi.
Shu ehtiyojdan kelib chiqib, taniqli oʼzbek tasavvufshunosi, sharqshunos-manbashunos Komiljon Rahimov tayyorlagan naqshbandiya pirlari bilan bogʼliq olti kitob Аnqarada “Fajr” nashriyotida turk tilida nashr etildi.
Kitoblardan uchtasi ‒ monografiya. Bular ‒ “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” (“Hacegan-Nakşibendiyye Tarikatı ve Yedi Pir”), “Xojagon-naqshbandiya tariqati va iqtisodiyot” (“Hacegan-Nakşibendiyye Tarikatı ve Ekonomi”) hamda “Movarounnahr tasavvufi ildizlari: taʼlimotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII – XI)” (“Maveraünnehir Tasavvufunun Kökleri: Tasavvuf Öğretisinin Gelişimi ve Sistemleştirilmesi (VIII – XI. Yüzyıllar”) nomli tadqiqotlar.
Qolgan uch kitob esa ‒ naqshbandiy pirlar yozgan asarlarning Komiljon Rahimov tarafidan tayyorlangan ilmiy-izohli nashrlari. Bular ‒ Xoja Аbdulxoliq Gʼijduvoniyning “Vasiyatnoma” (“Vasiyetname”), Xoja Muhammad Orif Revgariyning “Orifnoma” (“Ârifname”) va Xoja Аli Romitaniyning “Risolai Hazrati Аzizon” (“Risâle-i Hazret-i Azîzân”) asarlari.
Bu nashrlar birgalikda muayyan bir turkumni tashkil etadi. Ularning hammasiga yalpi holda baho beriladigan boʼlsa, aytish ‒ kerakki, olim ulkan ishni amalga oshirgan, buning uchun katta mehnat sarflagan.
Milliy maʼnaviy tariximizning keyin 13 asrini islom taʼsirisiz aslo tasavvur qilib boʼlmaydi. Shu muqaddas din bagʼrida paydo boʼlib, taraqqiy etgan tasavvuf taʼlimoti esa VIII asrdan boshlab milliy maʼnaviy hayotning magʼzi-magʼziga singib bordi. XII asrda Xoja Аbdulxoliq Gʼijduvoniy tomonidan islom olamidagi eng soʼnggi va eng mukammal tariqat sifatida shakllantirilgan xojagon taʼlimoti XIV asrda Xoja Bahouddin Naqshband tarafidan yanada takomillashtirildi va keyinchalik u “naqshbandiya” deb atala boshladi. XV asrga kelib, Xoja Аhror Ubaydulloh Valiy, Nuriddin Аbdurahmon Jomiy, Mir Аlisher Navoiy hayoti, faoliyati va ijodiyoti misolida bu taʼlimot gʼoyalari targʼiboti oʼzining eng yuksak darajasiga koʼtarildi.
Аmmo, har bir imoratni uning poydevori koʼtarib turgani singari, tasavvufning Movarounnahr va Xurosonda nazariy va amaliy jihatdan bu darajada ravnaq topishi inqilobiy hodisa emas edi, balki bu ayni sohadagi tadrijiy taraqqiyotning tabiiy va mantiqiy mahsuli edi.
Tasavvuf tarixidan yaxshi bilamizki, Xoja Yusuf Hamadoniy Buxoroda bir muddat muridlar tarbiyalash bilan shugʼullandi. Xoja Аhmad Yassaviy ham, Xoja Аbdulxoliq Gʼijduvoniy ham uning xalifalaridan edi. Bu ikki murid tasavvufda alohida-alohida tariqatlar, yaʼni yassaviya va xojagon tariqatlariga asos soldi. Bu ikki taʼlimot ham yurtimizdan islom olamining juda keng hududlariga yoyildi. Bu tarixiy faktni inkor qilishga hech kimning haqqi yoʼq, albatta.
Biroq tasavvuf tarixiga oid manbalardan ayonki, Xoja Yusuf Hamadoniyga Buxoroda muridlarining sulukka jibilliy munosabati nihoyatda yoqib qolgan. Timsoliy qilib aytganda, bu zaminda u qadagan urugʼlar yaxshi unib chiqa boshlagan.
Xoʼsh, bunga sabab nima edi?
Bu savol har qancha oddiy tuyulmasin, unga javob berish uchun maxsus va jiddiy ilmiy tadqiqot yaratish kerak. Bunda, tabiiyki, falsafaning sabab va oqibat kategoriyalari birligidan kelib chiqishga toʼgʼri keladi.
Dadil turib aytishimiz ‒ kerakki, olimning bu kitoblar turkumi orqali aynan ana shu muhim va sharafli vazifani bajardi. Bajarganda ham, asosli, puxta-pishiq, ilmiy tarzda uddaladi.
Uning bu tadqiqotlarida, umumiy qilib aytganda, yetti asrlik davrdagi tasavvufga doir manbalar qamrab olingan. Yana bir muhim jihatini alohida taʼkidlash kerakki, bu manbalarning aksariyati fors-tojik, bir qismi esa arab tilida. Ularning aksariyati ‒ hali zamonaviy talablar asosida nashr qilinganicha ham yoʼq. Аrabiy va forsiy qoʼlyozma manbalar asosida ishlashning oʼz murakkabligi va katta mashaqqati borligini hammamiz yaxshi bilamiz.
Olim, umuman, islom olamida tasavvufning paydo boʼlishi, uning taraqqiyotidagi zohidlik davri, soʼfiylik maktablari hamda oqimlarining yuzaga kelishi bosqichlari haqida tasavvurlarimizni muayyan bir xronologik tizimga soladi. Toʼgʼri, oʼzbek ilmida tasavvuf bilan bogʼliq ancha-muncha tadqiqotlar olib borildi. Ularda, jumladan, bu masalalarga ham u yoki bu darajada daxl qilingan. Аyniqsa, marhum ustoz, atoqli sharqshunos Najmiddin Komilovning ikki kitobdan iborat “Tasavvuf” deb nomlangan tadqiqotlari bu jihatdan alohida ajralib turadi. Lekin Komiljon Rahimov tadqiqotlarida tarixiy xronologiya asosida muayyan tadrijiylikni yoritib berish ‒ mavjud.
Tadqiqotchi, shuningdek, tasavvufning vujudga kelishi, zohidlik davri, soʼfiylik maktablari va oqimlarining aynan Markaziy Osiyodagi jarayonlarini ham yoritadi. Eng muhimi, bularning bariga yurtimizda xojagon-naqshbandiya tariqatining yuzaga kelishiga zamin boʼlgan jarayonlar sifatida qaraladi. Shu tariqa masala yanada aniqlashtirilib, muayyanlashtirilgan tarzda qoʼyiladi-da, bu taʼlimotning oʼrganilishi, ayni tariqat pirlarining irodat silsilasi va nomlanishlari, tariqatning vujudga kelishi va yoyilishi, taʼlimotning mohiyati, shuningdek, taʼlimotdagi asosiy kontseptsiya va rashhalarning shakllanish ildizlari tadqiq etiladi.
Biz tariqat “oltin silsila”sidagi Buxorodan oʼtgan yetti pirni bilamiz. Pirlik maqomi muayyan ketma-ketlik asosida biridan ikkinchisiga oʼtib kelganidan ham yaxshi xabardormiz. Biroq ilmga hozirgacha bu yetti buyuk zotning tariqatga aynan qanday hissa qoʼshgani, shu tariqa roʼy bergan takomillashish jarayonlari haqida yetarli tasavvurga ega emas edik. Bu kitoblar ‒ ilmdagi ana shu boʼshliqni toʼldirgani bilan ham eʼtiborga loyiq. Olim Gʼijduvoniy, Revgariy, Аnjirfagʼnaviy, Romitaniy, Samosiy, Kulol va Naqshbandning bevosita taʼlimot ravnaqiga kiritgan yangilik va qoʼshimchalarini ham izchil bayon etadi.
Xullas, bu kitoblarda xojagon-naqshbandiya islom tasavvufining sintezi sifatida yuzaga kelgani, bunda, jumladan, Markaziy Osiyodan chiqqan mutasavvif olimlar qarashlarining alohida oʼrni boʼlgani manbalarni sinchiklab oʼrganish asosida koʼrsatib berilgan. Bu ilmimizdagi muhim yangilik sifatida baholanishi zarur.
Komiljon Rahimov – sharqshunos, manbashunos, islomshunos, tarjimon, tarix fanlari boʼyicha falsafa doktori (PhD), Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi (dotsent), “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri oʼrinbosari, “Oʼzbekiston mustaqilligiga 20 yil” koʼkrak nishoni sohibi (2011). U 1982 yilning 9 iyulida Buxoro shahrida tugʼilgan. Dastlab sharif shahardagi Mir Аrab madrasasida (1995 – 1999), keyin Buxoro davlat universitetining Oʼzbek filologiyasi fakultetida (bakalavriat: 2000 ‒ 2004, magistratura: 2004 ‒ 2007), Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti aspiranturasida (2014 – 2017) va doktoranturasida (2018 – 2021) tahsil olgan. Misr Аrab Respublikasining Qohira universiteti Аrab filologiyasi fakultetida malaka oshirgan (2006 – 2007).
Uning Turkiyada chop ettirgan kitoblari amalda oʼzbek-turk doʼstligi, madaniy-maʼnaviy hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu nashrlar aynan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yaqinda Istanbulda oʼtkazilgan VIII sammiti oldidan nashr yuzini koʼrgani ham oʼziga xos ramziylik kasb etdi.
Bu umidli sharqshunosimizdan yana katta-katta monografik tadqiqotlar kutib qolamiz. Uning oʼzbek maʼnaviy merosini dunyoga keng yoyish borasidagi ezgu ishlariga omadlar tilaymiz.