Hozirgi kunda g‘o‘za iqtisodiy jihatdan muhim ekinlaridan biri hisoblanadi. G‘o‘za dunyoda 80 dan ortiq mamlakatda ekilib, yiliga o‘rtacha 25,65 mln metrik tonna hosil olinadi. Dunyo paxtachiligida tola sifati va hosildorligi yuqori, ertapishar, kasallik va zararkunanda hasharotlarga chidamli, tabiatning turli noqulayliklariga bardoshli g‘o‘za navlarini yaratish eng muhim vazifalardan sanaladi. G‘o‘za selektsiyasining an’anaviy usullari asosida yangi navlarni yaratish bir muncha uzoq vaqt, sarf-xarajat talab etib, tabiatning noqulayliklari ham selektsion jarayonlarga salbiy ta’sir etadi.
Bu g‘o‘zachilikning qiyin masalasini yechish uchun tadqiqotchilar “yangi avlod innovatsion texnologiyalarini” ishlab chiqishga kirishdilar. O‘zR FA Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan RNK-interferentsiyasi va fitoxrom genlarining nukleotid ketma-ketliklari asosida g‘o‘za uchun ilk bora gen-nokaut texnologiyasi ishlab chiqilib, O‘zbekistonda birinchi marotaba yuqori sifatli, ertapishar, hosildor, qurg‘oqchilikka chidamli hamda yuqori sifatli uzun tolaga ega Porloq seriyasidagi biotexnologik g‘o‘za navlari yaratildi (Porloq-1, Porloq-2, Porloq-3, Porloq-4).
Ta’kidlash joizki, molekulyar texnologiyalar dunyodagi sanoqli davlatlardagina rivojlangan bo‘lib, o‘zbek olimlarining molekulyar biologiya sohasidagi mazkur innovatsiyalarining dunyoda tan olinishi izlanuvchilarimizning ilmiy salohiyati yuqori ekanligidan dalolat beradi. Mazkur texnologiyaga AQSh Patentlar va tovar belgilari idorasi tomonidan patent berilgan edi. Bu bilan birga, O‘zR FA Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan yaratilgan g‘o‘za genlarning gen-nokaut texnologiyasi Misr va Rossiya Federatsiyasida patentlangan. Patent berilishi xalqaro darajada texnologiyalarni litsenziyalash imkoniyatini beradi. Bu nafaqat tovarlar eksporti uchun, balki intellektual mulkdan ham daromad olish imkoniyati paydo bo‘ladi degani.
Hozirgi kunda “Porloq” navi yurtimizda yetishtiriladigan boshqa navlarga qaraganda 12 foizga qimmatroq narxda sotiladi va jahon bozorida katta talabga egaligi bilan ajralib turadi hamda respublikamiz bo‘ylab 60 ming gektardan oshiq maydonlarda ekiladi, bu navning ekilish maydonlari yanada kengaytirilishi kutilmoqda.