Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Oʼta oʼtkazuvchan materiallar: muammolar, texnologiyalar, tadqiqot usullari” mavzusida oʼtkazilgan xalqaro ilmiy-onlayn seminar


Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti tomonidan “Oʼta oʼtkazuvchan materiallar: muammolar, texnologiyalar, tadqiqot usullari” mavzusida xalqaro ilmiy onlayn seminar oʼtkazildi.

Seminarda N.P. Ogaryov nomidagi Mordoviya Davlat universiteti (Rossiya), Gruziya Fanlar akademiyasining E. Аndronikashvili nomidagi Fizika instituti, Oʼzbekiston Milliy universiteti, Buxoro davlat universitetining olimlari, doktorantlari va yosh mutaxassislari, shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi mtaxassislari ishtirok etdilar.

Seminar oʼta oʼtkazuvchan materiallarni olish va ishlab chiqish boʼyicha tadqiqotlarning hozirgi holatini muhokama etish maqsadida oʼtkazildi.

  

Seminarda Oʼzbekiston olimlari tomonidan Katta Quyosh qurilmasida (Materialshunoslik instituti) oʼta oʼtkazuvchanlik xususiyatiga ega materiallar olish, energetika sohasini tok uzatish uchun asos boʼlib hisoblanuvchi yuqori kritik xossali oʼta oʼtkazuvchan keramik materiallar bilan taʼminlashda Quyosh texnologiyasining afzalliklari haqidagi maʼruzalari taqdim etildi. Shuningdek, oʼta oʼtkazuvchanlikdagi donalararo chegaralarda zaryadlar ulushi, nano qatlamli tuzilmalar nazariyasi va bozonlar nazariyasi nuqtai nazaridan nazariy yondashuvlar muhokama qilindi.

Ishtirokchilarda, professor V.Tavkelidze (Gruziya) tomonidan taqdim etilgan oʼta oʼtkazuvchanlik xususiyatiga ega fazalarni oʼrganish uchun vibratsiyali indikator usulidan foydalanish gʼoyasi katta qiziqish oʼygʼotdi. Ushbu usul Oʼzbekistondagi Katta Quyosh qurilmasida olingan oʼta oʼtkazuvchan materiallarni oʼrganish uchun qoʼllanilgan hamda yuqori haroratli oʼta oʼtkazuvchan fazalar hosil boʼlishini tasdiqlagan.

Professor N.Kuzmichev (Rossiya), magnit xususiyatlar haqida, gisterezisni oʼrganish, oʼta oʼtkazuvchan materiallar magnit xossalarining haroratga toʼgʼri va teskari bogʼliqliklarini oʼrganish borasidagi tadqiqotlar natijalarini muhokamaga taqdim etdi. Maʼruza, OʼzR FА Materialshunoslik institutida ushbu usulni qoʼllagan holda tadqiqotlar oʼtkazish va qurilmalar yaratib amaliyyotda foydalanish imkoniyatlari mavjudligi bilan qiziqish uygʼotdi.

Ishtirokchilar Oʼzbekistonda yuqori haroratlarda oʼta oʼtkazuvchan materiallarni olish sohasida izlanishlar yuqori saviyada olib borilayotganligi, mujassamlangan Quyosh nurlanishining materialga taʼsiri asosida energiya tejamkor innovatsion nanotexnologiyalar ishlab chiqarilayotganini taʼkidladilar.

Muhokamalar yakunida seminar ishtirokchilari Katta Quyosh qurilmasida (Oʼzbekiston) oʼta oʼtkazuvchan materiallarni olish va shu yoʼnalishdagi tadqiqotlarni kengaytirish boʼyicha oʼzaro hamkorlik toʼgʼrisida kelishib oldilar.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!