O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika, Zoologiya va Mikrobiologiya, Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti hamkorligida, shuningdek, Rossiya va Qozog‘iston olimlari ishtirokida joriy yilning 24-avgustidan 4-sentyabrigacha Orolbo‘yi hududlarida bioxilma-xillik va ekologiya muammolarini o‘rganishga bag‘ishlangan muhim kompleks ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish maqsadida ekspeditsiya tashkil etiladi. Bugun mazkur ekspeditsiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti professor Shahlo Turdikulova so‘zga chiqdi: Orol dengizi global miqyosdagi ekologik inqiroz ramzi, bu inson faoliyati jiddiy va qaytarilmas ekologik oqibatlarga olib kelishining jonli misolidir. Oxirigi o‘n yilliklarda Orolbo‘yi hududlarida biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, cho‘llanishning kuchayishi va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning ko‘payishi mazkur hududlarda shoshilinch va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar zarurligini ko‘rsatyabdi. Bugungi kunda mazkur muammolarning ko‘lami nafaqat Orolbo‘yi hududlarida, balki butun mintaqada dolzarb, hal etilishi kechiktirib bo‘lmaydigan masalaga aylandi va ushbu muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlik har qachongidan ham zarurligini ko‘rsatdi. Shu nuqtai nazardan bugun bu yerda to‘plangan fidoyi olimlarning hamkorligi o‘z vaqtida tashkil etilayotgan muhim amaliy qadamlardan biri ekanligini aytib o‘tdi.
Olimlarning hamkorlikdagi tadqiqotlari Orolbo‘yining ekologik muvozanatini tiklash va Orolbo‘yi aholisi turmushini yaxshilashga qaratilgan umumiy sa’y-harakatlarni aks ettiradi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, xususan, Botanika, Zoologiya, Mikrobiologiya institutlari va boshqa ko‘plab ilmiy muassasalar uzoq yillardan beri Orolbo‘yi hududlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli ilmiy tadqiqotlarda faol qatnashib kelmoqda. Yillar davomida olimlarimiz ushbu tez o‘zgaruvchan muhitning murakkab dinamikasini tushunish uchun keng qamrovli ilmiy tadqiqotlar o‘tkazdilar. So‘ngi yillarda Orolbo‘yi hududlarida bir nechta fundamental va amaliy-innovatsion loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ushbu tadqiqotlar ekologik tanazzulning asosiy omillarini aniqlash va zararni yumshatish, qolaversa, bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha muqobil yechimlarni taklif qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Olayotgan muhim ilmiy yutuqlarimizga qaramay, Orol bo‘yi hududida hali yana ko‘p hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalar oldimizda turibdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida ham buni alohida ta’kidlab, Orolbo‘yida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga yana 80 million dollar ajratilishini ma’lum qildilar. Bu esa Orol dengizi ekotizimini yaxshilash davlatimizning ustuvor vazifalaridan biri ekanligini yana bir bor tasdiqlab turibdi.
Tadqiqot hududidagi ekspeditsiya jarayonlarini keyingi xabarlarimizda yanada batafsil yoritib borishga harakat qilamiz.