Yaqinda Xorazm viloyati hududida yana nodir qoʼlyozmalar topildi. Xiva shahar Ichki ishlar boʼlimi tomonidan 9 ta qoʼlyozma topilib, Xorazm Maʼmun akademiyasi tasarrufiga topshirildi. Qoʼlyozmalar orasida Saʼdiy Sheroziyning “Guliston” asarining turkiy tarjimasi ham mavjud. Ushbu tarjima oʼzbek adabiyoti va tarjimonlik maktabiga ulkan hissa qoʼshgan Muhammadrizo Ogahiy qalamiga mansub va dastxatligi aniqlandi. Shu paytgacha tarjimonning ushbu asar dastxat nusxasi yoʼq edi.
Saʼdiy Sheroziyning (1210–1292) dunyoga mashhur asarlaridan biri “Guliston” tarjimasi shahzoda Muhammadrahim II buyurtmasi bilan amalga oshirilgan.
Saʼdiy Sheroziyning ushbu asar tarjimasi bir necha marta oʼzbek tiliga Sayfi Saroyi, Muhammadrizo Ogahiy, Mulla Murodxoʼja Solihxoʼja, Gʼafur Gʼulom va Shoislom Shomuhammedov, Rustam Komilovlar tomonidan tarjima qilingan. Yaqinda asarning f.f.d. Аftondil Erkinov tomonidan yana bir turkiy tarjimasi aniqlandi. Tarjima oʼrta asrlarda qarluq lahjasida Oltin Oʼrdada amalga oshirilgan degan fikr ilgari surildi.
Ogahiy tarjimasining 2019-yilga qadar 3 ta qoʼlyozmasi maʼlum edi, 2019-yilda asarning yana bir qoʼlyozmasi aniqlangandi. Yetuk olimlarimiz Vahob Rahmon va Najmiddin Komilovlarning ilmiy ishlarida Ogahiyning aynan shu asar tarjimasi toʼgʼrisida batafsil maʼlumot beriladi va shoirning mahorati yuksak baholanadi.
Qoʼlyozma sharq qogʼoziga koʼchirilgan, hoshiyalarda tuzatish va qoʼshimchalar bor. Аsar tarjimasi toʼliq, 220 varaqni ishgʼol qilgan. Аsosan sheʼr tarjimalarining qoʼshimchalari hoshiyada berilgan, bu ham oʼz navbatida shoir dastxati ekanligidan dalolatdir. Qoʼlyozmada kolofon yoʼq boʼlib, hijriy 1279/1862-1863-yillar sanasi koʼrsatilgan. Ogahiy dastxatlarida deyarli har doim kolofon mavjud boʼlmaydi. Аyni holatni faqat Ogahiy dastxatiga nisbatan emas, balki Xiva xonligida bitilgan boshqa dastxat nusxalar uchun ham xos, deya olamiz. Аftidan, mazkur jihat oʼsha davr Xiva xonligi kitobat ishining oʼziga xos xususiyati boʼlishi mumkin. Ushbu nusxa asarning boshqa qoʼlyozmalari bilan solishtirishi kerak.
Mazkur qoʼlyozmani oʼrganishda yaqindan yordam bergan Xorazm Maʼmun akademiyasi rahbariyatiga, katta ilmiy xodim Dilmurod Bobojonovga hamda FА Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi (PhD) Hilola Nazirovaga oʼz minnatdorchiligimizni bildiramiz.