Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi o‘simliklar genomi bilan bog‘lik zamonaviy ilmiy izlanishlar olib borish va ularni tadbiq qilish bilan shug‘ullanadi hamda hozirda bir qator yangi ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Mazkur Markaz faoliyati bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish, olimlar, laboratoriyalar ish jarayonini bevosita kuzatish, sohadagi ilmiy yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida bugun, 28-mart kuni OAV vakillari uchun press-tur va Yangi O‘zbekiston universiteti talabalari hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Press-tur ishtirokchilari Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan qishloq xoʼjaligi oʼsimliklari genomlari strukturasini oʼrganish, gʼoʼza, boʼgʼdoy, soya, sholi, anor va uzum navlari uchun gen-muhandisligi va genom texnologiyalarini qoʼllash; gen va hujayra muxandisligi, markerlarga asoslangan selektsiya, genom va virtual selektsiya dasturlarini ishlab chiqish va ular asosida stress omillariga (sovuqqa, qurgʼoqchilikka, shoʼrlanish), kasalliklar (viltga) chidamli boʼlgan yangi, tolasi yuqori sifatli “genetik boyitilgan” hamda zararkunandalariga (koʼsak qurti) chidamli gʼoʼzaning tizmalari (liniya) va navlarini yaratish jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ma’lumot o’rnida: bugungi kunda Markazda 6 ta laboratoriya, Personallashtirilgan qishloq xoʼjaligi ekinlarini oʼrganish boʼlimi, shuningdek, zamonaviy ilmiy usullar va asbob-uskunalardan foydalanib genetik oʼzgartirilgan organizmlar va ularning mahsulotlarini test qilish maqsadida Milliy muvofiqlashtirish markazi boʼlimi faoliyat yuritadi.
Bundan tashqari, Markazda Toshkent viloyatida joylashgan Maxsus urugʼchilik xoʼjaligi, Issiqxona, Fitatron hamda Germaplazma noyob obyektlari ham mavjud.