10-11-oktyabr kunlari Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo institutida “Neft-gaz va kimyo sanoatining barqaror rivojlanishi hamda ekologik xavfsizligida kolloid kimyoning o‘rni” mavzusidagi anjuman bo‘lib o‘tdi. “Neft-gaz va kimyo sanoatining barqaror rivojlanishi hamda ekologik xavfsizligida kolloid kimyoning o‘rni” mavzusidagi I -xalqaro ilmiy-texnikaviy anjuman akademik K.S. Axmedov tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlandi.
Anjumanning maqsadi - kolloid kimyo sohasida bilim va tajriba almashinuvini rivojlantirish va turli sanoat sohalarida qo‘llashdir. Anjuman nazariyadan amaliyotga o‘tish mavzularini qamrab oladi va muhim jihat - kolloid kimyo va kimyoviy texnologiya sohasida fan va amaliyot o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdir. Ishtirokchilar dolzarb masalalarni muhokama qilishlari, tadqiqotlar natijalarini muhokamasi hamda kelgusi hamkorlik qilishning yangi yo‘llarini topishlari mumkin.
Tadbirda akademik K.S. Axmedovning olib borgan ilmiy izlanishlarini davomi va uning ilmiy maktabi to‘g‘risida ma’ruzalar tinglandi.
Kolloid kimyo sohasidagi yetuk mutaxassis, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan buyuk ustoz, butun umrini nafaqat O‘zbekiston, balki, O‘rta Osiyoda kolloid kimyo va uning rivojlanishiga bag‘ishlagan zabardast olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat korsatgan fan va texnika arbobi, Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati, xamda «El-yurt hurmati» ordeni sohibi Karim Sodiqovich Аxmedov ilm-fanning rivojlanishi uchun kimyo faniga xizmati singgan ko‘plab ilmiy ishlanmalari va ixtiro patentlari orqali o‘zidan yirik meros qoldirgan fazilatli inson edilar.
Bugun ular tomonidan yozilgan darsliklar talabalar uchun o‘quv qo‘llanma, ishlab chiqarilgan preparatlar esa sanoat korxonalari uchun muhim ishlanma bo‘lib xizmat qilmoqda. K.S.Аxmedovning asosiy tadqiqot yo‘nalishlari polimerlar fizik-kimyosi va kolloid kimyo bo‘lib bunda, olim o‘z umrini tabiiy mineral moddalarning polidispers suspenziyalarining kolloid-elektrokimyoviy xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlagan. Gil suspenziyalarining elektroforetik cho‘kma tezligi va ularning zarralarining kritik potensiali o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rnatilishi, bilan bir qatorda O‘zbekiston tabiiy mineral sorbentlarining xossalarini kompleks tadqiq qilib, ularni yaxshilash yo‘llarini taklif etgan.
Karim Sodiqovich Ahmedov 1914-yil 19-fevralda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1929-1931 yillarda pedagogika texnikumida tahsil olgan va oʻqituvchi boʻlib ishlagan. 1932-yilda Oʻrta Osiyo davlat universitetining (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti) kimyo fakultetiga oʻqishga kirgan va 1937-yilda uni 1-darajali diplom bilan tamomlagan. Talabalik yillarida matematika va kimyo fanlaridan dars bergan. Universitetni bitirgach, aspiranturaga yoʻllangan va 1941 yilda mineral moddalar suvli suspenziyalarini elektroforetik yotqizish mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
1941-1943 yillarda Ulugʻ Vatan urushida polkning kimyo xizmati boshligʻi sifatida ishtirok etgan, ikki marta ogʻir jarohat olgan. Frontdan qaytgach, 1943 yilda dotsent boʻlgan, 1952 yildan esa OʻODUda kolloid kimyo kafedrasi mudiri lavozimiga tayinlangan. 1958 yilda yuqori molekulyar zanjirlarning oʻzaro taʼsiriga suyuqlik va haroratning taʼsirini oʻrganish boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va bu ilmiy yoʻnalish suvda eruvchan polielektrolitlar hamda yuza faol moddalar sintezining asosini tashkil etgan.
1959-yildan kimyo fanlari doktori, 1960-yildan professor. 1962 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida correspondent aʼzo, 1966-yilda esa akademik etib saylangan. 1965-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi kimyo instituti direktori, 1968-yilda esa fan va texnika sohasida xizmat koʻrsatgan arbob unvonini olgan. 1972-1988 yillarda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent politeknika instituti rektori boʻlgan va ToshDUda kolloid kimyo kafedrasini boshqargan. 1973 yilda Toshkent politeknika institutida kolloid kimyo kafedrasini tashkil qilgan.
1958--yilda K.S.Ahmedov kolloid kimyo laboratoriyasini, keyinchalik Oʻzbekiston FAning kimyo institutida (hozirgi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining IONX) adsorbsiya, yuza faol moddalar, flokulyatsiya va texnologik laboratoriyalarni tashkil qilgan. Bu Oʻzbekistonda tarqoq tizimlar va yuza hodisalarining fizik-kimyoviy taraqqiyotida muhim qadam boʻlgan. Telomerizatsiya, polimerga oʻxshash oʻzgarishlar, sopolimerizatsiya va xlormetilizatsiya usullaridan foydalangan holda yangi turdagi yuza faol moddalar, oligomerlar, suvda eruvchan polimerlar va polielektrolitlar ishlab chiqilgan.
K.S.Ahmedovning tadqiqotlari keng koʻlamli masalalarni qamrab olgan. Bentonit va paligorskit gillari kabi tabiiy mineral sorbentlarning fizik-kimyoviy xususiyatlari va ularning suvli dispersiyalardagi kolloid xususiyatlarini oʻrgangan. U tabiiy polimerlarga – jelatin, kraxmal, lignin va selluloza tarkibli materiallarga katta eʼtibor qaratgan, ular asosida kollaktivit yirik koʻzli adsorbenti va gidroliz ishlab chiqarish hamda toʻqimachilik sanoati uchun muhim boʻlgan suvda eruvchan polielektrolitlar yaratilgan.