Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Muzbel yodgorliklаri topildi


2021-yil 6-30-sentyabr kunlari Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazining “Qanqa ekspeditsiyasi paleolit boʼlimi” Toshkent viloyati Аngren vohasida dala-qidiruv ishlarini olib borishdi. Tadqiqot ishlari Yangiobodsoy va Qorabogʼsoy yuqori oqimi, Muzbel hamda Koʼk shashir daralarida olib borildi. Natijada hududda bir qator arxeologik yodgorliklar topib oʼrganildi.

Ekspeditsiya davomida oʼrta paleolit davriga tegishli Muzbel 1 manzilgoh-ustaxonasi aniqlanib, dastlabki qazuv ishlari amalga oshirildi. Mazkur yodgorlikning Oʼzbekiston paleolit davrini oʼrganishdagi ahamiyatini alohida taʼkidlab oʼtish kerak. Hozirda 2x1 m. xajmdagi maydonda olib borilgan qazish ishlari natijasida ikkita madaniy qatlam aniqlandi. Muzbel 1 manzilgoh-ustaxonasidan topib oʼrganilgan tosh artefaktlar tahlili yodgorlikni Obirahmat madaniyatiga oid yodgorliklar guruhiga mansubligi borasida dastlabki taxminlarni ilgari surish imkonini bermoqda.

  

Bugungi kunda nafaqat Oʼzbekiston, balki butun Oʼrta Osiyo paleoliti uchun mavjud muammolardan biri bu ochiq turdagi yodgorliklarda madaniy qatlamning buzilmagan holda saqlanishi muammosidir. Muzbel 1 yodgorligi madaniy qatlamlari sathidagi artefaktlarning yotish holati va uzaro bir-biri bilan bogʼliqlik hosil qilishi esa madaniy qatlamlarning yaxshi saqlanganligini koʼrsatmoqda.

Аniqlangan yodgorliklarning ikkinchi, boshqa bir turkumi qoyatosh surʼatlari bilan bogʼliq boʼlib, Qorabogʼsoyning yuqori oqimi Koʼk shashir darasida turli davrlarga tegishli koʼplab qoyatosh surʼatlari aniqlandi. Qoyatosh surʼatlarida turli hayvonlar, inson hamda geometrik shakllar tasvirlangan. Ular ishlanish usuli va kompozittsiyasi jihatidan bir-biridan farqli va oʼxshash xususiyatlarga ega. Qoyatoshlar rasmlari ichida qadimgi sugʼd yozuvida bitilgan yozuv ham aniqlangan boʼlib, bu petrografik yodgorliklarning ijtimoiy-madaniy mansubligini aniqlash imkonini beradi.

Qoʼlga kiritilgan maʼlumotlarning bir qismi yer yuzasidan topilgan topilmalar bilan bogʼliq. Muzbel 1 yodgorligi va Kuk shashir darasida joylashgan adirlik yuzasidan topilgan ikkita tosh buyum qadimgi jamoalar tuqimachilik yoki zargarlik hunarmandchiligi faoliyati haqida maʼlumot berishi mumkin. Bu kabi topilmalar noyob hisoblanadi. Hozirda ularning davri, analogiyasi hamda interpretatsiyasi haqida biror fikr yuritish qiyin.

Tosh buyumlarning nimaligi va qanday vazifa bajarganligini trasologik tadqiqot natijasida aniqlash zarur. Bu kabi tosh buyumlarga oʼxshash tosh tumorlar soʼnggi paleolit davridan boshlab paydo boʼlgan. Koʼk shashirdan topilgan topilma Xakasiya hududidagi Kichik Sya yodgorligidan topib oʼrganilgan tosh tumorlarga oʼxshash. Har ikkala topilma yer yuzasidan topilgan boʼlsada ularning hududiy yaqinligi, hududda ushbu turdagi xom-ashyo zahirasining mavjudligi ularning bitta davr va jamoaga tegishliligi ehtimolini oshiradi. Shuningdek bitta turdagi faoliyat natijasi yoki maqsadida tayyorlangan boʼlishi mumkin.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!