Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII – XI asrlar)” nomli monografiya nashr etildi


400 betdan iborat “Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta'limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII – XI asrlar)” nomli monografiya O'zR FA Sharqshunoslik instituti, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi, “Buxoroyi sharif” jamoat fondi, Mir Arab oliy madrasasi huzuridagi Tasavvuf ilmiy maktabi bilan hamkorlikda FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi Komiljon Rahimov muallifligida “Akademnashr” nashriyotida besh ming nusxada chop etildi.

Ushbu monografiya Fan, ta'lim va madaniyat masalalari bo'yicha Islom olami tashkiloti ISESCO tomonidan “2020 yil Buxoro – islom olami madaniyati poytaxti” deb e'lon qilinganligi hamda Xoja Abduxoliq G'ijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Xoja Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligiga bag'ishlangan. 

Qadimiy Movarounnahr tasavvuf vujudga kelgan va keng ildiz otgan o'lkalardan hisoblanadi. Markaziy Osiyo tasavvufi tarixining XII asrgacha, ya'ni so'fiylik tariqatlari paydo bo'lguniga qadar kechgan davri tasavvuf rivojida muhim o'rin tutib, uning keyingi taraqqiyoti uchun mustahkam zamin hozirladi. So'fiy ajdodlarimiz o'zlarining tasavvufga bag'ishlangan fundamental asarlarida shu davrga qadar tarqoq holda ko'zga tashlangan ushbu ta'limotni bir tizimga solishga erishishdi. IX asrda Hakim Termiziy tomonidan boshlab berilgan tasavvuf ta'limotini tizimlashtirish X asr oxirlari – XI asr boshlarida Kalobodiy Buxoriy va Mustamliy Buxoriylar tomonidan nihoyasiga yetkazildi. Bu esa XII asrdan boshlab islom dunyosining turli o'lkalari, jumladan, qadimiy Movarounnahrda vujudga kela boshlagan so'fiylik tariqatlarining shakllanishi uchun nazariy asos bo'lib xizmat qildi.

Yosh sharqshunos, manbashunos va tasavvufshunos, falsafa doktori (PhD) Komiljon Rahimovning mazkur monografiyasida Markaziy Osiyo tasavvufining so'fiylik tariqatlarigacha bo'lgan davri muhim xususiyatlari, asosiy g'oyalari, yirik namoyandalari va Kalobodiy Buxoriy bitgan “At-Ta'arruf” va Mustamliy Buxoriy qalamiga mansub “Sharh at-Ta'arruf” asarlarining so'fiylik manbalari orasidagi o'rni, “Sharh at-Ta'arruf” asarining tasavvufga oid muhim asar sifatidagi ahamiyati hamda uning o'zidan keyingi tasavvuf manbalariga ta'siri tadqiq etilgan.

Aytish lozimki, shu paytgacha jahon sharqshunosligida tasavvuf tarixi va ta'limoti bir qadar keng o'rganilgan bo'lsa-da, turli mamlakatlar tadqiqotchilari o'z davlatlari yoxud o'zlari tegishli bo'lgan ilmiy-madaniy yoki mafkuraviy doiralarda hokim bo'lgan qarashlardan kelib chiqqan holda, tasavvuf tarixi va uning davrlari, so'fiylik ta'limoti va uning tarkibiy unsurlari, so'fiylik maktablari, oqimlari va tariqatlari borasida turlicha xulosalarga kelishgan. Jumladan, aksariyat xorijlik sharqshunoslar islom dunyosining boshqa mintaqalari qatorida Markaziy Osiyoda ham boshqa tasavvuf maktablaridan alohida tasavvuf maktabi shakllanganligi va uning tasavvuf taraqqiyotida muhim o'rin tutganligiga e'tibor berishmagan. O'zbek tasavvufshunosligida esa, IX – X asrlar chegarasida yashab o'tgan Hakim Termiziy ijodi borasida amalga oshirilgan alohida tadqiqotlarni aytmaganda, o'lkamiz tasavvufi tarixi asosan XII asrdan – yassaviya va xojagon-naqshbandiya tariqatlari vujudga kelgan davrdan boshlab o'rganilar ekan, uning ushbu davrgacha bo'lgan tarixi deyarli tadqiq etilmagan.

Ushbu monografik tadqiqot ishida o'zbek tasavvufshunosligidagi mazkur bo'shliqni to'ldirishga – o'lkamiz tasavvufi tarixining hanuzgacha e'tibordan chetda qolib ketgan muhim bosqichi bo'lgan VIII – XI asrlarda, ya'ni xojagon-naqshbandiya tariqati vujudga kelguniga qadar kechgan davrini, umumiy tarzda bo'lsa-da yoritib berishga, shuning barobarida, bu davrda boshqa mintaqaviy tasavvuf maktablaridan mustaqil bo'lgan Markaziy Osiyo tasavvuf maktabi shakllanganligi va rivojlanganligini isbotlab berishga erishilgan.

Mazkur ishning muhim jihatlaridan yana biri shundaki, unda Markaziy Osiyo tasavvufining ilmiy-nazariy tabiatga ega bo'lganligi – so'fiy ajdodlarimiz faqatgina so'fiylik amaliyoti bilan shug'ullanibgina qolmasdan, tasavvufga bag'ishlangan asarlar yaratish orqali unga ilmiy-nazariy tus berish ishiga ham ulkan hissa qo'shganliklari ko'rsatib berilgan. Muallif Markaziy Osiyodan chiqqan Hakim Termiziy, Kalobodiy Buxoriy va Mustamliy Buxoriy kabi tasavvuf nazariyotchilari asarlarining tasavvuf ta'limotini tizimlashtirishdagi roliga umumiy tarzda to'xtalib o'tish bilan birga, Mustamliy Buxoriy qalamiga mansub «Sharh at-Ta'arruf» asarining tasavvuf asoslariga bag'ishlangan fundamental asar sifatidagi ahamiyati hamda uning o'zidan keyingi so'fiylik asarlariga ko'rsatgan ta'sirini maxsus tadqiq etgan.

Ushbu monografiya nafaqat Markaziy Osiyo tasavvufi tarixining bizga yaxshi ma'lum bo'lmagan davrini yoritish, balki ushbu davrning XII asrdan boshlab vujudga kela boshlagan so'fiylik tariqatlari, xususan, xojagon-naqshbandiya tariqatining shakllanishi uchun asos bo'lib xizmat qilganligini ko'rsatib berish jihatidan ham ahamiyat kasb etadi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!