Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti seleksioner olimlari tomonidan moshning tezpishar “Ishonch” navi yaratildi. Uning o‘suv davri 65-70 kunni tashkil qiladi.
Dukkaklari asosan o‘simlik tepa qismida joylashgan, bir o‘simlikdagi dukkaklar soni 35-45 dona. Yotib qolishga, to‘kilishga, kasalliklarga chidamli va mexanizatsiya yordamida yig‘ishtirib olishga mo‘ljallangan universal nav hisoblanadi. Mahalliy navlardan hosildorligi, don sifati va kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi.
Hosildorligi tuproq iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda aprel-may oylarida ekilganda 20-24 s\ga bo‘lsa, takroriy ekin sifatida yetishtirilganda esa 25-28 s\ga atrofida o‘zgarib turadi. 1000 urug‘ vazni - 68 g. Don tarkibida oqsil mikdori 25,5 %, kraxmal 67,4 %, moy 1,7 %.
Takroriy muddatlar uchun mos hamda almashib ekishda tuproq unumdorligi oshiradi.
Moshning ildizida tuganak bakteriyalari to‘planib, atmosferadagi molekulyar holdagi erkin azotni o‘zlashtirib, tuproqda biologik holda 50-100 kg., baʼzan 150 kg. atrofida azot qoldiradi. Butun vegetatsiya davrida o‘zidan keyin 2,5-4,0 tonna miqdorida ildiz qoldiqlarini tuproqda qoldirgach, tuproqdagi qiyin eriydigan fosfor birikmalarini o‘zlashtirishga yordam beradi.
Ekish muddatlari: Ertagi ekinga ekishda 10-20-aprel, takroriy muddatlarda 10-20-iyun eng maqbul hisoblanadi.
Mazkur nav sug‘oriladigan tuproqlarda ekish uchun mo‘ljallangan. Turli xil tuproq iqlim sharoitlarida yaxshi hosil beradi.
Navning suvga bo‘lgan talabi bahorgi muddatda 1000-1200 m3, takroriy muddatlarda esa 1500-1800 m3. Ekish me’yori 12-15 kg. (200-220 ming o‘simlik./ga) Qosh qator ekilganda 24-28 kg (350-400 ming o‘sim./ga).