Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti jamoasi BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) xodimlari bilan birgalikda fermerlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, mahalliy hokimiyat va jamoat vakillari hamda 5-sonli umumta‘lim maktabi o‘qituvchilari uchun dala ekspeditsiyasi va o‘quv kurslarini o‘tkazdi, bundan maqsad barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini tadbiq etgan holda davom bir yarim yil vaqt mobaynida Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi ko‘rgazmali maydonda amalga oshirgan loyihamiz natijalari bilan ulashish edi. Mazkur tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan, BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) va O‘zbekiston Qishloq Xo‘jaligi Vazirligi hamkorligida “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab-quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida mikroorganizmlar yordamida sho‘rlangan tuproqlarni bioremediasiya qilish innovatsion loyihasi institutning innovatsion guruhi tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihaning maqsadi sho‘rlangan tuproqlarni ekologik toza usullar orqali qayta ishlash va barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini rivojlantirishdir. Umuman olganda, sho‘rlanish O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi uchun dolzarb muammolardan biri bo‘lib, tuproq unumdorligini pasaytirib, hosildorlikni pasayishiga olib kelmoqda. Tuproqlarni mikroorganizmlar yordamida qayta tiklash usuli innovatsion va ekologik xavfsiz yechim bo‘lib, bu orqali tuproq tarkibini yaxshilash va o‘g‘itlardan foydalanishni kamaytirish mumkin.
Institut ilmiy xodimlari tadqiqot olib borayotgan “Sardorbek Fayz” fermer xo‘jaligida joylashgan dala maydonida kuzatilgan natijalar kutilganidandan ham ijobiy bo‘ldi desak adashmaymiz, masalan olimlar qo‘llagan biopreparatlar hamda agrotexnik tadbirlar orqali tuproq tuzilishi va mikroorganizmlarning faollashishi sababli suvni ushlab turish qobiliyati oshib, sug‘orish ehtiyojini kamaytirdi buning natijasida suv sarfi 30% ga kamaydi. Qolaversa, mikrorganizmlar tuproq unumdorligini tabiiy ravishda oshirishi hamda mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyojni kamayishi orqali kimyoviy o‘g‘itlar sarfini 50% ga kamtirishga muafaq bo‘lishdi. Bundan tashqari, tuproq bioremidiatsiya qilinishi natijasida hosildorlik 20% ga oshdi.
Tuproq unumdorligi mo‘l hosilning garovi hisoblanadi shu sababli, oyihada tuproq unumdorligini oshirish va sho‘rlanish darajasini kamaytirishga qaratilgan agrotexnik chora-tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratildiki, buning natijasida endilikda ular qo‘llagan usulni Mikrobiologiya institutining innovatsion guruhi BMT Taraqqiyot Dasturi hamda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida butun mamlakat bo‘ylab fermer xo‘jaliklariga tadbiq qilinadi.
Mikrobiologiya instituti hamda “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” DUK xodimlaridan tuzilgan innovatsion guruh tomonidan joriy yil boshidan buyon tuproq sifatini monitoring qilish, tuproqdagi minerallar miqdorini baholash va sho‘rlanish darajasini aniqlash orqali fermerlarga maqbul yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha ishlar olib borildi. Tuproq sifatini baholash bo‘yicha mutaxassislar bilan hamkorlikda dastlab ikkita maydon tahlil qilindi, ushbu maydonlar tuproq namunalari sho‘rlanish va mineral miqdorini aniqlash uchun o‘rganildi. Aprel oyida ekishdan so‘ng, mikroorganizmlarni qo‘llab, an’anaviy agrotexnik tadbirlarga qo‘shimcha tarzda amalga oshirildi. Natijalar umidli bo‘lib, paxta o‘simligi yaxshi rivojlanishini, qurg‘oqchilikka chidamliligini va tuproq sho‘rlanishining sezilarli darajada kamayganini ko‘rsatdi. “Sardorbek Fayz” fermer xo‘jaligi esa, bu yilgi hosilni avvalgi yillarga nisbatan sezilarni darajada oshganligini va paxta sifati ham yaxshilanganligini ta‘kidlashdi. 5 gektar maydonni o‘z ichiga olgan sinov maydoni ushbu usullar samaradorligini namoyish qilib, kelajakda kengaytirish uchun namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur tajribalarni tarqatish va keyingi qadamlarni rejalashtirish uchun o‘tkazilgan seminarda BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) xodimlari, mahalliy fermerlar, qishloq xo‘jaligi mutaxassislari, mahalliy hokimiyat va jamoat vakillari hamda 5-sonli umumta‘lim maktabi o‘qituvchilari ishtirok etdi. Tuproq tahlili, hosilni oshirish bo‘yicha eng yaxshi tajribalar va qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini rivojlantirish bo‘yicha strategiyalar muhokama qilindi. Ishtirokchilar kelgusi hamkorlik va olingan bilimlarni kengaytirish uchun muhim qadamlarni belgilab oldilar. Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorini yashil iqtisodiyotga o‘tkazish borasidagi sa’y-harakatlar davom ettirilib, innovatsion, inklyuziv va barqaror yechimlarni ishlab chiqishda hamkorlikka olimlarimiz doimo tayyor ekanliklarini bildirishdi.