Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Markaziy Osiyoda zamonaviy koʼp tomonlama munosabatlar” nomli monografiyasi nashr qilindi


O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyotida professor M.А.Raximovning “Markaziy Osiyoda zamonaviy koʼp tomonlama munosabatlar” nomli monografiyasi nashr qilindi. Markaziy Osiyo jahon tarixining bir qismi boʼlib, global jarayonlar bilan chambarchas bogʼliq hisoblanadi. Dunyoda sodir boʼlayotgan turli xil oʼzgarishlar davlatlararo, mintaqalararo va sivilizatsiyalar oʼrtasidagi munosabatlarning noaniq rivojidan dalolat beradi. Ushbu kitobda Markaziy Osiyo mintaqasida mustaqil davlatlarning tashkil topishi, ularning tashqi siyosatdagi ustuvor yoʼnalishlarining shakllanishi, koʼp tomonlama munosabatlar dinamikasi oʼrganilgan. Mazkur bosqich Markaziy Osiyoda xalqaro munosabatlar va geosiyosiy transformatsiyada muhim oʼzgarishlar bilan tavsiflanadi. Oʼzbekiston Prezidentining qoʼshni davlatlar bilan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muzokaralarni kuchaytirishi boʼyicha tutgan faol mintaqaviy yoʼli tufayli mintaqada ham xalqaro miqyosda ham ijobiy natijalarga erishilganligi koʼrsatilgan.

Monografiyada milliy, mintaqaviy va global jarayonlarning oʼzaro taʼsiri va munosabatlari, Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar tarixidagi geosiyosiy jihatlari, zamonaviy xalqaro munosabatlar va Markaziy Osiyodagi tadqiqotlar shakllanishining rivoji, Markaziy Osiyodagi davlatlararo munosabatlar va integratsiyalashuv jarayonlari, MDHning tashkil topishi, ShHTning institutsional rivojlanishi va uning Yevrosiyoda barqarorlikni taʼminlashdagi tutgan oʼrni, OHIChBK (Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʼyicha kengash) va turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashlarining holati va muommolari, shuningdek, “Markaziy Osiyo + Yaponiya”, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” va “Markaziy Osiyo + АQSh” formati boʼyicha mintaqadagi koʼp tomonlama munosabatlarning yangi omili sifatida oʼrganilgan. Taʼkidlanishicha, Markaziy Osiyoda mavjud muommolar majmuasi barcha aloqalarni, shu jumladan, samarali siyosiy va iqtisodiy hamkorlikdan tashqari madaniy-gumanitar aloqalarni ham kengaytirish va chuqurlashtirishni talab qiladi.

Ushbu kitobda fanlararo yondashuvdan foydalanilgan boʼlib, ish tarixiy materiallar va arxiv hujjatlar, Markaziy Osiyo, Rossiya, Germaniya, АQSh, Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Hindiston, Koreya Respublikasi, Yevropa Ittifoqi, ShHT, MDH va boshqalarning davlat va jamoat muassasalari maʼlumotlari asosida tayyorlangan. Tadqiqotni atroflicha oʼrganish maqsadida turli mutaxassislar oʼrtasida soʼrovnomalar oʼtkazildi, Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlarning rasmiylari hamda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari bilan suhbatlar tashkil qilinishi tadqiqot mavzusini yanada kengroq yoritishga imkon berdi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!