“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasiga fuqarolarimizdan minglab takliflar kelib tushgani, ular atroflicha muhokama qilinib, konstitutsiya mohiyatida aks etayotgani soʻzsiz yangi Asosiy qonunimiz xalqimizning dunyoqarashi, fikri va tafakkuri mahsuli sifatida tarixga muhrlanadi. Zero, konstitutsiya – haqiqiy maʼnoda aytganda, mamlakatning huquqiy yuzi, insonlarning huquq va erkinliklarini himoyalaydigan hayotiy qomusdir.Hozirgi kunga qadar konstitutsiyamizga 16-marta oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan boʻlsa, ularning aksariyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakolatlarini kengaytirishga oid boʻlgan. Ochigʻini aytganda, inson va fuqaroning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularni kafolatlash bilan bogʻliq oʻzgartish va qoʻshimchalar, nazarimizda, chetda qolayotganday edi. Chunki har qanday mamlakat konstitutsiyaviy davlat boʻlishi uchun, birinchi navbatda, uning konstitutsiyasi qoidalari amalda bevosita ishlashi lozim. Bu nihoyatda muhim talab va zarurat hisoblanadi. Negaki, konstitutsiyaviy qoidalarning shaxs manfaatiga xizmat qilishiga qarab, jamiyat unga baho beradi. Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida hozirgi va kelajak hayotning huquqiy asoslarini takomillashtirish masʼuliyati va vazifasi vujudga keldi desak, hech ham xato qilmagan boʻlamiz. Konstitutsiyaviy islohotlarda inson-jamiyat-davlat manfaatlari mutlaqo boshqacha, yaʼni inson qadri, inson qadrini ulugʻlash, inson manfaatlarini har narsadan ustuvor qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy maqsadi – xalqni rozi qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoyalash, hayot va turmush manzarasini tamomila yangi qiyofaga olib chiqish, eng muhimi, odamlarning konstitutsiyaviy islohotlarga boʻlgan ishonchini mustahkamlashdir. Bugun Fanlar akademiyasi tomonidan “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun va mohiyatini tushuntirishga qaratilgan targ’ibot-tashviqot tadbiri Fanlar akademiyasining besh ming nafar xodimlariga jonli va (Videokonferensialoqa) shaklida ham tashkil etildi. Mamlakatning ilm-fani asosini yaratuvchi olimlarga Konstitutsiyaviy qonun loyihasi, unda ilm-fan ahliga qaratilgan alohida e’tibor batafsil tushuntirib berildi.