Xorazm Ma’mun akademiyasi arxeolog olimlari Kat-qal’a yodgorligida yangi mavsumni boshlashdi. Tadqiqotlar oldingi yillarda aniqlangan arxaik davr inshooti qoldiqlarini o`rganishni davom ettirishdan boshlandi.
O`z navbatida akademiya arxeolog olimlari tadqiqotlar jarayoni bilan bir vaqtda boshlangan Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (MOTXI) ning 2023 yil 15-25 may kunlari Qoraqalpog’iston respublikasi va Xorazm viloyati hududida "Buyuk ipak yúli daryolari: qanday qilib suv Markaziy Osiyoda jamiyatlar va imperiyalarni shakllantirdi" mavzusi bo’yicha amalga oshirilgan loyihada ham ishtirok etdi.
Loyiha doirasida Xorazm viloyatida saqlanib qolgan Amudaryoning qadimgi Davdon va Daryoliq o`zanlari qoldiqlarida 15-17 may kunlari daryoning qum yotqiziqlaridan namuna olindi va ularning yoshini aniqlashda zamonaviy uslublardan biri lyuminessent tahlilidan foydalanish ko`zda tutilgan.
Shu bilan birga loyiha ishtirokchilari 25 may kuni ushbu ikkala qadimgi o`zanlar orasida joylashgan Kat-qal’aga ham tashrif buyurdilar. Loyiha tadqiqotchilari shaharning arxaik davr qatlamlarida aniqlangan qum qoldiqlaridan namuna olib lyuminessent tahlildan foydalangan holda yodgorlikning davrlashtirilishiga oid yangi ma’lumotlarni taqdim qilishni rejalashtirmoqdalar.
Ushbu tahlillar qadimgi Xorazm vohasida shaharsozlik madaniyati va sivilizasiyaning shakllanishi, migrasiya jarayonlari va etnik birliklarning joylashuvida suv resurslarining, jumladan, qadimgi Amudaryo daryo o`zanlarining ta’siri va ahamiyatini ko`rsatib beradi.
Loyihaning mazkur mintaqadagi tadqiqotlari Buyuk Britaniyaning Linkoln universiteti professori, Linkoln suv resurslari va sayyora salomatligi markazi direktori Mark Maklin rahbarligida amalga oshirilmoqda. Ayni paytda Xorazm Ma’mun akademiyasi bilan Linkoln universiteti o`rtasida hamkorlik memorandumi tuzish va kelajakda o`zaro manfaatli tadqiqotlarni amalga oshirish ishlari ham rejalashtirilmoqda.