Kuni kecha “Oltin Humo” milliy kinotaqdimoti boʻlib oʻtdi. Undan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti “Kino sanʼati va televideniye” boʻlimi bosh ilmiy xodimi, professor, sanʼatshunoslik fanlari doktori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, kinoshunoslik ilmining atoqli namoyandalaridan biri, milliy kino sanʼatimizning nazariy asoslarini keng koʻlamda ilmiy tadqiq etishga asos solgan taniqli olim Teshaboyev Joʻra Teshaboyevich “Oʻzbek kinematografiyasiga qoʻshgan hissasi uchun” “Oltin Humo” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
Eslati oʻtamiz: Joʻra Teshaboyev 1933-yilning 16-martida Andijon shahrida tugʻildi. Maktab taxsilidan soʻng Kiyev Davlat Univesitetining xorijiy filologiya fakultetida taʼlim oldi. Bu yoʻl uni oʻzbek kino sanʼatining katta dargohiga olib keldi. Institutni tamomlagach yosh mutaxassis 1960-yilda “Oʻzbekfilm” studiyasiga muxarrir sifatida ishga olinadi, bir oz muddatdan soʻng u aspiranturaga kiradi. Nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini Rossiyaning nufuzli ilm dargohlarida himoya qiladi. 1972-78 yillar davomida “Oʻzbekfilm” studiyasi Redaksion kollegiyasining bosh muxarriri sifatida bevosita kino amaliyotida faoliyat olib bordi.
Bugunga qadar olim oʻnlab yirik monografik tadqiqotlar, 600 dan ortiq ilmiy–tanqidiy maqolalar, badiiy lavhalar eʼlon qildi, koʻplab hujjatli filmlar uchun ssenariylar yaratdi. Kino asarlarini xalq va madaniyat tarixi bilan chambarchas aloqadorlikda gavdalantirish, milliy kinematograf manbalarini jahon kino sanʼati taraqqiyoti tarixi bilan yagona munosabatda oʻrganishdan iborat yangi ilmiy yoʻnalishga asos solgan.
Tadqiqotlarida Oʻzbekiston kino sanʼatida ijodiy yoʻnalishlar xususiyati, rejissura rivojidagi asosiy tamoyillar, teatr va kino sanʼatlariga xos oʻzaro taʼsirlanuv masalalariga oid xulosalar oʻz aksini topgan. Jumladan, “Komil Yormatov” (1964), “Asad Ismatov” (1968), “Shukur Burxonov” (1968), “Raxim Pirmuhamedov” (1970), “Geroy — krupnыm planom” (1972), “Toʻgʻon Rejimetov” (1975), “Cherez prizmu poiskov” (1980) kitoblari, shuningdek, “Puti i poiski” (1973), “Uzbekskoye kino: traditsii i novatorstvo” (1979), “Kino Uzbekistana” (1981), “Oʻzbek ekrani dahosi” (2022, nashrda) deb nomlangan monografiyalari milliy kino sanʼatimizni oʻrganish va targʻib etishda katta ahamiyatga ega.
Shuningdek, J.Teshabov qator hujjatli va televizion filmlar uchun ssenariylar yozgan kengqirrali ijodkordir. Kinoshunos olim bugungi kunda milliy rejissura va aktyorlik maktablarining oʻziga xos jihatlari tadqiqi ustida ish olib bormoqda.
Kino sanʼatining tolmas targʻibotchisi, oʻtkir tanqidchi, gʻamxoʻr murabbiy sifatida respublikada va qoʻshni davlatlardagi kinojamoatchilik orasida ulkan obroʻ-eʼtiborga erishgan. Ilmiy rahbarligida 8 ta fan nomzodi, 1 ta fan doktori, 30 dan ortiq magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Hozirgi kunda Joʻra Teshaboyevning shogirdlari — sanʼatshunoslik fanlari doktori N.Karimova, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi M Mirzamuhamedova, sanʼatshunoslik fanlari nomzodi O. Kapadze, falsafa doktori (PhD) Eldor Yuldashevlar milliy kino sanʼatimiz ravnaqi, uning keng targʻiboti yoʻlida xizmat qilib kelmoqdalar.