O’zR FA Botanika instituti va «UZLITI ENGINEERING» MChJ QK o'rtasida tuzilgan shartnoma asosida O'zbekiston Respublikasida AES 1-bloki ishchi hujjatlarini ishlab chiqish uchun Injenerlik-ekologik tadqiqot dasturini amalga oshirish doirasida 2019-yildan buyon Jizzax viloyatida AES qurilishi mo'ljallangan hudud o'simliklar olamini o'rganish bo'yicha monitoring tadqiqotlari amalga oshirilmoqda.
Injenerlik-ekologik tadqiqot dasturi bo'yicha botanik dala tadqiqotlari kelajakda AES qurilishi mo'ljallangan joydan 30 km radius hududlarda amalga oshirilmoqda. Bunda, AES joylashadigan hudud asosiy ekositemalari florasi tarkibini o'rganish, kamyob va endem turlar populyatsiyalarini aniqlash va ularning holatini baholash, quruqlik, suv va suv bo'yi o'simliklar qoplami holatini bahorgi, yozgi va kuzgi aspektlarda kuzatish uchun vegetatsiya davri mobaynida uchta ekspeditsiyalar uyushtirish mo'ljallangan.
O'rganilayotgan hudud Jizzax viloyatining Forish, G'allaorol, Arnasoy, Zafarobod va Paxtakor tumanlari hududlarini qamrab olgan bo'lib, Qizilqumning janubi-sharqiy qismlari, Aydar-Arnasoy ko'llar tizimining sharqiy qirg'oqlari, Mirzacho'lning g'arbiy qismlari, Nurota tizmasining markaziy (Qo'ytosh tog'i bilan birgalikda) va uni tog' oldi hududlari (Forish dashti), Pistalitog', Xonbanditog' va Egarbelistog' kabi qoldiq tog' tizmalarini o'z ichiga oladi. Monitoring hududning dengiz sathidan balandligi 240 metrdan 1905 oralig'ida o'zgarib turadi.
Jizzax viloyatiga bo'lgan navbatdagi yozgi dala ekspeditsiyasi joriy yil 29-iyundan 6 iyulgacha amalga oshirildi. Ekspeditsiyada Botanika institutining Geobotanika va o'simliklar ekologiyasi, Kamyob o'simliklar kadastri va monitoringi, Mikologiya va alьgologiya laboratoriyasi ilmiy hodimlari, «UZLITI ENGINEERING» MChJ QK hamda «O'zGASHKLITI»DUK ning amaliy geodeziya bo'limi vakillari ishtirok etishdi.
Dala tadqiqotlari davomida Botanika instituti hodimlari tomonidan quruqlik ekosistemalarida joylashgan 42 ta va suv va suv bo'yi hududlarida joylashgan 14 ta kuzatuv nuqtalaridagi o'simliklar qoplamining yozgi monitoringi amalga oshirildi. Kvadrokopterdan foydalanilgan holda har bir test hududlaridagi o'simliklar qoplami tasvirga olindi, geobotanik qaydlar amalga oshirildi va o'simliklar qoplamining ekologik holati va ularga ta'sir etuvchi antropogen omillar baholandi. Radionuklidlar va kimyoviy ifloslantiruvchi moddalar tarkibini aniqlash uchun dominant tur o'simliklar fitomassasidan namunalar olindi.