Kecha Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi anjumanlar zalida «Janubiy Orolbo‘yi biologik resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish muammolari» mavzusidagi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan IX-Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Mazkur konferensiya biologik resurslarning dolzarb muammolariga, ularni himoya qilishga va oqilona foydalanishga hamda hududdagi biologik turli-tumanlikni saqlab qolishga qaratilgan.
Hozirgi kunda Orol inqirozi va u keltirib chiqargan oqibatlarni o‘rganish O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi olimlarining asosiy tadqiqot ob’ektiga aylandi. O‘tgan asrning 60-yillaridan boshlab bo‘lim olimlari tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu tadqiqotlar natijasida olimlarimiz Orol dengizi va Orolbo‘yi tabiiy hududlari biologik rejimi o‘zgarishlarini ko‘rsatuvchi juda ko‘p va turli-tuman, noyob materiallarni to‘pladi.
Orol dengizining qurishi Janubiy Orolbo‘yi hududlaridagi eng yirik antropogen ekologik fojia bo‘lib, u hududdagi ekosistemalarning ancha katta ko‘lamda o‘zgarishlariga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ning 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Orolbo‘yidagi ekologik ahvolni baholab: «Orol inqirozi – insoniyat tarixidagi eng katta ekologik va gumanitar inqiroz bo‘ldi», deb ta’kidladi. Davlatimiz rahbari o‘zining davlatlar rahbarlari bilan bo‘lgan uchrashuvlarida bu muammoning hal qilinishi faqat O‘zbekiston uchun emas, balki butun Markaziy Osiyo davlatlari uchun, va butun insoniyat uchun ahamiyatli ekanini ta’kidladi. Bu – muammoning bir davlat miqyosida, hatto bir hududda hal qilinmasligini, buning uchun butun jahon hamjamiyati e’tiborini jalb etish lozimligini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti 2023 -yil 16-17-noyabr kunlari Nukus shahrida o‘tkazayotgan «Janubiy Orolbo‘yi biologik resurslaridan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish muammolari» mavzuidagi IX-Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi aynan shu muammoning yechimiga qaratilgan.
Anjumanga nafaqat O‘zbekistonning, balki chet davlatlarning yetakchi ilmiy muassasalarining, oliy o‘quv yurtlari va boshqa tashkilotlarning vakillari hamda yosh olimlar, doktorantlar, tadqiqotchi-izlanuvchilar taklif etilgan.Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi, Qaraqalpaq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori, ekologiya fanlari doktori, professor Svetlana Mirzamuratovna Mambetullayeva kirish so‘zi bilan ochdi.
Konferensiya ishi quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkaziladi:
- biologik resurslarning dolzarb muammolari;
- tuproq, hayvonot va o‘simlik dunyosidan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish muammolari;
- ijtimoiy-iqtisodiy va geoekologik muammolar;
- biologiya va ekologiya sohasida ta’lim berish muammolari.
Ilmiy anjumanda mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan olimlari Janubiy Orolbo‘yi tabiiy muhitining hozirgi holatini o‘z chiqishlari bilan tasvirlab berishdi, yerdan foydalanishda tabiat muhofazasiga e’tibor qaratgan holda boshqarish muammolari muhokama qilindi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish Konsepsiyasi va boshqa savollar ko‘rib chiqildi, va hududning tabiiy muhiti ahvolini yaxshilash bo‘yicha asosiy tadbirlar taklif qilindi.
Ma’ruzalar biologik resurslarni muhofaza qilish, bioxilma-xillik, tabiiy muhit, suv ekosistemalari, tabiatdan foydalanish, baliq xo‘jaligining sifati, tabiiy muhitga antropogen ta’sirning kamayishi va boshqa muammolar bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarning asosiy natijalarini o‘z ichiga qamrab oldi.
Konferensiyaning muhim amaliy ahamiyati Janubiy Orolbo‘yi hududlari bioresurslarini muhofaza qilish va qayta tiklash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalaridan kelib chiqqan holda amaliy takliflar va ko‘rsatmalarni taqdim qilish hisoblanadi.