Fanlar akademiyasi “Sun’iy intellekt: mazmuni, mohiyati va rivojlanish istiqbollari” mavzusida ilmiy-ommabop seminar tashkil etildi. Mazkur seminar IT Park University bosh direktori Bahodir Ayupov spikerligida o‘tkazildi.
Ma’lumki, sun’iy intellekt (SI) — bu kompyuter tizimlarining inson aqlini taqlid qilishga qaratilgan sohasi. Bu texnologiya mantiqiy fikrlash, o‘rganish, tushunish, muammolarni hal qilish, qarorlar qabul qilish kabi faoliyatlarda inson intellektiga yaqinlashtirishga qaratilgan. Bugungi kunda sun’iy intellekt barcha sohalarga shiddat bilan kirib bormoqda.
Masalan, o‘z-o‘zini boshqaradigan robotlar va dasturlar ishlab chiqish, turli sohalarda - sanoat, qurilish, tibbiyot, harbiy texnologiyalar samaradorlikni oshiradi. Ayniqsa, tibbiyotda tibbiy diagnostika, davolash rejalarini yaratish, shifokorlar uchun yordamchi tizimlar yaratish va hatto genetik tadqiqotlarda katta rol o‘ynaydi.
“Shu vaqtgacha yaratilgan birorta kashfiyot inson hayotini xavf ostiga qo‘ymagan. Aytmoqchi bo‘lganim faol ravishda, bilib turgan holda aynan odamzotni mo‘ljallab maxsus, uni hayotiga ta’sir ko‘rsatishni ko‘zlagan kashfiyot bo‘lmagan. Sun’iy intellekt to‘g‘risida unaqa deb bo‘lmaydi. Bundan yaxshi yoki yomon maqsadda foydalanish o‘zimizga bog‘liq, mana shu katta savol bo‘lib qolmoqda” deydi mutaxassis.
Darhaqaqiqat, hayotimizga sun’iy intellektning kirib kelishi orqali barcha sohalarda inson aralashuvi minimallashadi. Uning rivojlanishi juda katta inqilobiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Buning o‘ziga yarasha salbiy va ijobiy taraflari bor albatta.
Inson va sun’iy intellekt o‘rtasida farqlar, insoniyat sun’iy intellekt xavfini to‘liq anglay olishi kerakligi va bundan yomon maqsadlarda foydalanganlarga jazo ya’ni huquqiy choralarini qo‘llash kerakligi ta’kidlandi. Seminar davomida shu kabi masalalar misollar orqali atroflicha muhokama qilindi va turli fikr-mulohazalar bildirildi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sun’iy intellekt texnologiyalari nafaqat texnologik yangiliklar yaratishga, balki insoniyatni turli sohalarda yangi imkoniyatlar bilan tanishtirishga ham xizmat qiladi. Kelajakda SI tizimlari inson hayotining ajralmas qismiga aylanadi, ammo ularning rivojlanishida axloqiy, ijtimoiy va iqtisodiy omillarni inobatga olish juda muhim bo‘ladi.