XX asr insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan voqealarga boy asr bo‘ldi. Yer sun’iy yo‘ldoshlarining uchirilishi, Yuriy Gagarinning kosmosga parvozi, Aleksey Leonovning ochiq kosmosga chiqishi va albatta, amerikalik astronavtlarning Oyga parvozi shular jumlasidandir. Bundan yarim asr muqaddam, 1969-yil 20-iyul kuni Vashington vaqti bilan soat 22 dan 56 daqiqa o‘tganda amerikalik astronavt Nil Armstrong Oy yuziga qadam qo‘ydi.
Ma’lumki, o‘tgan asrning 50-60-yillarida AQSh va SSSR o‘rtasida kosmik fazoni o‘zlashtirish sohasida o‘ziga xos poyga boshlangan edi. Bu musobaqada SSSR ilgarilab ketib, 1957-birinchi sun’iy yo‘ldoshni fazoga uchirdi. Bunga javoban AQShda 1958-yilda Milliy aeronavtika qo‘mitasi (NASA) tashkil etildi. SSSR da 1961-yilda insonning kosmosga parvozi amalga oshirildi. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Jon Kennidi o‘n yillik oxirigacha Oyga odam uchirish va SSSR ni quvib o‘tish vazifasini qo‘ydi.
Oyga odam uchirish dasturi uchun Amerika hukumati tomonidan “Apollon” dasturi ishlab chiqildi. Bu dasturni amalga oshirish uchun 1963-1969-yillarda davlat budjetining 4 foiz miqdoridagi ulkan mablag‘ ajratildi. Bu dasturda ishtirok etish uchun NASA shtatining yarmi - taxminan 400 ming xodim jalb qilindi. “Apollon” dasturiga ajratilgan umumiy mablag‘ miqdori 25,4 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu miqdor 2018-yilgi ko‘rsatgich bo‘yicha 200 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi.
“Apollon-1” kosmik kemasining dastlabki sinovi 1967-yil 27-yanvarda boshlandi va ayanchli yakun topdi: uchishni mashq qilish paytida kema kabinasida yong‘in chiqib, u yerdagi shlyomsiz uch astronavt - Grissom, Uayi va Chaffilar halok bo‘lishdi. Ushbu dahshatli falokatdan so‘ng bu dastur ma’lum muddatga to‘xtatildi va qayta ko‘rib chiqildi. Kemadagi materiallar yong‘inbardosh va yonmaydiganlariga almashtirildi. Natijada keyingi sinovlar paytida noxush holatlar sodir bo‘lsada, qurbonlar bo‘lgani yo‘q.
1969-yil 16-iyulda amerikalik uch astronavt: Nil Armstrong – kema komandiri, Maykl Kollinz – asosiy blok piloti va Edvin (Bazz) Oldrin – Oy qismi piloti “Apollon-11” kosmik kemasidagi o‘z o‘rinlarini egalladilar. Ular oldiga Oy orbitasigacha uchib borish, Oy sirtiga qo‘nish va Yerga eson-omon qaytish vazifasi qo‘yilgan. Parvozning 12-minutida “Saturn” raketa tashuvchisi “Apollon-11”ning uchinchi bosqichini Yer atrofidagi orbitaga olib chiqdi va kema 11 km/sek tezlik bilan Oyga qarab uchib ketdi.
To‘rt sutkadan so‘ng 20-iyulda kema o‘rtacha balandligi 110 km lik Oy orbitasiga chiqib oldi. Shundan so‘ng Armstrong va Oldrin ekipaj bo‘limidan Oy kabinasiga o‘tib qo‘nish pog‘onasi dvigatellarini ishga tushirishdi. Ekipajning uchinchi a’zosi Maykl Kollinz Oy yaqinidagi orbitada harakatlanayotgan “Apollon”ning asosiy blokida hamkasblarini kutib turdi.
Oyga qo‘nishning oxirgi qismida modul diametri 165 m li kraterga qarab tusha boshladi. Buning oldini olish uchun modul qo‘l boshqaruviga o‘tkazildi. O‘ta mas’uliyatli damlarda, bir daqiqa ichida to‘g‘ri qaror qabul qilgan astronavtlar modulni nisbatan tekis Oy sirtiga qo‘ndirishga muvaffaq bo‘ldilar.
Oyga qo‘ngan astronavtlar dastlab bir-biriga skafandr kiyishga yordam berishdi, ularning germetikligini va hayotni ta’minlash tizimini tekshirdilar. 6,5 soatdan keyingina Armstrong Oy kabinasi lyukini ochib Oy sirtiga tushdi va o‘zining mashhur quyidagi so‘zlarini aytdi: “Bu inson uchun kichik qadam, ammo insoniyat uchun katta sakrash”. U shundan so‘ng kameraga dastlabki Oy manzarasini suratga oldi va Oy tuprog‘idan 1 kg namuna oldi. Bu namuna har ehtimolga qarshi olingan edi, chunki har daqiqada xavf-xatar tufayli Oyni tark etish ehtimoli mavjud edi.
O‘n besh daqiqadan so‘ng unga Oldring ham qo‘shildi. Astronavtlar qo‘nish joyiga AQSh bayrog‘ini o‘rnatishdi, seysmostansiya va lazer qaytargichini joylashtirdilar hamda Yerga olib ketish uchun 21,55 kg Oy tuprog‘i namunasi to‘plandi. Oy sirti taxminan bir santimetr qalinlikda qora kukunsimon modda bilan qoplangan ekan. U keyinchalik regolit (aslida bu termin 1897-yildan buyon geologlar tomonidan ishlatiladi) deb nomlandi. Oy changi urilishlardan osongina yuqoriga ko‘tarilib, skafandr va boshqa jismlar sirtiga yopishar edi, bu astronovtlarga ko‘pgina noqulayliklarni keltirib chiqarar edi. Oyda atmosferaning yo‘qligi oy landshaftiga o‘ziga xos kontrast berib turadi. Shuning uchun oy sirtida astronavtlar oyoq izlari aniq ko‘rinib turardi.
Astronavtlarning Oy sirtida bo‘lishi 2 soat 31 minut 40 sekundga cho‘zildi. Oy modulidan eng uzoq masofaga (60 m) Armstrong bordi, u Oy kraterini o‘rgandi. Modulga qaytishdan avval xotira marosimi bo‘lib o‘tdi. Modul yaqiniga “Apollon-1” emblemasi, halok bo‘lgan kosmonavtlar Gagarin, astronavtlar Grissom, Uayt va Chaffi esdalik medallari, tinchlik ramzi zaytunnnig oltindan yasalgan shoxi va AQShning to‘rt prezidenti hamda boshqa hukumatlarning rahbarlari yo‘llagan murojaatnomalar yozilgan kremniy disk solingan paket qoldirildi.
Kabinaga chiqib uning germetikligi tiklanganidan keyin astronavtlar shlyomlarini yechishdi, Yer bilan qisqa aloqa qilishib uxlashga yotishdi. Oldrin polda, Armstrong esa dvigatel chexoli ustida uxlashdi. Bu ularga hech qanday noqulaylik tug‘dirmadi, chunki Oyda tortishish kuchi Yerdagidan ko‘ra 6 barobar kamdir. Astronavtlar uyqudan uyg‘onishganidan so‘ng zudlik bilan startga shaylana boshladilar va Oy sirtiga qo‘nilganidan 21 soat 36 min 21 sek vaqt o‘tgach Oy modulining uchish dvigatellari yoqildi. Uch yarim soatdan so‘ng esa “Burgut va “Kolumbiya” modullari bir-biriga 30 m masofagacha yaqinlashdi. Kollinz qo‘lda mudullarni bir-biriga yaqinlashtirdi va ularni tutashtirdi hamda Armstrong va Oldringlarga skafandrlarni tozalash uchun changyutkich uzatdi.
Shundan so‘ng Armstrong va Oldrin jamoa moduliga kelishdi va u yerga oy gruntini olib borishdi, shuningdek kino va fotoplenkalar “Burgut”ning uchuvchi bosqichlari tashlab yuborildi. Kema Oyning teskari tomonida turgan 31 o‘ramida uning qadamli dvigateli ishga tushirildi va «Apollon-11» Yerga uchish traektoriyasiga o‘tdi.
Kemaning qaytishi 3 sutkadan kamroq vaqtga cho‘zildi. Uchishning oxirgi kuni, ya’ni 24-iyulda, qo‘nishdan oldin jamoa moduli xizmat modulidan ajratildi va oldinga o‘tmas burchak ostida burildi. Yer sirtidan 122 km balandlikda «Apollon-11» 11 km/s tezlik bilan atmosferaning qalin qatlamiga kirdi va havo bilan ishqalanishi hisobiga tormozlandi. Oradan 15 minut o‘tgach kema «Xornet» avia tashuvchidan 24 km uzoqlikdagi Tinch okeanining hisoblangan nuqtasiga siljidi. Bir necha minutdan keyin voqea joyiga vertolyot uchib keldi, havo qayiqlari va akvalanglangan odamlar tushurildi, ular pontonga jamoa modulini biriktirishdi, lyukni dezinfiksiyalash moddalari bilan qayta ishlov berishdi, uni ochib ekipajga biologik himoyalangan uchta skafandirni berishdi. Astronavtlar skafandrni kiyib, qayiqqa o‘tirishdi, keyin Kollinz kema lyukini yopdi. Ekipaj vertolyot bortiga ko‘tarilishdi va bir soatdan keyin avia tashuvchiga yetishdi, so‘ngra esa u yerga «Kolumbiya» modulini ham olib kelishdi. Vertolyotdan astronavtlar mobil karantinli furgonga kelishdi, chunki ular Oyga uchgandan boshlab, 21 kunlik karantinni o‘tkazishlari kerak edi.
«Apollon-11» ekipajini kutib olish uchun «Xornet»ga prezident Richard Nikson keldi, astronavtlarni muvafaqqiyatli qaytgani bilan tarbrikladi. Avia tashuvchi karantinli furgonni Pyorl-Xarbordagi bazaga olib bordi, u yerdan esa samolyotda astronavtlarni Xyustonga, u yerda karantinning qolgan qismini o‘tkazishlari uchun, Oy qabuli laboratoriyasiga olib kelishdi. Astronavtlarda ham, olib kelingan oy tuproqlarida ham yuqumli kasallik simptomlari aniqlanmadi, shuning uchun karantinni oldin rejalashtirilganidan bir kun oldin tugatishga qaror qilindi. Shu bilan «Apollon-11» missiyasi o‘z vazifasini muvafaqqiyatli yakunladi. «Apollon» dasturi bo‘yicha umumiy ekipaj soni 38 kishidan iborat bo‘lgan 15 ta kosmik kema uchirilgan, shundan 1969 – 72-yillarda «Apollon - 11, 12, 14, 15, 16 va 17» da 12 ta AQSh fuqarosi Oyga ko‘nishni amalga oshirgan.
«Apollon» dasturi to‘g‘risida gap ketganda, «fitna nazariya»si haqida eslatib o‘tish kerak, ya’ni amerikaliklar Oyga uchmagan, odamlari Oyga qunmagan, fotosuratlar, kino filmlar va Oyga tegishli boshqa materiallar AQSh hukumati tomonidan uyushtirilgan. Ko‘plab omillar keltiriladi, ularda fitna nazariyasi foydasiga ham, unga qarshi bo‘lganlarga ham (fitna nazariyasi tarafdoshlari AQShda hammasidan ko‘p!) dalillar yetarli.
Ammo shuni ta’kidlash kerakki, amerikalik astronavtlarning Oyga qo‘nganligini ularning asosiy raqobatchilari – rossiyalik mutaxassislar, shuningdek ochiq kosmosga birinchi bo‘lib chiqqan Aleksey Leonov ham tasdiqlashadi. Bundan tashqari, «Apollon» olib kelgan oy moddalarining namunalari, sovet kosmik apparatlari «Luna-16, -20 va -24» keltirgan moddalar bilan bir xil ekan. Fitna nazariyasining tarafdorlari va qarshilar o‘rtasidagi bahsga Oyga yangi odam uchirish yoki «Apollon» qo‘ngan joyga avtomatik lunoxod tushirish bilan yakuniy nuqtani qo‘yish mukin. Yakunda shuni aytish mumkinki, «Apollon» dasturi, shubhasiz, ulkan texnologik qadam bo‘ldi. Amerikaliklarning bu kosmik missiyalari qanchalik fanga foyda keltirdi, bu murakkab savol, muhokama hozirgi kungacha ham davom etmoqda. Biroq shubhasiz bu kosmik musobaqa insoniyat faoliyatining ko‘plab sohalarida o‘z aksini topdi, mutlaqo yangi texnologiyalar asrini boshlab berdi va insoniyat uchun yangi texnik imkoniyatlarni ochdi.
S.P.Ilyasov, Ch.T.Sherdanov